O‘zbekiston | 16:55 / 09.11.2022
6612
9 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida “Madaniyat karvoni”, “Ma’naviyat festivali” yuksak maqom kasb etdi

Foto: Ma’naviyat festivali

Raiyat o‘rtasidagi uzviy mehr-muhabbat, o‘zaro ishonch, ma’murchilik va farovonlikka erishishga intilish hissini yanada takomillashtirish borasidagi ezgu va baxayr ibratli fazilatlarni to‘la namoyon qila oladigan yengilmas kuch bu MA’NAVIYaT hisoblanadi. Baayni Respublikamiz bo‘ylab qutlug‘ safarga otlangan “Madaniyat karvoni” joylarda “Ma’naviyat festivali” doirasida ko‘plab kechiktirib bo‘lmas xayrli ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘layotgani alohida e’tirof etishga loyiq hayotiy jarayondir. Muayyan asoslarga ega tizimli ijtimoiy loyihalarni qo‘llash va ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish davomida ham ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir hududga ko‘plab taniqli olimlar, ziyolilar, ijodkorlar hamda san’at ahli jalb etilib, ular guruhlarga bo‘linib, respublikamizning eng chekka qishloq, ovullarigacha borib, mahalliy aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar uyushtirib, ularning o‘y-tashvishlari, quvonch-u yutuqlariga sherik bo‘lishib, barcha jabhalarda hamdard-u hammaslak bo‘lishmoqda.

Binobarin, odamlar qalbiga iliqlik olib kirayotgan, el-yurtda ilm-ma’rifat nurlarini yanada keng targ‘ib etib, ziyolilarni ma’nan birlashtirayotgan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Madaniyat karvoni” hamda “Ma’naviyat festivali”ning navbatdagi manzili Navoiy viloyati bo‘ldi. Poytaxtdan yo‘l olgan 150 nafardan ortiq ziyolilar, ijodkorlar, san’atkorlar Navoiy shahar temiryo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Shundan so‘ng targ‘ibotchilar viloyatdagi 326 mahalladagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish uchun belgilangan manzillarga yo‘l olishdi.

Festivalning dastlabki kuni Navoiy shahridagi fayzbaxsh "Alisher Navoiy bog‘i" dam olish majmuasida “Ma’naviyat kubogi” loyihasi doirasida “Sog‘liq uchun 5000 qadam” marafoni tashkil etildi. Unda 2000 nafardan ortiq mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi. 

Shuningdek, mazkur loyihada sportning minifutbol, shaxmat, shashka turlari bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazildi. Minifutbolda Xatirchi tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Barcha sovrindorlarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan esdalik sovg‘alar hamda diplomlar topshirildi.

Shu kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan “Kitob karvoni” loyihasi ham adabiyot muhiblarini xushnud etdi. Chunonchi, aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, yosh avlod ong-u shuurida maroqli mutolaaga bo‘lgan ishtiyoq va mehrni yuksaltirish maqsadida jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalaridan iborat 10 mingdan ziyod ilmiy va badiiy asarlar ortilgan avtokarvon viloyatning barcha tuman va shaharlari tomon yo‘l oldi.

Shuningdek, Navoiy shahrining ko‘rkam va o‘ktam obidalaridan biri — “Farhod” madaniyat saroyida "O‘zbekiston Qahramonlari” kitob-albomi taqdimoti hamda “Mening farzandim — O‘zbekiston faxri” loyihasi bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Navoiy zaminidan yetishib chiqqan O‘zbekiston Qahramonlarining Vatan ravnaqi, el-yurt farovonligi, farzandlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida baxshida bo‘lgan sharafli umr yo‘llari haqida muxtasar to‘xtalib, qahramonlar va ularning oila-a’zolariga chuqur va samimiy minnatdorchiliklar bildirildi. Shuningdek, turli sport va fan olimpiadalari sovrindorlari bo‘lgan hududdagi 11 nafar eng faol, intiluvchan, iste’dodli yoshlar hamda ularning ota-onalari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan taqdirlandilar. 

Navoiy viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi anjumanlar zalida va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 120 nafar maktablardagi Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullari, olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida joylardagi targ‘ibotchilarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadida “Ziyolilar forumi” va “Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar lug‘ati” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Qiziltepa va Nurota tumanlarida o‘tkazilgan «Yashil makon» loyihasi doirasida mingga yaqin yangi daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Bulardan tashqari, Karmana va Xatirchi tumanlarida oilaviy ajrimlarning oldini olish, erta turmush qurishning salbiy oqibatlarini targ‘ib etish, tazyiqqa uchragan xotin-qizlarga ruhiy ko‘mak berishga qaratilgan “Oila — ma’naviyat qo‘rg‘oni” loyihasi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda har xil kelishmovchiliklar tufayli jar yoqasiga kelib qolgan oilalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash yuzasidan tajribali mutaxassislar tomonidan zarur yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.

So‘ngra Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faollari, mas’ullar, viloyat mutasaddilari, ijodkorlar va san’atkorlar Navoiy viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurishdi va shifotalab bolajonlarga 250 dan ortiq yumshoq o‘yinchoqlar, badiiy kitoblar sovg‘a qilishdi. Shuningdek, Konimex tumanida uyida davolanayotgan nuroniylar holidan ham xabar olindi. Muhimi, mazkur loyiha davomida xastalik bilan kurashayotgan ko‘plab hamyurtlarimizning kayfiyati ko‘tarildi, lablaridagi mayin tabassum alomatlari taftli mehr rishtalari bo‘lib qalblardan qalblarga ko‘chdi. Undan keyin “Ma’naviyat festivali” doirasidagi “Inson qadri uchun” loyihasi bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialida davolanayotganlar huzurida o‘z ijodlari va san’atlarini namoyish qilishib, mehrga muhtoj insonlarning ko‘ngillarini xushnud etishdi.

Aytish kerakki, “Ma’rifat tur” loyihasi ham aholi tomonidan iliq kutib olinmoqda. Mazkur loyiha davomida “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan oila vakillaridan 60 nafardan ortig‘i Qiziltepa tumanidan Buxoro shahri tomon yo‘l olishdi. Ular “Ark”, "Minorai Kalon", "Abdullaxon madrasasi" hamda qadimiy Bolohovuz masjidini ziyorat qilishdi. Shu bilan birga festival ishtirokchilari Yakkatom mahallasida joylashgan “Xo‘jakalon Abdulmoniy” ziyoratgohida ham bo‘lishdi. Ular qadim Axsikent oid topilgan osori-atiqalar jamlangan muzey faoliyati bilan tanishdi.

Konimex, Tomdi tumanida farzandlarimizni milliy g‘urur, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy me’rosimizning nodir namunalari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va aholi orasida targ‘ib etish maqsadida “Milliy qadriyatlar” haftaligi ham o‘tkazildi. 

Markaziy harbiy okrugning 20022 harbiy qismida, G‘ozg‘on shahridagi “Premier Textile” fabrikasi, “Marmarobod”MChJ, Qiziltepa tumani “Toshrabot tekstil” fabrikasida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirokida “Ma’rifat soatlari” o‘tkazildi.

“Madaniyat karvoni”, “Ma’naviyat festivali”ning navbatdagi manzili Qiziltepa tumanidagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Zukko Bolajon” fotoalbomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Navoiyliklar, ayniqsa, Kinomatografiya agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Kinokarvon” loyihasini katta qiziqish bilan kutib olishdi. Kinokarvon doirasida “Baron-2. Sog‘inch”, “Vatan ostonasida”, “101 reys”, “Ayol qismati”, “Meros”, “Bir kunlik to‘y” kabi 11 nomdagi badiiy va hujjatli filmlarning namoyishlari o‘tkazildi. E’tiborli jihati esa mazkur jarayonda elimiz suygan san’atkorlar, kinoijodkorlar ishtirok etib, ijodiy uchrashuvlar tashkil etmoqda.

E’tirof etish kerakki, navoiyliklar mumtoz qo‘shiqlarimizni ham, bugungi adabiyotimizni ham yaxshi o‘qib-o‘rganganligi ularning muloqotlarida yaqqol sezilib turdi. “Ma’naviyat festivali” doirasidagi ushbu loyiha ham mahalliy aholi vakillarini juda xursand qildi. Tadbirlarda poytaxtdan tashrif buyurgan ilm-fan, adabiyot, san’at, madaniyat namoyandalari faol ishtirok etishdi.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati axborot xizmati

 (Reklama huquqi asosida)

Mavzuga oid