00:17 / 12.08.2018
204648

Qo‘riqchimi yoki qotil: Mash'um hodisa takrorlanmasligi uchun nimalar qilish kerak?

2018 yil 8 avgustda Yunusobod tumanidagi tungi klubda sodir etilgan qotillik tafsilotlari OAVda tarqaldi. Jamoatchilik voqeaga turli munosabat bildirdi: har kim voqea sabablarini o‘z fikridan kelib chiqqan holda tahlil qilib, kimdir tungi klublarni yopishni, yana kimdir sportchilarning ruhiy tarbiyasi bilan chuqurroq shug‘ullanishni taklif qildi.

Aslida bu kabi qotilliklar barcha mamlakatlarda ham sodir bo‘lib turadi, bir qarashda kishilarning o‘zaro janjallashuvi oqibatida sodir bo‘ladigan holatlar ajablanarli emas.

Lekin, ayni vaziyatda ushbu qotillikning oldini olish, sodir bo‘lmasligini ta'minlash mumkin edi. Yoki bu kabi hodisa tungi klub emas, boshqa umumiy ovqatlanish joyida ham sodir bo‘lishi mumkin. Xususiy qo‘riqlash faoliyatiga qo‘yilgan taqiqlarni qayta ko‘rib chiqish va tartibga solish orqali bu kabi voqealarning oldini olishga erishish mumkin.

Keling, sodir etilgan qotillik jarayonida qo‘riqchilarning malakasi va kasbiy mahorati, ruhiy tayyorgarligi va o‘zini tutishiga OAVda e'lon qilingan tafsilotlardan kelib chiqib to‘xtalib o‘taylik.

Sovuq qurol bilan ishlatilgan zo‘rlik, bir necha qo‘riqchilarning hujumga nomutanosib tarzda o‘tishi hamda zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib (videoda marhumning xatti-harakatlaridan kelib chiqib taxmin qilindi) oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazishi oqibatida dastlabki xulosalarga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirish, deya malakalanayotgan xavfli qilmish sodir etildi.

Albatta, tergov jarayoni va sudda ushbu holat har tomonlama o‘rganiladi va huquqiy baho beriladi. Bizning fikrimiz voqeaga huquqiy baho berish emas, sabablarini tahlil qilishdir.

Bu yerda qo‘riqchilarning xatti-harakatlari, aynan bunday qaltis vaziyatlarda o‘zini tuta olmay shafqatsizlarcha harakat qilishi (beysbol tayog‘i va pichoq bilan zarbalar berish, ojiz ahvolda yotgan shaxsni ayovsiz kaltaklash), hujum qilayotgan shaxsni zararsizlantirish va darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish choralarini ko‘rmaganliklari qo‘riqchilarning yetarli professional ta'lim olmaganliklari, tayyorgarlikdan o‘tmaganliklari va ular faoliyatining tizimli boshqaruvi yo‘qligini ko‘rsatadi.

Boshqacha bo‘lishini kutish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki, ko‘ngilochar maskanlarda xususiy qo‘riqchilar ushbu maskan boshlig‘i tomonidan o‘zaro kelishuv asosida yollanadi. Qo‘riqchi o‘sha maskanga tashrif buyuruvchilar va boshqa shaxslar hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki va boshqa obektlarni qo‘riqlash uchun mas'ul bo‘lgani holda bu bo‘yicha hech qanday yo‘riqnoma, tushuntirish olmaydi. Qo‘riqlash jarayonida vujudga keladigan holat bo‘yicha qanday harakat qilish kerakligi, huquq va majburiyatlari chegarasi, xavfni bartaraf etishning qonuniy va optimal xavfsiz yo‘llari bo‘yicha ularga talablar qo‘yilmagan.

Ko‘ngilochar maskanlar har kuni mehmonlar bilan gavjum. Shahar aholisining ko‘payishi bilan tashrif buyuruvchilar soni ham ko‘payib bormoqda. Lekin, tashrif buyuruvchilar va atrofdagi shaxslar, ularning mol-mulklari xavfsizligini ta'minlash qonun bilan faoliyati taqiqlangan xususiy qo‘riqchilar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 24 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 16-son qarori bilan nodavlat tashkilotlar va jismoniy shaxslar tomonidan qo‘riqlash faoliyatini amalga oshirish hamda yuridik va jismoniy shaxslar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish taqiqlangan.

Qo‘riqlash faoliyati bilan esa IIVning Qo‘riqlash bosh boshqarmasi shug‘ullanishi belgilangan. Ko‘ngilochar klublar va boshqa tijorat tashkilotlarini qo‘riqlashning alohida xususiyatlarini, IIV Qo‘riqlash xizmatlari faoliyat yo‘nalishlarini hisobga olgan holda ular IIV Qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanmaydilar, foydalanishga majburlash ham imkonsiz.

Bu esa ko‘plab yuridik va jismoniy shaxslarni qo‘riqchi yollash imkoniyatidan mahrum qildi, oqibatda sportchi va yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega shaxslarni qo‘riqlashga yollash amaliyoti shakllandi. Tegishli tayyorgarlik, ta'lim va tizimli tartibga solish mexanizmi yo‘qligi qo‘riqchilar tomonidan jinoyat sodir etilishi holatlariga sabab bo‘lmoqda.

Tungi klublar, ko‘ngilochar maskanlar va boshqa umumiy ovqatlanish joylarini yopish, qo‘riqchilar faoliyatini taqiqlash kabi boshqa choralar mazkur muammoni yechishda yordam bermaydi, qaytanga bu kabi maskanlar «yer ostiga» ko‘chib o‘tadi, tartibsizlik va shafqatsiz qotillik holatlari ko‘payishi ehtimoli oshadi.

Bunday maskanlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, qaltis vaziyatni to‘g‘ri baholab, mutanosib harakat qiladigan, tashrif buyuruvchilar va boshqa shaxslar sog‘lig‘i va mol-mulklari xavfsizligini qonun doirasidan chetga chiqmagan holda qo‘riqlay oladigan, maxsus tayyorgarlikka ega, ruhiy holati barqaror qo‘riqchi professionallarni qo‘riqlash faoliyatiga jalb qilish, buning uchun esa xususiy nodavlat qo‘riqlash faoliyatiga o‘rnatilgan litsenziyalanadigan faoliyat turi sifatida) ruxsat berish to‘g‘ri bo‘ladi.

Shunda xususiy qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik va jismoniy shaxslarga malaka talablari qo‘yish, tayyorgarlikdan o‘tkazish, ruhiy va jismoniy holatini baholash, muammoli vaziyatlarda o‘zini tutish va tegishli organlarga xabar berish, qonun buzilish holatlarini oldini olish va to‘xtatish choralari ko‘rish kabi vazifalarni yuklash va nazorat qilish lozim.

Xorijiy mamlakatlarda ahvol qanday?

Masalan, Rossiya Federatsiyasida «Rossiya Federatsiyasida shaxsiy detektivlik va qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq xususiy nodavlat qo‘riqlash faoliyatiga ruxsat berilgan. Xususiy qo‘riqlash faoliyati litsenziyalanadi va faqatgina yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Xususiy qo‘riqchidan litsenziya talablariga ko‘ra yoshi 21 yoshdan kam bo‘lmasligi, oliy ma'lumotli bo‘lishi, tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lishi talab qilinadi, muqaddam jinoyat sodir etganligi, ruhiy holati o‘rganiladi. Ish faoliyati davomida ham doimiy malakasi oshirilib, tizimli ravishda faoliyati nazorat qilib boriladi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan doimiy hamkorligi ta'minlanadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham xususiy qo‘riqlash agentliklari faoliyati qonuniy hisoblanadi va hatto ko‘plab davlat tashkilotlari ham ularning xizmatlaridan foydalanishadi. AQShda banklar, kasalxonalar, temiryo‘l terminallari, parklar, universitetlar va boshqa ko‘plab obektlar xususiy nodavlat qo‘riqlash tashkilotlari tomonidan qo‘riqlanadi. Hatto xususiy qo‘riqchilarga tashrif buyuruvchilarni qurol yoki portlovchi moslama mavjudligini aniqlash uchun tekshirish, bunda metallodetektor va uskunalardan foydalanish huquqi berilgan. Ko‘plab shtatlarda qo‘riqchilar ma'lumoti va malakasiga talab qo‘yilgan va faoliyatni amalga oshirishi uchun litsenziya talab qilinadi. Masalan, qo‘riqchi yoshi 18 dan kam bo‘lmasligi, tegishli maxsus tayyorgarlik, birinchi yordam ko‘rsatish, ziddiyatlar sohasida bilimlari bo‘yicha sinovlardan o‘tkaziladi.

Germaniyada ham xususiy qo‘riqlash xizmatlari yuqori saviyada tashkil etilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelishmoqda. Germaniya xususiy qo‘riqchilari juda yuksak kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lib, doimiy malaka oshirib turishadi. Bunda davlat organlari, aynan maxsus xizmatlar qo‘riqchilarni tayyorlash va malakasini oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatadi.

Demak, taqiqlash yo‘li bilan emas, balki qo‘riqchilarni tayyorgarlikdan o‘tkazish, doimiy o‘qitish, faoliyatini tizimli tartibga solish orqali bu muammoni yechish lozim. Shunda davlat organlari tizimidagi qo‘riqlashga mas'ul tuzilmalar ham nodavlat tashkilotlarga o‘tib samarali faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.

 

O‘tkirbek XOLMIRZAYeV,

TDYuU o‘qituvchisi, huquqshunos.

Mavzu
Tungi klubdagi fojia
9 avgust kuni kechqurun Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Aurum 898 tungi klubida (sobiq «Niagara») kelib chiqqan pichoqbozlik oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayevning vafot etishi bilan bog‘liq voqea shov-shuvga aylandi.
Barchasi
Top