O‘zbekiston | 15:28 / 07.12.2021
25358
4 daqiqa o‘qiladi

Ayrim toifadagi bank kartalaridan ruxsatsiz pul yechib olinmoqda

Dekabr oyi boshlarida plastik kartalardan pul mablag‘larining to‘satdan va ruxsatsiz yechib olinish holatlari kuzatildi. Markaziy bank vakili bu JShShIR bilan bog‘liq ekanini aytdi. Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi qonun talabi buzilganini ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Dekabr oyi boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fuqarolar plastik kartalaridan pul yechib olingani borasida SMS'lar kelayotgani haqida postlar joylashtirdi.

Foydalanuvchilarning aksariyati pul mablag‘lari ularning anchadan beri foydalanilmayotgan yoki muddati o‘tgan plastik kartalaridan yechib olinganini ta'kidlashgan.

Foto: Bankers.uz

Markaziy bank mas'ulining Bankers.uz saytiga ma'lum qilishicha, bu holat amaldagi me'yoriy hujjat talablariga muvofiq, JShShIR raqamini aniqlash imkoni bo‘lmagan mijozlar kartasidagi mablag‘ “harakatsiz” hisobraqamga olingani bilan bog‘liq.

“Ipoteka bank” axborotiga ko‘ra, shaxsni tasdiqlovchi hujjatini yangilagan, biroq bu haqda bankni ogohlantirmagan mijozlarga tegishli kartalar va so‘nggi marta foydalanilganiga 1 yildan oshgan kartalardan pul yechib olingan, bu mablag‘lar harakatsiz hisobvaraqlarga o‘tkazib qo‘yilgan.

Xabarda aytilishicha, bu mablag‘lardan qayta foydalanish uchun mijoz karta ochilgan bank filialiga borishi va yangi bank kartasi ochishi yoki mablag‘ni o‘zi ko‘rsatgan boshqa kartaga o‘tkazib olish mumkin.

Agentlik munosabati

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi plastik karta mablag‘larining to‘satdan va ruxsatsiz yechib olingani haqidagi e'tirozlarga munosabat bildirdi.

Agentlikning qayd etishicha, bank faqat quyidagi holatlarda mijoz hisobraqamidan pul yechib olishi mumkin:

  • mijoz tegishli buyruq berganda (Fuqarolik kodeksi 783-moddasiga ko‘ra);
  • hisobvaraqdan pul mablag‘larini yechib olishga doir sud qarori bo‘lganda;
  • qonun hujjatlarida belgilangan yoxud bank va mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda.

Hisobvaraqdan mablag‘lar asossiz yechib olingan taqdirda bank mijozning talabiga ko‘ra darhol tegishli summani hisobraqamiga qaytarishi shart.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga muvofiq, bank asossiz yechib olingan summa bo‘yicha foizlar to‘lashi va yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi kerak.

Mijoz hisobraqamidagi pul mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilmagan yoki kechiktirilgan taqdirda ham bank xuddi shunday javobgarlikka tortiladi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ba'zi hollar bundan mustasno ekani aytilgan.

Bundan tashqari, bank bilan shartnoma mijoz talabiga binoan istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin (Fuqarolik kodeksining 788-moddasi).

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ko‘ra, dekabr oyi boshida sodir bo‘lgan holatda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun (6-moddasi) talablari buzilgan: ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste'molchiga zarur, o‘zi tomonidan o‘z vaqtida taqdim qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida ishonchli ma'lumotlar taqdim qilish (19-modda) va o‘z majburiyatini xizmat ko‘rsatish qoidalarida belgilangan muddatda, hajmda va sifatda bajarishi shart. Bunda shartnomada ko‘rsatilgan alohida istisnolar farq qilishi mumkin.

Agentlik o‘rganish natijalariga ko‘ra, batafsilroq ma'lumot berilishi haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid