14:17 / 04.01.2024
11751

Eron Kirmondagi portlashda Isroil va AQShni aybladi

«Terrorizm - Qo‘shma Shtatlar va Isroil uchun shunchaki vosita», dedi Eron prezidentining maslahatchisi. Kirmondagi portlashlar oqibatida yuzga yaqin kishi halok bo‘ldi.

Foto: Tasnim News Agency/AP/picture alliance

Eron prezidentining maslahatchisi Muhammad Jamshidiy Kirmon shahrida yuzga yaqin kishi halok bo‘lgan va ikki yuzdan ortiq odam jarohat olgan portlashlarda Isroil va AQShni aybladi. «Vashington Kirmondagi teraktda AQSh va Isroil hech qanday rol o‘ynamaganini aytdi. Nahotki? Bu jinoyat uchun javobgarlik AQSh va sionistik rejim zimmasiga yuklanadi, terrorizm ular uchun faqat vositadir», deb yozdi u 3 yanvar, chorshanba kuni kechqurun X platformasidagi mikroblogida.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi Kirmondagi qurbonlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotni biroz o‘zgartirdi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 84 kishi halok bo‘lgan, 284 kishi yaralangan. Avvalroq IRNA axborot agentligi 103 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zgarishni ba’zi qurbonlar dastlab ikki marta noto‘g‘ri hisoblangani bilan izohladi. 

Kirmondagi portlashlar 

Hujum Kirmon shahridagi masjid yaqinida sodir bo‘ldi, unga yondosh hududda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) sobiq qo‘mondoni, 2020 yilda AQSh zarbasi natijasida o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniy dafn etilgan. Sulaymoniy o‘limining to‘rt yilligi munosabati bilan ko‘plab odamlar to‘plangan masjid yaqinida 15 daqiqalik farq bilan ikkita portlash sodir bo‘ldi. 

Tehron rahbariyati voqeani terakt deb atadi. Germaniya hukumati va Yevropa tashqi aloqalar xizmati ham Kirmondagi hujumni qoralab, uni terakt deya baholadi. Hozircha hech kim portlashlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. AQSh portlashlarga Vashington yoki Isroilning aloqador bo‘lishi mumkinligiga hech qanday asos yo‘qligini bildirdi. The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berishicha, Isroil o‘z ittifoqchilariga razvedka xizmatlari portlashlarga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. 

Kirmondagi portlashlar Eronda Islom Respublikasi mavjud bo‘lgan 45 yillikdagi eng qonli hujum bo‘ldi. 

Mavzuga oid
Top