20:27 / 25.02.2023
32014

«Bunday ofatga ilk bor duch keldik» - Turkiyadan qaytgan qutqaruvchilar

Turkiyaga yuborilgan o‘zbekistonlik qutqaruvchilar 18 kunlik qutqaruv-qidiruv operatsiyasini yakunlab, Toshkentga qaytdi. Kun.uz vayronalar orasida 2 hafta murakkab qidiruvda qatnashgan qutqaruvchilar bilan suhbatda bo‘ldi.

«Yuragimda qolgan hodisa — ofatdan 10 kun o‘tib ham tirik odamlarni topdik, bu — mo‘jiza-ku?» deydi bir qutqaruvchi.

«Meksika, Qirg‘iziston va Turkiya qutqaruv xodimlari bilan xizmat olib bordik. U yerda bir-birimizning tilimizni tushunmaymiz. Maqsadimiz bitta — jabrlanganlarni olib chiqish bo‘lgani uchun bir-birimizni tushunib ishladik», — deydi ularning yana biri.

Turkiyaning janubiy-sharqiy viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzilalarda qutqaruv ishlarini olib borish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 nafardan iborat qidiruv-qutqaruv guruhi tabiiy ofat hududiga yuborilgandi.

O‘zbekistonlik qutqaruvchilar Hatay viloyatining ma’muriy markazi yaqinidagi Ovakent va Jumabozor shaharlarida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bordi. Ikki haftalik qutqaruv operatsiyasi davomida otryadlar binolar vayronalari ostidan 18 nafar tirik odam va 190 dan ortiq jasadni olib chiqdi.

25 fevral kuni qutqaruv guruhi Toshkentga qaytdi. Kun.uz bilan suhbatda ular zilzila hududlaridagi operatsiya chog‘idagi voqealar va o‘z kechinmalarini gapirib berdi.

«Qidiruv-qutqaruv ishlari juda murakkab va o‘ziga xos edi. U yerdagi har bir bino 90 foiz avariya holatiga kelgan, ustunlar yemirilgan, qulash ehtimoli juda katta binolarda ishladik. Har xil vaziyatlarda qutqaruv ishlari olib borildi. Maxsus texnikalarda va texnikalar kirolmaydigan joylarda o‘zimizning qo‘l asboblarimiz va maxsus agregatlarimiz bilan tunnel qazish yo‘llari bilan qidirish-qutqarish ishlarini olib bordik», — deydi guruh komandiri Aybek Aytaliyev.

U yuztacha bemor va shifokor qolib ketgan shifoxonada qutqaruv ishlari olib borganini shunday eslaydi.

«Meksika, Qirg‘iziston va Turkiya qutqaruv xodimlari bilan xizmat olib bordik. U yerda bir-birimizning tilimizni tushunmaymiz. Maqsadimiz bitta — jabrlanganlarni olib chiqish bo‘lgani uchun bir-birimizni tushunib ishladik».

Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus texnikasi va kinologiya brigadalari jalb qilingan.

FVV kinolog qutqaruvchisi Ubaydullo Ro‘zmetov 3 yoshli Baron laqabli qutqaruvchi iti 3 insonni vayronalar ostidan topgani haqida gapirdi.

«Bunday talafotni birinchi ko‘rishimiz, birinchi borganimizda vaziyat og‘ir edi. Yiqilmagan binolar deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi. Vayronaga aylangan, ag‘darilib ketgan va ularning tagida qolgan odamlarni ko‘rib achinish hissini tuydim» — deya qo‘shimcha qildi u.

Oddiy askar Temur Uskinbayev 84 yoshli otaxonning jasadini vayronalar ostidan olib chiqqan.

«U 6 oy oldin Umra safariga borib kelgan ekan. Uyida, o‘z xonasida yotog‘ining oldida rasmini ko‘rib qoldim. [Umraga borganini] qarindoshlari aytib qoldi. Shu insonni o‘z qo‘lim bilan ko‘tarib olib chiqdim», — deydi Temur.

«24 soat davomida tinimsiz ish olib bordik. Yuragimda qolgan hodisa — 10 kun o‘tib 2 ta odamni tirik olib chiqdik. Bittasi — 60, yana biri — 62 yosh. 10 kundan keyin vayronalar ostida tirik qolgan: Xudo rizqini tugatmagan ekanki, tirik chiqib kelishdi. farzandlari qanchalik xursand bo‘ldi, ular yana hayotga qaytishdi, bu — mo‘jiza-ku», — deydi yana bir qutqaruvchi askar Bobur Muhiddinov. 

Qutqaruvchilarning aytishicha, operatsiya davomida bir nafar tirik odamni olib chiqishga 12 soat sarflangan.  

O‘zbekistonlik qutqaruvchilar ishlagan Xatay viloyatida hozir xarobalarda qutqarish ishlari tugagan. 

«Olib chiqib bo‘lmaydigan darajadagi jasadlarni ham olib chiqdik. Hozir u yerda qidiruv-qutqaruv ishlari tugatildi», — deydi Temur Uskinbayev.

Qutqaruvchilar ularni Turkiya xalqi o‘z qahramonlarini kuzatgandek kuzatib qo‘yishganini aytishadi.

«Shu kasbni egallaganimdan faxrlanaman», — deydi Aybek Aytaliyev.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar jurnalistlar bilan suhbatda O‘zbekiston xalqidan minnatdorligini aytdi. 

«Bugun biz uchun juda ahamiyatli kun — Turkiyada qidiruv-qutqaruv jamoasi o‘z ishini yakunlab, O‘zbekistonga qaytib keldi. Biz ularni minnatdorchilik bilan kutib oldik, chunki o‘z jonlarini xatarga qo‘yib, yordam qo‘llarini cho‘zdilar. Nafaqat qidiruv-qutqaruv jamoasi yuborildi, balki gumanitar yordam yuborish aksiyasi ham boshlab yuborilgan. Bu muhtaram Prezident Mirziyoyev topshirig‘iga binoan amalga oshirilyapti. Sizga ham ma’lum bo‘lganidek, ushbu qidiruv-qutqaruv jamoasi 18 insonning hayotini saqlab qolib, vayronalar ostidan olib chiqdi. Vayronalar orasida biz bilan barobar ishladilar. Yordam yuborildi, yuborilyapti va yuboriladi. Bu qardoshligimiz naqadar kuchliligining ko‘rsatkichlaridan deb hisoblayman. 

Chin qardosh ham yaxshi, ham yomon kunda yoningda turguvchidir. Fursatdan foydalanib sizning huzuringizda O‘zbekiston hukumati, muhtaram prezident Mirziyoyevga, O‘zbekiston xalqiga, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirligiga o‘z minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman. Katta rahmat», — dedi elchi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston tabiiy ofat zonasiga 6 partiya gumanitar yuk ham jo‘natdi — bular dori-darmon, ko‘rpa-to‘shak, chodir va boshqa zarur mahsulotlar. 

8 fevral kuni Mudofaa vazirligi harbiy shifokorlari maxsus bort bilan Hatay viloyatiga jo‘natildi, ularning vazifasi mahalliy aholiga yordam ko‘rsatish maqsadida harbiy dala gospitalini joylashtirishdan iborat edi.

Shuningdek, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zbekistonlik qutqaruvchilar joylashgan lagerga bordi.

Madina Ochilova,
Abdusalim Abduvohidov.
Kun.uz

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top