20:54 / 23.01.2024
10074

“Orqasida amaldorlar turgan bo‘ladi” - Kusherbayev tabiatni pullayotgan tadbirkorlar haqida 

O‘zbekistonning ayrim daryolari biznes uchun tekin resursga aylanib qolgan. O‘zanlar betartib kovlab tashlangan, joylarda suv sathi dahshatli darajada kamayib ketgan. Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayevning aytishicha, agar bu jarayon to‘xtatilmasa, ba’zi shaharlar aholisi ichimlik suvsiz qolishi mumkin. 

Daryo o‘zanlarida noqonuniy qazilma ishlari olib borilgani, joylardagi betartib tozalanishlar sabab tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazildi. Holatlar ortidan jami 58 ta jinoyat ishi ochildi. Achinarlisi, joylardagi bu daryolar nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki odamlarni ichimlik suv bilan ta’minlovchi asosiy manbalardan hisoblanadi.  

Xususan, Chirchiq daryosi o‘zanida yuzaga kelgan tang ekologik ahvol tufayli hozirda shahar aholisining ichimlik suvsiz qolish xavfi ham bor. 1 maydan ayrim daryo o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadigan bo‘ldi. Bu kuni kecha qabul qilingan prezidentning tegishli farmoni bilan mustahkamlandi. Lekin ko‘p vaziyatlarda moratoriyga ham qarab o‘tirmasdan huquqbuzarliklar sodir bo‘layotganini ham ko‘ryapmiz.

Xo‘sh, endilikda allaqachon yirik mafiyalarning qo‘liga o‘tib bo‘lgan qum-shag‘al qazib olinishi qanday nazorat qilinadi? Farmon bilan yana nimalar amalga oshirilishi kutilmoqda? Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayev shu savollarimizga javob berdi. 

“Chirchiq daryosi biznes obekti sifatida ko‘rildi” 

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlari, asosiy shaharlarida ko‘pgina noruda materiallari, qurilishda ishlatiladigan resurslarni daryodan olmaydi, tog‘-toshlardan maydalab olishadi. Lekin bizning O‘zbekiston sharoitida osongina yo‘li, daryoning shag‘alini olib sotish bilan shug‘ullanilgan. Buning asosiy niqobi sifatida daryo suvi yuradigan yo‘llarni ochish degan bahona bo‘lgan, lekin amaliyot ko‘rsatdiki, bu o‘zini oqlamadi. Bu yerni biznes obekti sifatida ko‘rish bo‘ldi. 

Daryoning har taraflari betartib kovlab tashlanishi oqibatida daryo o‘zanlari o‘zgarib ketdi, suv sathi pasayib ketgan. Bu birinchidan poytaxt va Toshkent viloyati aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash masalasini xavf ostiga qo‘yadi. Ikkinchidan, bu atrofdagi flora-fauna yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Bunday holat Samarqanddagi Zarafshon daryosi bilan ham sodir bo‘lgan. Daryo sathi bir necha metrga, ayrim vaqtlarda 7 metrgacha tushib ketgan. Daryoning atrofidagi tabiiy o‘rmonzorlar qurishni boshlagan. Bu ham aholining ichimlik suvsiz qolishiga olib keladi. 

O‘tgan yildan [2023 yildan] boshlab vazirlikning ishchi guruhi tomonidan mana shu daryolar o‘rganildi. Va birinchi navbatda bu yerdan qum-shag‘al olib chiqib ketish, qazib olish amaliyotini to‘xtatishimiz kerak degan qarorga keldik. Ochig‘i, bu hujjatni boshqa vazirlik, idoralardan o‘tkazish oson bo‘lmadi. To‘g‘risini aytganda, bugungi kunda qum-shag‘al sohasi, bu bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik shunaqangi chuqur ildiz olib ketganki, bunga qarshi kurashish, [tabiatni] ulardan asrab qolish masalasi ham qiyin bo‘ladi, bosimlar bo‘ladi. Lekin quvonarli tomoni davlatimiz rahbari buni to‘g‘ri tushunib yetdi va moratoriy e’lon qilish haqida farmonni e’lon qildi. 

Endi bu daryolarning bo‘yida qum-shag‘al qazib olish, olib ketish ishlari to‘xtatiladi. Shu bilan birga, bu daryoning bo‘ylariga qurilish yoki boshqa turdagi chiqindilarni tashlash mumkin emas. Lekin shu vaqtgacha kirib-chiqadigan texnikalarni to‘xtatishning imkoni bo‘lmagan. Ularni shag‘al olib chiqib ketish bahonasida ham kirib, kirganda chiqindini tashlab, ketishda shag‘al olish bilan shug‘ullanganlari bo‘ldi. Mana endi mana shu farmon bilan moratoriy bahonasida umuman yuk mashinalarining kirib-chiqishi to‘xtatiladi. Shu bilan birga, daryo hududlarini chiqindidan muhofaza qilish imkoniyati ham bo‘ladi. 

“Ekologiyaning oldida mas’uliyatsizlik masalasi juda kuchli” 

Nima uchun O‘zbekiston sharoitida dengiz, daryolarning bo‘ylariga mana shunday qurilish chiqindilari ko‘p tashlanyapti? Chiqindini olib kelib tashlayotgan odam tashlashga ruxsat bergan odamga pul to‘laydi. Oddiy tushuntirganda, mana menga biriktirilgan yer deb hisoblaydigan bo‘lsam, avvalo uni davlat boshqa maqsadda beryapti, lekin olib kirib pul ishlashning yo‘lini qilishyapti. Bizda eng yomoni mana shu daryo bo‘ylaridan foydalanishyapti. Ko‘ryapsizmi, hamma yoq chiqindi, endi bular necha yil davomida yig‘ilgan, xudo biladi. 

Transport kelgan vaqtda [chiqindini] tashlab ketganiga pul to‘laydi. Quruq yerga chiqindi tashlash pul ishlashning yo‘li bo‘lib qoldi. [Joylarga chiqindi tashlash bilan tabiatga qancha zarar yetkazilgani bo‘yicha] uning aniq hisob-kitobini bilmaymiz. Masalan, men aniq aytaman. O‘tgan yili bitta holat noqonuniy shag‘al o‘g‘irlaganlarni ushlaganimizda o‘rtacha tabiatga yetkazgan zarari 40 mlrd so‘m atrofida edi. Bu Toshkent viloyatidagi bitta holat edi. Endi bunday holatlar minglab kerak bo‘lsa, chiqadi, yillar davomida ko‘tarsangiz, juda katta miqdorda chiqadi. Umuman bizda tabiatga zarar yetkazish orqali pul ishlash biznes darajasigacha chiqib ketgan. Eng yomoni ular o‘z-o‘zidan qilmaydi buni, yuqori martabali amaldorlarning yordami bilan qiladi. Ya’ni ekologiya oldida mas’uliyatsizlik masalasi juda kuchli. 

Ba’zi holatlarda bo‘ladiki, ekologlarning, nazoratchilarning o‘zidan tabiatni himoya qilishga to‘g‘ri keladi. Mana shu quruvchilarning o‘zi bilan borib gaplashsangiz, men falonchiman, falonchi firma rahbariman deydi. Lekin tagini surishtirsangiz orqasidan katta amaldor kelib chiqadi. 

Daryo bo‘ylari chiqindilardan qanday tozalanadi? 

Boshqa daryolardan farqli ravishda Chirchiq daryosini 2030 yilgacha reabilitatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi va [Ekologiya] vazirlik bu ishga mas’ul. Dasturda Chirchiq daryosining boshlanishidan to oxirigacha qismida qayerda nima qilish qilish kerak bu masofama-masofa – hammasi ko‘rsatiladi. Qayerni chiqindidan tozalash kerak, qayerining qirg‘og‘ini mustahkamlash kerak, qayerida o‘simlik, fauna dunyosini saqlab qolish kerak – shuning hammasi qadamma-qadam bittalab ko‘riladi. 

Har bir joyning xususiyatidan kelib chiqib, [ishlarni amalga oshiramiz]. Dastur to‘la-to‘kis amalda ishlab ketadigan bo‘lsa, 2030 yilgacha Chirchiq daryosi to‘liq reabilitatsiya qilingan holda oz bo‘lsa-da, o‘zining ilgarigi holatiga qaytsa kerak deb umidimiz bor. 

“Bundan buyon tozalash ishlariga tadbirkorlar jalb qilinmaydi” 

Amaliyotda tadbirkorlik sub’yektlarini shu tozalash ishlariga jalb qilamiz degan bahonada ular tozalab beradi degan nuqtai nazarda qarashadi. Lekin ular tozalashdan ko‘ra, ko‘proq qum-shag‘allarni sotish bilan band bo‘ldi. Qo‘pol aytganda, bu ko‘zbo‘yamachilik bo‘ladi. Lekin “Xavfsiz daryo” DUK korxonasini unikal tashkilot sifatida bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Chunki haqiqatan ba’zi uchastkalarda daryo yig‘ilib qoladi, uni tozalaydigan joylari bo‘ladi. Endi bundan buyon “Xavfsiz daryo” tozalab, ishlarni o‘sha joyning o‘zida amalga oshiradi va qoldiradi. Ya’ni tozalab olingan shag‘al, qumlar olib chiqib ketilmaydi. O‘zining qirg‘oq bo‘ylarini mustahkamlashga qoldiriladi. Shu amaliyotga o‘tilmoqchi. 

Lekin qiynab kelgan narsa nima edi? Bir vaqtning o‘zida daryoning ichidan [materiallarni] qazib olish bilan shug‘ullanayotganlarning bir qismi “Xavfsiz daryo” DUK tayyorlab bergan uchastkalar bo‘yicha auksiondan yutib olgan tadbirkorlar bor edi, ikkinchisi hech qanday auksionsiz, tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ba’zi komissiyalarning protokollari asosida uchastkalarni olgan tadbirkorlar bor edi, uchinchisi Geologiya vazirligi tomonidan 5-10 yilga litsenziya olgan tadbirkorlar bor – mana shu 3 ta. Bulardan ba’zilarining faoliyatini tekshirishga hozir ham bizda vakolat bor, litsenziya talablari doirasidagisini ham Geologiya vazirligi bilan kelishgan holda o‘rganish mumkin. Eng qiynayotgani to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma olib ishlayotganlari-da. Ularning ham texnik shartlari bor, lekin uni to‘g‘ri maqsadda ishlatadigan odam olganmi yoki yo‘q, bunga aralasholmas edik. Ana endi ayrim holatlarda tadbirkorning hududiga borib, noqonuniy daraxt kesayotgani, daryo bo‘yiga chiqindi tashlayotgani yoki ortiqcha qum-shag‘al olib chiqib ketyaptimi, [nazorat qila olamiz]. Uni [hujjatni ishlab chiqishning] tartiblarini qilguncha ham vaqt ketayotgandi. Agar to‘g‘ri kirib boradigan bo‘lsangiz, shikoyat qiladi, tadbirkorman deydi. 

Yaxshi tomoni shuki, endi bular [daryo o‘zanlarida tadbirkorlar faoliyati] to‘liq to‘xtaydi, daryo to‘liq xalqning, davlatning o‘ziga qaytarildi. Endi bundan keyin tadbirkor yoki boshqa qo‘llarda qolib ketmaydi. Va endi ekologiya xodimlari ham hech qanday cheklovsiz, to‘g‘ri borib, daryolar muhofazasini amalga oshiraveradi. 

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi,
Tasvirchilar Abduqodir To‘lqinov, Javohir G‘ayratov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid
Top