«Ijtimoiy binolarga ham hujum qilingan» - Kun.uz muxbiri Nukusdagi vaziyat haqida
Nukusda namoyishchilar tomonidan ijtimoiy binolarga ham hujum qilingan, ayni vaqtda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston voqealari bilan bog‘liq vaziyatni yoritish maqsadida Nukusga yetib borgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz
Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahridagi vaziyat to‘g‘risida ma’lumot berdi.
«Bu yerda favqulodda holat rejimi amalda. Ko‘chada ko‘plab harbiylarni ko‘rish mumkin. Ichki ishlar xodimlari ham ko‘p. Ayrim joylarda blokpostlar o‘rnatilgan, ayrim fuqarolar pasport rejimida tekshirib ko‘rilmoqda.
Ko‘chalarda bir necha o‘n nuqtada avtomobil ballonlari yoqilgan, shuningdek bitta katta yuk mashinasi yoqib yuborilgan», deya xabar beradi muxbir.
Muxbir ayni vaqtda tarqalayotgan videolar 1-2 iyul kuni olingan tasvirlar ekanini, bu kunlardagi namoyishlar vaqtida ijtimoiy binolarga ham hujum qilinganini, ayni vaqtda shaharda hech qanday tartibsizliklar yo‘qligini ta’kidlagan.
«Bir necha odam bilan gaplashdim. Prezident Mirziyoyev kelib, faollar, ovulboshilar, ziyolilar va rasmiylar bilan gaplashganida, Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga aloqador 70-75-moddalarda o‘zgarish bo‘lmasligini aytganidan keyin vaziyat chindan o‘zgargan.
Hozir hech qanaqa norozilik namoyishlari, ko‘cha yurishlari yo‘q. Nukus ko‘chalari tinch. To‘g‘ri, harbiylar bor, favqulodda holat rejimi ekani seziladi. Lekin vaziyat tinch.
Odamlar velosipedda o‘z yumushi bilan yo‘lda yuribdi, do‘konlardan bozorlik qilib uyiga qaytyapti. Vaziyat tinch, lekin xavotirli nigohlarni ham sezish mumkin. Ikki kunlik namoyishlardan keyin odamlar o‘ziga kelishi oson emas. Ruhiy ta’siri bor, baribir.
Odamlar bilan gaplashyapmiz. Ularning aytishicha, kecha, undan oldingi kuni fuqarolar va harbiylar o‘rtasida kelishmovchiliklar, kichik-kichik to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Bu kecha va undan oldingi kungi voqealar. Bugun esa vaziyat tinch. Bunaqa namoyishlar bo‘layotgani yo‘q.
Men bilan gaplashishga rozi bo‘lgan yo‘lovchilardan biri tinch aholi bunday janjal-to‘polonlar bo‘lishini istamasligini aytdi. «Biz o‘zbek bilan qoraqalpoqlar bir xalqmiz. Shuncha vaqt tinch yashab keldik. Bilmayman, bular qayerdan boshlanib ketdi», degan gaplarni aytyapti.
Umuman olganda, tinch aholi bunaqa holat, urush-janjal bo‘lishini xohlamaydi. Ular tinch yashab kelgan, bundan keyin ham tinch yashashni xohlashadi», deya xabar beradi Nukusdan muxbir.
Tavsiya etamiz
Karmanada maktab o‘quvchisi oliygohga kirish uchun muddatidan avval maksimal ballni to‘pladi
Jamiyat | 20:18 / 27.03.2025
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi?
O‘zbekiston | 18:04 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
Mavzuga oid

19:40 / 14.03.2025
Nukusda propan gaz tashuvchi yuk mashinasi ag‘darilib ketdi

18:14 / 28.02.2025
Nukusdan Qozog‘istonga yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

08:00 / 18.02.2025
Nukus ko‘chasida Lacetti va Malibu-2 o‘zaro to‘qnashdi

22:18 / 05.02.2025