Namangan viloyati Pop tumanida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Namangan viloyati IIB JXX YHXB hamda Pop tumani IIB rahbarlari tomonidan tumandagi Navro‘z mahallasida sodir etilgan YTH mahalla mas’ullari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingan.

Muhokama yig‘ilishida Navro‘z mahallasida yuzaga kelgan ayanchli YTH ikki insonning o‘limiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Ushbu hodisaga yetaklagan omillar muhokama qilinib, barchani hushyorlikka chaqirish uchun og‘ir oqibatli avtohalokatlar to‘g‘risida tayyorlangan maxsus film yig‘ilganlarga namoyish etilgan.

Ushbu YTH haqida ma’lumot olish uchun viloyat IIB YHXB axborot xizmatiga qilgan murojaatimiz javobsiz qoldi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 5 oktyabr kunidan boshlab IIV YHXBB tomonidan respublika hududi bo‘ylab "Barcha yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa piyodalar bilan bog‘liq avariyalarning oldini olish profilaktikasi" oyligi o‘tkazilmoqda.

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda YHXB xodimlarining oylik doirasida jonbozlik bilan ishlayotgani tinimsiz aytilayotgan va ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, biroq 5 oktyabrdan buyon YTH yoki qoidabuzarliklar kamaygani sezilmayapti va odamlarning qurbon bo‘lishi davom etyapti.

Masalan:

5 oktyabr. Samarqand viloyatida Damas mashinasi yo‘lning belgilanmagan joyidan yugurib chiqqan ayolni urib yuborgan. Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan ayol shifoxonada vafot etgan.

7 oktyabr. Olmaliqda Nexia mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 50 yoshli fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda piyoda voqea joyida halok bo‘lgan.