O‘zbekiston | 12:45 / 18.03.2022
7201
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot oliygohlari talabalariga shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi

Tibbiyot sohasida bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura ta’lim tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Foto: The Kiev Times

Qayd etilishicha, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5–6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi.

Bu orqali, har yili 7 mingga yaqin talaba munosib ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi. Amaliyot davrida yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilgan talabalarga, o‘qishni boshqa turdosh  mutaxassisliklar bo‘yicha davom ettirishga ruxsat beriladi. 

“Yana bir muhim masala – xorijdan nufuzli mutaxassislar jalb qilinib, tibbiyot sohasida malaka oshirish tizimi mutlaqo yangi yondashuvlar asosida to‘liq o‘zgaradi.

Bunda, 11 ta tibbiyot oliygohida malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetlari, 23 ta ixtisoslashgan markazlarda maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, yirik va nufuzli xususiy shifoxonalarda tibbiyot oliygohlarining klinik bazalari tashkil etilib, ularga ham shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga ruxsat beriladi”, dedi davlat rahbari.

Shifokorlarning malaka toifasini olish muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda, toifasiz xodimlarga talab etiladigan ish stajlari 5 yildan 3 yilga, birinchi toifaga – 7 yildan 5 yilga, oliy toifaga – 10 yildan 7 yilga qisqaradi.

Mavzuga oid