O‘zbekiston | 10:09 / 16.03.2023
10125
9 daqiqa o‘qiladi

Havo, oziq-ovqat va hasharotlarga allergiya: buni oldindan bilsa bo‘ladimi?

Ekologik muammolar sabab tobora ko‘proq kishilarda allergiya xuruj qilib qolyapti. Bahor va kuz oylarida esa mavsumiy allergiyalar boshlanadi. Bundan tashqari, turli hasharot va oziq–ovqat mahsulotlari ham inson immun tizimida o‘ta to‘lqinli reaksiya keltirib chiqarishi mumkin.

Foto: Shutterstock

Allergiyani oldindan bilsa bo‘ladimi?

Hozirgacha dunyoda biror tibbiyotda allergiyani oldindan aytib berish usuli yo‘q. U istalgan narsaga nisbatan paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, ovqatlar, o‘simlik changi, uy hayvonlarining so‘lagi va yungi, hasharotlar chaqishi, uy changi va mog‘ori, maishiy texnika, kosmetika vositalari, lateks — bularning istalgan biri inson immun tizimida o‘ta to‘lqinli reaksiya keltirib chiqaradi. Allergiya har qanday insonda paydo bo‘lishi mumkin. Olimlar aynan qaysi mexanizmlar immunitetda ushbu sirli ko‘rinishdagi nosozliklar keltirib chiqarishini hanuz aniqlaganlari yo‘q. Bu shuni anglatadiki, dunyoda allergiyadan to‘liq himoyalangan insonning o‘zi yo‘q. Hozir bahor oyi bo‘lgani sabab daraxtlar gullashi, o‘simliklardan ajraladigan chang zarralari immun tizimi zaiflashgan kishilarda allergiyaga moyillikni yuzaga keltirishi mumkin.

Bahoriy allergiya belgilari

Bahor oyida allergiyaning paydo bo‘lishi va belgilari haqida Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Roziqova ma’lumot berdi.

Shifokorga ko‘ra, mavsumiy allergiya asosan 20 mikrometrdan 50 mikrometrgacha bo‘lgan o‘simlik changchalari tufayli paydo bo‘ladi va tibbiyotda pollinoz deb ataladi. U asosan burun shilliq pardalari, yuqori nafas yo‘llari hamda ko‘z konyunktivasiga ta’sir ko‘rsatadi.

Bu turdagi xastalikni uch davrga bo‘lish mumkin.

  • Ilk bosqich mart oyi boshidan may oyi o‘rtasigacha davom etadi. Ya’ni daraxtlar gullagan paytda bemorlarda xastalik qo‘zg‘aladi.
  • Ikkinchi bosqich may oyidan iyul oxiri va avgust boshigacha kuzatiladi. Bu mavsumda dala o‘tlari gullaydi.
  • Uchinchi bosqich boshoqli o‘simliklar gulga kirishi bilan bog‘liq bo‘lib, u avgust oyidan noyabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

Aslida inson allergen bilan to‘qnashganda, allergik reaksiya darhol yuzaga kelmaydi. Immun tizimi asta-sekin moddaga nisbatan sezgirlikni oshiradi. Vaqt o‘tib, tana o‘ziga xos yuqori reaksiyaga ega bo‘lib, bu jarayon sensibilizatsiya deb ataladi.

Bahorgi allergiya ko‘pincha aksirish, burunning bitishi, qichishishi yoki ko‘p miqdorda oqishi, ko‘zlarning shishishi, yoshlanishi va ba’zan yo‘tal bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, teri ko‘chishi, qichishish, quruqlashish, qizarish va undagi qizg‘ish toshmalar ham allergiyaga oid belgilardir.

Tuxum, baliq va soya

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 1,1 foizidan 10,8 foizigacha bo‘lgan qismida ovqatga allergiya kuzatiladi. Mahsulotlar orasida esa faqat tuz va shakargina allergiya qo‘zg‘atmaydi. Qolgan har qanday mahsulot ma’lum darajada allergiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Shifokor Roziqova tovuq tuxumi keng tarqalgan allergenlar ekanini aytadi. U bolalarda uchraydigan oziq-ovqat allergiyasining sababchilaridan biri hisoblanadi. Chunki uning tarkibida proteinlar, suv, yog‘ va oqsillar mavjud.

  • Ba’zilar tuxum oqini bemalol iste’mol qiladi-yu, sarig‘ini ko‘tara olmaydi yoki aksincha. Bunday kishilarda boshqa parranda tuxumlari ham bir xil reaksiya paydo qiladi. Tuxumga allergiyasi bor kishilarning aksariyatida tovuq katagi yoki parranda fermasi hidiga allergiya holati kuzatiladi.
  •  Baliq — kuchli antigen. Bu mahsulotga allergiyasi bor kishilar hayotiga uni tayyorlash jarayonida taraladigan hid ham xavf tug‘dirishi ehtimoli bor.
  • Bug‘doy va soya ham ba’zida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, dukkakli o‘simliklardan olinadigan soya mahsulotiga allergiyasi bor bemorlarda ko‘pincha sigir sutiga ham allergik reaksiya kuzatiladi.
  • Tsitrus mevalar, qulupnay, yertut, yong‘oqlar ayniqsa yeryong‘oq ko‘proq allergiya qo‘zg‘aydi. Yong‘oqqa allergiyasi bo‘lganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham ta’sirchan bo‘ladi.
  • Shokolad, kakao, javdar, jo‘xori, guruch, arpa kabi mahsulotlar esa kuchsiz antigen xususiyatga ega bo‘lib, jiddiy asoratlarni keltirib chiqarmaydi.

Oziq-ovqat allergiyasining namoyon bo‘lishi

Roziqovaning ma’lumot berishicha, ovqatga allergiya odatda taomlangandan bir necha daqiqadan ikki soatgacha rivojlanadi. Simptomlar bemorning yoshi va immuniteti holatiga bog‘liq. Asosiy alomatlar esa terida toshma, qichishish, shish yoki aksirish bilan namoyon bo‘ladi.

Og‘iz bo‘shlig‘ida esa shilliq pardaning shishishi, allergik rinit, ya’ni burun bitishi, aksirish va burundan suv kelishi, yo‘tal, nafas qisishi, ko‘zlarning yoshlanishi va qizarishi, ko‘ngil aynishi kuzatilishi mumkin. Ba’zan bu turdagi allergiya belgilariga ko‘ngil aynishi va qayt qilish, ich ketishi, qorin sohasidagi og‘riqlar ham xos.

Allergiya mahali odatda toshma — eshakemi ko‘rinishida paydo bo‘lib, qattiq o‘zakli qizil tusli toshma, shish va qichishish bilan kechadi.

Emizikli bolalarda ovqat allergiyasi atopik dermatit sabab qator qo‘shimcha alomatlarga ega. Masalan, teri qurishqoqligi, bolaning anal sohasida emizgandan keyin kuchayadigan qizarish shular sirasidan.

Ba’zi odamlarda oziq-ovqat allergiyasi jiddiy alomatlar — bronxial obstruksiya, ko‘krak qafasidagi siqilish, nafas olishning qiyinlashishi, qon bosimining keskin pasayishi, bosh aylanishi yoki hushni yo‘qotish kabi hayot uchun xavfli alomatlar bilan kechishi mumkin.

“Umuman, allergiyaning tabiiy davo usuli, avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishdir. Bemor allergen chaqiruvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan tiyilishi va voz kechishi lozim”, – deydi shifokor Ilmira Roziqova.

Hasharotlarga allergiya

Kishi organizmiga suvaraklar, gijjalar tushganda va chumolilar chaqqan paytlarda ham allergik reaksiyalar kuzatiladi.

  • Allergik reaksiyalar ko‘pincha sariq chumolilar chaqishidan yuzaga keladi: bitta chumoli chaqqanda qavarchiqlar va angionevrotik shish paydo bo‘ladi. Ular tez sodir boladigan, sekin-asta sodir bo‘ladigan va kechki reaksiyalar tipida rivojlanishi mumkin. Bir necha chumolining birdaniga chaqishi bronxial astma xuruji va hatto anafilaktik shokni keltirib chiqarishi mumkin.
  • Qon so‘ruvchi hasharotlar (chivinlar, kanalar, burgalar) chaqqanda kishi organizmiga hasharot so‘lagi tushadi. Uning tarkibida esa zaharli moddalar bilan bir qatorda allergik reaksiyalarni keltirib chiqaruvchi moddalar ham bor.
  • Uy pashshalari ham Ye immunoglobulini bilan bog‘liq allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
  • Suvaraklarga nisbatan allergik reaksiyalar ko‘pincha allergik dermatozlar, qavarchiqlar, rinitlar, bronxial astma ko‘rinishida yuzaga keladi. Suvarak allergenlari uy changida bo‘lishi va nafas yo‘llarining allergik kasalliklari rivojlanishiga turtki bo‘ladi. 
  • Allergenlarning manbai bu — nobud bo‘lgan suvaraklar tana qismlari, so‘lagi, axlati bo‘lishi ham mumkin.

Allergiya uchun test

Har qanday allergiya turida allergolog mutaxassisga murojaat qilish lozim. Chunki o‘zboshimchalik bilan davolanish allergiyani kuchaytirishi yoki boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Roziqova bemorda kuzatilayotgan simptomlar allergiya belgisi ekanligini maxsus qon tahlili yordamida aniqlash lozimligini aytadi. Bunday testlardan biri – IgE testi hisoblanadi.O‘z navbatida, uning umumiy va maxsus turlari mavjud. Masalan, umumiy IgE bemorda allergiya bor yoki yo‘qligini ko‘rsatsa, maxsus IgE testi orqali aynan nimalarga allergiya mavjudligini aniqlasa bo‘ladi.

“Bunday tekshiruv uchun hozir markazimizda yuqori tezlikka ega va bir vaqtning o‘zida 200dan ortiq turdagi allergenlarni aniqlay oladigan avtomat immunoferment analizatori — “Alisei” qurilmasidan foydalanilmoqda”, – deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori.

Tahlil javoblari chiqqach, natijalarga ko‘ra, muolajalar belgilanadi. Umuman, allergik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolashda ratsional ovqatlanish tartibi, sog‘lom turmush tarziga rioya etish muhim. Immunitetni mustahkamlash esa allergiya xurujidan himoyalanishning eng samarali usulidir.

Mavzuga oid