09:00 / 26.02.2021
20572

Shahar onkologiya markazi mansabdorlari korrupsiyada ayblandi. Qarshi taraf bu tuhmat ekanini aytmoqda

Facebook’da tarqalgan videoda Toshkent shahar onkologiya markazi patomorfologiya bo‘limi boshlig‘i Alisher Mingboyev o‘zi ishlayotgan markaz direktori boshchiligidagi bir guruh shaxslarning korrupsion harakatlari ustidan shikoyat qiladi. Davlat rahbariga yo‘llangan videomurojaatda filial direktori qo‘l ostidagi ishonchli shaxslar orqali bemorlardan va ularning qarindoshlaridan pul talab qilishi, pul berolmaganlar joy yo‘qligi bahonasida shifoxonaga qabul qilinmasligi haqida so‘z boradi.

Videomurojaatda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialiga davlat tomonidan ajratilgan qimmat narxdagi kamyob dorilarning ko‘p qismi bemorlarga berilmagani, buning o‘rniga shifoxonada davolanayotgan shaxslarga shifoxona ichki dorixonasida tayyorlangan suyuqlik shaklidagi oddiy dorilar quyib kelinayotgani, biroq kasallik tarixiga qalbaki qaydlar kiritish orqali onkologik kasalliklarni davolashda ishlatilishi lozim bo‘lgan dorilar hisobdan chiqarib kelingani bayon etiladi.

Alisher Mingboyev

Murojaat mualliflariga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialiga davlat tomonidan ajratilgan dorilar filial direktoriga tegishli dorixonalarga chiqarilgan, bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari turli yo‘llar bilan ushbu dorilarni qimmat narxlarda sotib olishga majburlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holatdan norozi bo‘lgan fuqarolardan 2019 va 2020 yillarda bir necha marta O‘zbekiston prezidenti nomiga va yuqori turuvchi idoralarga 180 ta shikoyat kelib tushgan, tekshiruvlar davomida ushbu shikoyatlarda keltirilgan vajlar tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, filial direktori va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan shu paytgacha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Shahar onkologiya markazi direktori G‘olib Hakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu ayblovlarni rad etdi. U bo‘lim boshlig‘i Alisher Mingboyevni tuhmatda aybladi, uning ayblovlarini asoslaydigan dalillar bo‘lsa, qonun bo‘yicha jazoga tayyorligini bildirdi.

G‘olib Hakimov, tibbiyot fanlari doktori, professor

«Bu – tuhmat. 2020 yili markazimizda 11 ming 740 nafar bemor davolangan. Ularning hech biri vazirlikka shikoyat qilmagan. Biz bemorlarni shifoxonaga yotqizmayotganimiz, bunga to‘sqinlik qilayotganimiz, pulsiz operatsiya qilmayotganimiz haqida birorta shikoyat yo‘q. Portalga murojaatlar ko‘p. 2019–2021-yillarda portal orqali tushgan 181ta murojaat vazirlik komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Lekin shu joydayam biz bemorlardan pul so‘raganimiz, pulsiz shifoxonaga yotqizmaganimiz bo‘yicha murojaatlar topilmadi.

Vazirlikdan kelgan komissiya dori vositalarining kirim-chiqimini ham tekshirishdi. Komissiya tomonidan berilgan ma'lumotnomada dorilarning kirim qilinishi va bemorlarni davolash uchun ishlatilgach, belgilangan tartibda chiqim qilinishi bo‘yicha tafovutlar aniqlanmagani keltirilgan. Agar ortiqcha bitta flakon yoki ampula topilganda yozgan bo‘lishardi.

Onkologik bemorlarni davolashda ishlatiladigan kimyoviy dorilar juda qimmat. Odamlarda shubha bo‘lmasligi uchun markazimizda dorilar bemorning ko‘z o‘ngida ochilib, eritma tayyorlanadi. Bu jarayon shifokorlar tomonidan bajariladi va hamshiralar bu ishga aralashtirilmaydi.

Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga dori bermaslik – xiyonat. Markazda mening rahbarligim davrida davlat tomonidan berilgan dorilarni soxta hujjatlar orqali dorixonalarga chiqarib sotish umuman kuzatilmagan.

Shaxsiy dorixonam borligiga kelsak, shu paytgacha birorta dorixonam bo‘lmagan. Maxsus organlar tekshirib, buning tagiga yetishi mumkin. Agar dorixonam borligini aniqlashsa, javob berishga tayyorman. Men bu iddaoni ham navbatdagi tuhmat deb hisoblayman», deydi tibbiyot fanlari doktori, professor G‘olib Hakimov.

Toshkent shahar onkologiya markazi

Hakimovning ta'kidlashicha, onkologik kasalliklarni davolashda ishlatiladigan dorilar, kimyoviy preparatlar qimmat bo‘lgani uchun markazda davolanayotgan bemorlarning dorilarga muhtojligi borligini tan oldi. U bugungi kunda dorilar sotib olish uchun bir oyda 140-150 mln so‘m ajratilayotgani, 10 yil oldin bir yil uchun ajratiladigan mablag‘ 33 mln so‘m bo‘lgani, garchi hozir ajratilgan pul 10 barobar ko‘proq bo‘lsa-da, yildan yilga kasallanish ko‘rsatkichlari ko‘payib, dunyo bozorida dorilar narxi oshib borayotgani uchun ajratilgan pul yetmayotganini ta'kidladi.

G‘olib Hakimov Toshkent shahar onkologiya markaziga budjetdan berilayotgan mablag‘ dorilarga bo‘lgan ehtiyojning 60, ko‘pi bilan 80 foizinigina qoplashini, bemorga uchta kimyoviy preparatdan ikkitasi shifoxona tomonidan ajratilgan taqdirda bittasini bemorning o‘zi sotib olishga majbur bo‘layotganini ma'lum qildi.

Alisher Mingboyev o‘z videomurojaatida 2017 yil 4 apreldagi 2866-sonli prezident qaroriga ko‘ra onkologiya xizmatining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangani, biroq Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialida prezident qarori bilan tasdiqlangan tashkiliy tuzilma tarkibidagi patomorfologiya bo‘limi filial direktorining buyrug‘iga asosan 2021 yilning 8 yanvar kuni tugatilgani, natijada bu bo‘limda ishlab kelgan 26 nafar xodim ko‘chada qolganini aytadi. Ta'kidlanishicha, patomorfologiya bo‘limi xodimlari ishlab kelgan bino Ipsum Pathology MChJga davlat-xususiy sherikchilik asosida berib yuborilgan.

«Patomorfologiya bo‘limining tugatilishi va ushbu bo‘lim ishlab kelgan binoning xususiy firmaga berilishi mening tashabbusim bo‘lmagan. Bu – vazirlikning loyihasi bo‘lib, mazkur ish SSV va Ipsum Pathology MChJ o‘rtasida tuzilgan davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida amalga oshirilgan. Bu boradagi kelishuvlarda ishtirok etmaganman, hujjatlarda mening imzom yo‘q.

2020 yil 30 noyabrda filialimizga Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov imzosi bilan vazirlik va Ipsum Pathology MChJ o‘rtasida tuzilgan davlat-xususiy sheriklik bitimga ko‘ra bemorlarni xususiy sherikka yuborish yo‘lga qo‘yilmagani, agar 10 kun muddatda vazirlikdan yuborilgan topshiriq xati asosida markazdagi patomorfologiya bo‘limini tugatib, xodimlarni Ipsum Pathology MChJga ishga o‘tishi yoki boshqa ishga o‘tishini ta'minlamasam, menga nisbatan intizomiy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan xat keldi. Men shahar onkologiya markazi direktori sifatida vazir o‘rinbosarining topshiriqlariga bo‘ysunaman-ku. Ularning ko‘rsatmasini zudlik bilan bajarishga majbur bo‘ldim.

Lekin shu o‘rinda Mingboyev aytayotganidek, 27 nafar xodim ishsiz qolgani yo‘q. Avvalo, patomorfologiya bo‘limidagilar haligacha ishdan bo‘shatilgani yo‘q, hozirga qadar ish haqlarini olib kelishmoqda. Bundan tashqari, bo‘limda ishlovchi 6 nafar xodim Ipsum Pathology MChJga ishga o‘tgan bo‘lib, hozirda shu yerda faoliyat yuritmoqda. Boshqalari markazda vakant bo‘lgan boshqa teng lavozimdagi ishlarga o‘tkazilgan, bir qancha xodim dekretga chiqqan.

Hozirda bo‘limda faqatgina 8 nafar xodim qolgan, shundan ikki nafari shifokor, qolganlari kichik laborant va farroshlar. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘lida hech qanday dalilga ega bo‘lmay turib, ustiga-ustak turli yolg‘onlarni qo‘shib-chatib ustimizdan mag‘zava ag‘darayotganlar buning uchun javobgarlik borligini unutmasliklari kerak. Mingboyev va uning tarafdorlari hozirgacha turli idoralarga 58 marta shikoyat qilishga ulgurgan, ularning barchasi bo‘yicha tekshiruvlar keldi, hammadan tushuntirish xatlari yozildi. Garchi shikoyatlarning aksariyati tuhmatdan iborat bo‘lsa-da, shu paytgacha ularga qarshi prokuratura va boshqa idoralarga qarshi murojaat bilan chiqmadim. Faqat vazirligimizga xat yozib, yuzaga kelgan vaziyatga yechim topib berishlarini so‘radim. Ammo muammo hal bo‘lganicha yo‘q», deydi G‘olib Hakimov.

SSV tomonidan yuborilgan komissiya xulosasida patologiya bo‘limini tiklash kerakligi belgilangani, biroq patomorfologiya laboratoriyasi faoliyati 10 yil muddatga vazirlik va tadbirkor o‘rtasidagi bitimga ko‘ra, Ipsum Pathology MChJga topshirilgani, mazkur chigal vaziyatga qanday yechim topilishi haqidagi savolimizga Toshkent shahar onkologiya markazi direktori bitim vazirlik nomidan imzolangani, patomorfologiya bo‘limini tugatish ham ushbu bitimga ko‘ra tugatilganini aytib, endi muammoga ham mazkur loyiha tashabbuskorlari, jumladan, vazirlikning tegishli boshqarmasi boshlig‘i va mazkur sohaga mas'ul vazir o‘rinbosari yechim topib berishi kerakligini ta'kidladi.

Alisher Mingboyev markazda so‘nggi yillarda noto‘g‘ri davolash amaliyoti tufayli bolalar o‘limi ko‘paygani haqida gapirgandi.

«Patalogoanatomik xizmati onkologik kasalliklarga to‘g‘ri tashxis qo‘yilishi, kasallikning erta aniqlanishi va samarali davolashning o‘zaro bog‘liq va davomiy yo‘nalishi bo‘lib, bu bo‘limning tashkiliy tuzilmadan chiqarib yuborilishi va tugatilishi autopsiya, ya'ni o‘lim sababini aniqlash uchun murdani yorib ko‘rish jarayoni o‘tkazilmasligiga, natijada shifokorlar tomonidan olib borilayotgan davolash-tashxis ishlari nazoratdan chetda qolishiga, noto‘g‘ri davolash yoki tashxis ishlari nazoratdan chetda qolishiga, noto‘g‘ri davolash amaliyoti hamda bemorlarning o‘lim ko‘rsatkichi oshib ketishiga olib kelmoqda.

Markazda bemorlarning o‘lim ko‘rsatkichlari yildan yilga ko‘payib bormoqda. Patomorfologiya bo‘limi tomonidan 2020 yil davomida markazda vafot etgan bemorlarning 20 nafarida autopsiya amaliyoti o‘tkazilganda ularning 13 nafarida davolash jarayonida shifokorlar tomonidan noto‘g‘ri tashxis qo‘yilib, bemorlarda noto‘g‘ri jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi oqibatida vafot etgani aniqlandi.

2020 yilda shifoxonada vafot etgan 76 nafar bemor o‘limi bo‘yicha 36 nafar bemorlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmagan va ularda autopsiya amaliyoti bajarilmagan. O‘lim sabablari aniqlanmagan. 20 nafar bemorda jarrohlik amaliyotidan so‘ng o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, ulardan 15 nafarida filial direktori tomonidan, 5 ta holatda esa boshqa shifokorlar tomonidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan», degandi videomurojaat muallifi Alisher Mingboyev.

Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish ma'lumotnomasida keltirilishicha, filialda 2018 yilda 50 nafar (patomorfologiya bo‘limi tomonidan 17 jasadda autopsiya amaliyoti bajarilgan), 2019 yil 77 nafar (shundan 17 nafarida autopsiya amaliyoti bajarilgan), 2020 yilda esa 76 nafar bemor (shundan 20 nafarida autopsiya amaliyoti o‘tkazilgan) vafot etgan.

Shahar onkologiya markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Ishoqov shifoxonada vafot etgan bemorlarda autopsiya amaliyoti bajarilmagani qarindoshlarining iltimosiga ko‘ra bo‘lganini aytdi.

Doniyor Ishoqov

«Avvalo, shunga e'tibor berish kerakki, onkologik kasalliklar o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda yurak qon-tomir kasalliklaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Yildan yilga ushbu kasallikka chalinayotganlar ko‘payib boryapti, bu ham o‘lim statistikasi avvalgi yillarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishiga ta'sir qilmoqda. Bizning sharoitimizda yurtdoshlarimiz odatda shifokorga kasallik zo‘rayib ketgandan keyin murojaat qiladi, bu ham o‘limlar ko‘p bo‘layotgani sabablaridan biridir. Qolaversa, poytaxtda yashaydigan farzandi, qarindoshining uyiga vaqtincha ro‘yxatga turib, markazimizga murojaat qilayotgan, shu yerda davolanishni istayotgan bemorlar ham ko‘pchilik. Garchi ahvollari qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ularni qabul qilishga majburmiz. Statistikani o‘ylaydigan bo‘lsak, shifokorligimiz qayerda qoladi?

Endi, o‘lim yuz bergan barcha holatlarda autopsiya o‘tkazilmaganiga kelsak, onkologik kasalliklar natijasida vafot etgan bemorlarning o‘limi sababi bizga ma'lum. Autopsiya qachon o‘tkaziladi, bemor to‘satdan qazo qilsa, masalan, yosh yigit avtobus kutib o‘tirib joni uzilsa, shunga o‘xshash kutilmaganda ro‘y bergan, o‘limga nima sabab bo‘lgani mavhum holatlarda jasad albatta yorib ko‘riladi, bu shart. Onkologik kasalliklarda esa vaziyat boshqacha. Bundan tashqari, hammamiz musulmonmiz, odatlarimizga ko‘ra jasad yorib ko‘rilmaydi. Shu bois, bemorlarning qarindoshlari o‘lim yuz berganda yaqinlarining jasadlarini yormasligimizni iltimos qilishadi. Ularning iltimosini hujjatlashtirib, shunga asosan mayitni yormasdan egalariga topshirganmiz», deydi Doniyor Ishoqov.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videomurojaatda Ipsum Pathology MChJ tomonidan bajarib kelinayotgan «sitologiya», «gistologiya», «immunogistoximiya», «imunnoflyurepensensiya» tahlillari natijalari noto‘g‘ri qo‘yilayotgani, bu esa fuqarolarning haqli noroziligini keltirib chiqarayotganiga sabab bo‘layotgani haqida so‘z boradi. Kun.uz mazkur iddao yuzasidan jamiyat bosh shifokori Gulrux Botiraliyevadan izoh oldi.

Gulrux Botiraliyeva

«Laboratoriyamizdagi uskunalar Germaniyadan olib kelingan. O‘zim va xodimlarim Germaniya, Shveytsariya, Yaponiya va Singapur kabi davlatlarda o‘qib, malaka oshirib kelganmiz. Laboratoriyamizda tahlil natijalari bir kundan to‘rt kungacha ma'lum bo‘ladi. Ilgari bu jarayon 20-25 kunga, hatto bir oyga cho‘zilgan. Chunki barcha ish qo‘lda bajarilgan. Bizda esa hammasi eng zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar yordamida avtomatlashtirilgan.

Faoliyatimizni boshlashimiz uchun ikki yil yugurganmiz. Dastlab SSV, so‘ngra Moliya vazirligi bizni rosa sarson qilgan. Bu orada xorijdagi hamkorlarimiz, investorlarimiz o‘zgarib ketdi. Taklif etgan loyihamiz hamma tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tib, faoliyat boshlash uchun ruxsat oldik va 2020 yil 29 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan «Ipsum Pathology» mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik bitimi tuzildi.

Mazkur bitimga ko‘ra, shahar onkologiya markazining patomorfologiya markazi tugatilishi va u yerda xizmat qilib kelayotgan xodimlarni biz ishga olishimiz kerak edi. Bo‘limning 6 nafar xodimi bizga ishga o‘tdi. Biroq bo‘lim mudiri Alisher Mingboyev boshchiligidagi 8 nafar xodim taklifimizni rad etib, ijtimoiy tarmoqlar orqali biz haqimizda hech qanday asosga ega bo‘lmagan, nufuzimizga salbiy ta'sir qiladigan ma'lumotlarni tarqatishmoqda. Biz imijimiz va ishchanlik sha'nimizga putur yetkazadigan ushbu materiallar bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilganmiz.

Alisher Mingboyevga 10 mln so‘m miqdorida ish haqi va bo‘lim mudirligini taklif qilganmiz. Biroq u taklifimizni rad etgan. Sababini bilmayman. Ammo patomorfologiya bo‘limi hali tugatilmagan vaqtda uning xizmatlaridan foydalangan bemorlarning menga aytishicha, u tahlil natijalarini tezlashtirib berish uchun bemorlardan turli miqdorda pul olib kelgan va ularga natijalarini 25 kunda emas, balki ertaroq tayyorlab berib kelgan. O‘zi bilan shunday voqea ro‘y berganini aytgan bir necha kishini bilaman va ularda bu so‘zlarimni tasdiqlovchi audioyozuvlar ham mavjud. Qolaversa, uning xizmatidan foydalangan, jurnallarga qaydlari kiritilgan bemorlarga qo‘ng‘iroq qilib ham bu masalaning tagiga yetish mumkin. Eshitishimizcha, Mingboyev mana shu yo‘l orqali biz unga bir oylik ish haqi sifatida taklif etilgan 10 mln so‘mni bir yoki bir necha kun ichida topib kelgan. Shu sababli taklifimizni rad etmoqda va jon-jahdi bilan patomorfologiya bo‘limi faoliyatini tiklashga urinmoqda», deydi Gulrux Botiraliyeva.

Bosh shifokorning so‘zlariga ko‘ra, patomorfologiya bo‘limi yopilib, laboratoriya tahlillari Ipsum Pathology MChJga o‘tishi bemorlar uchun hech qanday ortiqcha xarajatni yuzaga keltirmagan. Markazda davolanayotgan bemorlarning tsitologik va gistologik tahlillari mutlaqo bepul, faqat shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan murakkab tekshiruvlar uchun to‘lov olinadi. Botiraliyeva jamiyat nafaqat shahar onkologiya markazida davolanayotgan bemorlar, balki butun respublikadagi onkologiya markazlar va boshqa yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishi, asosiy daromadini shu orqali topishini qo‘shimcha qildi.

Alisher Mingboyev laboratoriya tahlillari natijalarini tezlashtirib berish evaziga bemorlar va ularning yaqinlaridan pul olganini rad etib, bu tuhmat ekanini aytmoqda.

U intervyu berish haqidagi taklifga dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligidan ommaviy axborot vositalariga intervyu bermay turishini, tez orada masalasi hal etib berilishi haqida qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan bo‘lsa, keyinchalik kelishilgan vaqtda intervyuga kelmay bu harakatini markaz direktori va kadrlar bo‘limi boshlig‘i qadamini sanab yurgani, agar intervyu berishga borsa, ish vaqtida joyida bo‘lmagani uchun ishdan bo‘shatib yuborishlari mumkinligi bilan izohladi.

Holat yuzasidan munosabat bildirgan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Toshkent shahar onkologiya markazining bir guruh xodimlari murojaati SSV vakillari bilan hamkorlikda yanvar oyi davomida o‘rganib chiqilgani, to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga taqdim etilganini ma'lum qilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur videomurojaatda keltirilgan ma'lumotlar bo‘yicha 2 fevral kuni Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan.

«Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan», deyiladi rasmiy xabarda.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Doniyor Yoqubov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top