O‘zbekiston | 10:57 / 03.07.2019
9999
6 daqiqa o‘qiladi

Namangan davlat universitetida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma «Tibbiyot» fakulteti tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Namangan davlat universiteti tarkibida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “Tibbiyot” fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Namangan davlat universiteti tarkibida Rossiya Federatsiyasining Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikdagi O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “Tibbiyot” fakultetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar fakultet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishni sifat jihatidan yaxshilash maqsadida yuqori malakali tibbiyot kadrlar tayyorlashni ta'minlash;

bo‘lajak tibbiyot mutaxassislarini o‘qitishni ularni davolash      amaliyotining aniq ko‘nikmalarini egallab olishi bilan birgalikda ta'minlash;

tibbiyot kadrlarida vatanparvar fuqaro tuyg‘ularini, yuksak professionalizm va ma'naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirgan holda ularni tayyorlash;

tibbiyot kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Vatanimizdagi va xorijdagi ilg‘or tajribalar asosida oliy tibbiyot ta'limi tizimini takomillashtirish;

tibbiyot sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlash, ta'lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, bo‘lg‘usi tibbiyot mutaxassislarining nazariy tayyorgarligini ular o‘rganayotgan amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘lagan holda olib borilishini ta'minlash;

Hamkor universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan integratsiyalashgan dasturlar asosida o‘zaro almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish;

ta'lim va ilmiy-amaliy sohalarda Hamkor universitetning yetakchi olimlarini, professor-o‘qituvchilarini fakultetning ta'lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga muntazam ravishda jalb etish;

professor-o‘qituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini yuksaltirishni Hamkor universitet bazasida ilmiy stajirovka va malaka oshirish mexanizmlari orqali amalga oshirish;

oliy ta'limning o‘zaro manfaatdor yo‘nalishlari bo‘yicha akademik mobillikni va parallel ta'lim olishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

Hamkor universitetning professor-o‘qituvchilarini ilmiy rahbarliklarida doktorlik dissertatsiya ishlarini tayyorlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

fakultet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda ta'limning asosiy yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan, Universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;

fakultetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida rus tilida, kunduzgi ta'lim shaklida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'limning davlat ta'lim standartlari talablari inobatga olingan holda universitetning Ural davlat tibbiyot universiteti bilan qo‘shma ta'lim dasturlari asosida amalga oshiriladi;

fakultetga abituriyentlarni talabalikka qabul qilish va fakultet bitiruvchilarining attestatsiyasi Hamkor universitetda belgilangan tartib, talablar va muddatlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

fakultetda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab qabul kvotasi Namangan viloyatidagi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, universitet va Hamkor universitet tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi;

fakultet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjati sifatida e'tirof etilgan, universitet hamda Hamkor universitet diplomlari beriladi;

fakultetda o‘qish uchun to‘lov-kontrakt miqdori universitet va Hamkor xorij universiteti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi;

fakultet talabalari mos ravishda ta'limning kamida 2 yil (4 ta semestr)ini Hamkor universitetda o‘qiydi hamda mazkur davrda o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar talabalar tomonidan o‘qitish joyida to‘lanadi;

fakultet shtat birliklarini shakllantirish (professor-o‘qituvchilar shtat birligidan tashqari) oliy ta'lim muassasalari fakultetlari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi;

fakultet faoliyatini moliyalashtirish talabalarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

fakultetda ta'lim oladigan talabalar tomonidan o‘qishni mazkur va respublikaning boshqa oliy ta'lim muassasalari ta'lim yo‘nalishlariga ko‘chirilishiga hamda tiklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Namangan viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining:

Namangan shahar, Go‘zal dahasi 14-uyda joylashgan Namangan 2-tibbiyot kollejining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga fakultetni joylashtirish uchun Namangan davlat universitetiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;

Namangan 2-tibbiyot kollejining o‘quvchilari 2019-2020 o‘quv yilini tugatgunga qadar yuqorida ko‘rsatilgan manzildagi binolarda belgilangan tartibda o‘quv jarayonini davom ettirishlari to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Mavzuga oid