Madaniyat vaziri virtual va yakshanba kuni ham ishlaydigan muzeylar, audiogidlar haqida ma'lumot berdi
Internet tarmog‘ida respublikada mavjud bo‘lgan barcha muzeylar haqida yagona portalni tashkil etish, bu ish 2019 yil 1 dekabrga qadar yakunlanishi kerak. Bu haqda Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev bayonotiga tayangan holda xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston muzeylarida 2,5 milliondan ziyod eksponat, arxivlarda madaniy meros obektlari bo‘lgan milliondan ortiq hujjat saqlanadi va joriy yilning 1 dekabr sanasiga qadar O‘zbekistondagi barcha muzeylar haqida ma'lumot beruvchi yagona portal ishga tushadi.
«2017-2021 yillarda muzeylar faoliyati bo‘yicha kompleks choralar dasturi ishlab chiqilgan. 2018 yilning o‘zida 4ta muzey tashkil qilindi: Mo‘ynoq ekologiya muzeyi, Shahrisabzda maqom muzeyi, Erkin Vohidov uy muzeyi, Mutal Burhonov uy muzeyi. Shuningdek, 4ta muzeyni rekonstruksiya va kapital ta'mirlash ishlari olib borildi. Lekin muzeylarga tashrif buyurish qay darajada? Qurib qo‘ysak, hech kim ko‘rmasa, nima naf?
Surxondaryo davlat tarixi muzeyi, Buxoro shahridagi buyuk allomalar muzeyi, Ayniy uy muzeyi, Chirchiq shahridagi muzeyni ta'minlab beramiz, ammo keyin-chi? Kim tomosha qiladi uni? Teatrlarga respublika bo‘ylab tashrif qanday bo‘lyapti?», – deya savol bilan yuzlanmoqda Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev.
Vazirga ko‘ra, 2019 yil uchun belgilangan rejada bu masalalarning barchasi nazarga olingan.
«20ta muzeyning virtual variantini yaratish rejalashtirilgan. Vazirlik tasarrufida 96ta muzey bor. Yirik muzeylarda audiogidlar xizmatini joriy qilish bo‘yicha ish olib borilyapti. Bitta muzey uchun hozircha 10ta gid ajratilgan, lekin ularning hammasi ham tarixni chuqur biladi, deb aytolmayman. Qo‘limda audiogid bo‘lsa, eksponatlarni o‘zim istagancha tomosha qilishim mumkin bo‘ladi, unga isbotlangan tarixiy ma'lumotlar kiritiladi», – deb qo‘shimcha qilgan u.
Sayfullayevning aytishicha, Rossiyadan tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekistonni rosa maqtagan-ku, lekin nega uy muzeylar yakshanba kuni ishlamay turishini so‘rab qolgan.
«Axir aksariyat odamlar yakshanba kuni boradi-ku, bunday joylarga. Muzeylarda dam olish kuni bo‘lishi kerak emas. Chiptalar narxi masalasini qayta ko‘rib chiqish kerak. Muzey kategoriyasidan kelib chiqqan holda narx belgilanishi kerak. Kechki payt ishlaydigan muzey xodimlarining maoshi masalasi ham qayta ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston davlat san'at muzeyini 2019 yilda rekonstruksiya qilishni belgilaganmiz. Qoraqalpog‘iston san'at muzeyi, Oybek uy muzeyi va Xalq amaliy san'ati va milliy hunarmandchilik muzeyini rennovatsiya qilishimiz kerak.
Bu joylarga innovatsion texnologiyalarni jalb qilishimiz lozim. Muzeyda bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha anjomlarni olib kiramiz. 30ta muzeyning virtual bazasi yaratilishi lozim. Shu masalalarga 6,1 mlrd so‘m mablag‘ talab etiladi. 2,5 million muzey ashyolarining elektron katalogi tuzilishi kerak. Bularning barchasi 2019 yil uchun mo‘ljallangan ishlar. Muzeylardan tushadigan daromadni 1,5-2 baravarga oshirishimiz lozim. Bu esa tashriflar sonini ko‘paytirish hisobiga amalga oshadi», – deydi u.
O‘zbekiston Respublikasining «Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko‘rish tartibi hamda shartlari to‘g‘risida nizom»ning 6-bandiga asosan:
Bolalar va o‘smirlarning madaniy-tarixiy merosdan foydalanish va ular bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida, haftaning har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini kirib ko‘rish uchun davlat muzeylariga bepul kiritiladi.
Nizomda Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini ko‘rish uchun har yilning 2-8 sentabr kunlari tashkillashtirilgan «Muzeylar haftaligi» doirasida aholi davlat muzeylariga bepul kiritilishi ham belgilab qo‘yilgan.
Mavzuga oid
16:05 / 17.10.2024
Misrda dunyodagi eng qimmat muzey ochildi. Uni qurishga qariyb 20 yil vaqt ketdi
20:41 / 08.10.2024
Niderlandiyada muzey xodimi metall bankalar ko‘rinishidagi art-obektni tashlab yubordi
00:11 / 18.08.2024
Germaniyadagi muzeydan o‘g‘irlab ketilgan 124 mln dollarlik taqinchoqlar vataniga qaytarildi
10:23 / 24.06.2024