19:33 / 12.06.2017
30943

Oliy o‘quv yurtiga onlayn hujjat topshirish mumkin bo‘ladi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda 2017 yil abituriyentlariga onlayn tartibda hujjat topshirish imkonini taqdim etadi. Hozircha, bu xizmat faqat ushbu universitet uchun ko‘rsatiladi, ammo kelgusida tizimga mamlakatning barcha oliy o‘quv yurtlari qo‘shiladi.

Biz «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish Markazi direktori Sherzod Habibullayev va Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Fayzulla A'zamovga murojaat qilib, ushbu xizmat imkoniyatlariga izoh berishni so‘radik.

- Sherzod Habibullaxo‘jayevich, aytingchi, bu qanaqa xizmat va u nima uchun kerak?

Sh.H.: Onlayn tarzda hujjatlarni topshirish – butun dunyoda normal holatdir. Bugungi kunda, bizning abituriyentlar turli yo‘nalishlardagi xorijiy OO‘Yulariga yengillik bilan barcha zaruriy hujjatlarni topshirishmoqda. Bizning ta'lim tizimi bu haqda bosh qotirmaganda g‘aroyib ko‘rinardi, albatta. Bu xizmat turini ko‘rsatish vaqti allaqachon kelgandi, biz mexanizmni ishlab chiqdik va o‘tgan yili birinchi marta sinovdan o‘tkazdik. Qator kamchiliklarni ko‘rgach, ishga tushirmadik hamda maqsadli auditoriya fidbeklarini batafsil o‘rganish va texnik lahzalarni tuzatishga qaror qildik.

Xizmat, aslida, juda oson – hujjatlarni skanlab, soliq inspeksiyasining istalgan bo‘limidan elektron raqamli imzoni olasiz, so‘ngra my2.gov.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, shaklni to‘ldirasiz. Bir necha harakat bilan shaxsiy ma'lumotlarni kiritib, shaxsingizni tasdiqlaysiz va hujjatlarni yuklaysiz.

Ariza beruvchi bir kun ichida o‘zi taqdim etgan e-mail manziliga uning shaxsiy ma'lumotlari va ro‘yxatdan o‘tish raqami kiritilgan maktubni oladi.

- OO‘Yu va ularning masofali ishlash nuqtainazaridan kelib chiqib, haqiqatdan ham yengilliklar qamrovi ulkan, ammo bunda abituriyentlar uchun qanday ustunliklar bor?   

 Sh.H.: Ma'lumki, hujjatlarni OO‘Yulariga topshirish uzoq davom etadigan jarayon. Shunday ekan, u ko‘p vaqtni va mablag‘ni talab qiladi: hujjatlarni to‘plash, muhr, navbat saflarida turish, asabbuzarlik.

Xo‘sh, buning natijasi qanday bo‘ladi? Abituriyentlar imtihonlarga tayyorlanish o‘rniga o‘quv yurtlariga kelishi va kishini toliqtiradigan kutishda vaqtini o‘tkazishi kerak. Masalan, 086 shakldagi tibbiy ma'lumotnomani olish va harbiy xizmatdan vaqtincha chetlashtirilganiga doir ma'lumotnoma olish (yoki tuman mudofaa boshqarmasida hisobda turishligi haqida) uchun abituriyentlar deyarli to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari talab etiladi. Bu safar ham xonama-xona yurish, navbat kutish, asabbuzarlik va ba'zan korrupsiya holatlariga duch kelishadi.

Hujjatlarni elektron shaklda topshirish bu kabi bosh og‘riqlarni kamaytiradi, korrupsiyani umuman yo‘qqa chiqaradi. Muhimi shundaki, siz mashhur tibbiy ko‘rikdan o‘tishingiz talab etilmaydi, 086 shaklli ma'lumotnoma esa, talaba bo‘lganidan keyin hujjatlar to‘plamiga biriktiriladi.

- Demak, abituriyent OO‘Yuga faqat imtihon topshirish uchun kelar ekan-da?

Sh.H.: Unchalik ham emas. Elektron hujjat topshirishda tizim abituriyentni ro‘yxatga kiritadi, unga maxsus ro‘yxatdan o‘tish raqamini taqdim etadi. Biroq, u baribir oliy ta'lim maskaniga kelishiga to‘g‘ri keladi, ammo atigi bir marta. Imtihondan avval, talabalikka nomzod DTM hujjatini olishi uchun shaxsan bo‘lishi talab etiladi.

- Bu holda foydalanuvchi onlayn hujjat topshirib nimaga ega bo‘ladi?

Sh.H.: Hujjatni topshirganlik bo‘yicha xatlov oladi. Abituriyentga o‘sha hujjat asosida DTM beriladi.

Bu jarayon oliy o‘quv yurtida qanday ishlashi va TATU ma'muriyati tomonidan nimalar ko‘zda tutilgani haqida Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Fayzulla A'zamov so‘z yuritadi.

- Fayzulla Saydakbarovich, imtihonga yakuniy ruxsat berishga oflayn ruxsat olishning qanday salbiy ehtimollari bor. Bu holda aynan DTMlarni olish uchun navbatlar safi kengayib ketmaydi?

F.A.: Bu holatda biz mazkur omilni hisobga oldik. TATU onlayn hujjat topshirganlar uchun alohida «yo‘lak»ni tashkil etadi. Hujjat topshirilganiga doir nashr qilingan hujjatni ko‘rsatuvchilar alohida o‘tkazib yuboriladi va DTM beriladi.

- Ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi ma'lumot yo‘qolib qolishi yoki texnika omili sababli uni olish mumkin bo‘lmay qolishi ehtimoli nazarda tutilganmi?

F.A.: Abituriyentga beriladigan hujjatlar qabul qilingani to‘g‘risidagi ma'lumotnomada QR-kod bo‘lib, unda to‘ldirilgan ro‘yxat shaklining onlayn namunasiga kirish uchun havola mavjud. Kod o‘ziga xos bo‘lgani sababli texnik uzilishlar yoki xatoliklar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Bu bugungi kundagi elektron tizimlarimizga qo‘yilayotgan muhim talablarimizdan biridir. Shu boisdan ham, bazadagi ma'lumotlarni aniqlashning ushbu usuli ma'lumotlar egalarining axborot bazasiga kirishini yengillashtiradi.

Bu «Abitur» tizimida ushbu havoladan nusxa ko‘chirish bilan internet orqali o‘z shaklini tekshirib ko‘rishi mumkin.

- Tizimning eng mas'uliyatli jihati nimada, onlayn hujjat topshirishni istovchilarni nimalardan ogohlantirgan bo‘lar edingiz?

F.A.: Jamiyatimiz asta-sekinlik bilan raqamli formatga o‘tmoqda va raqamli jamiyatda shaxsni aniqlash juda muhimdir. Buning uchun butun dunyoda elektron raqamli imzo deb ataluvchi tizim mavjud. Bizlarning yoshlar, ayniqsa, TATUning bo‘lg‘usi talabalari ushbu o‘quv yurtiga kirish ostonasidayoq raqamli jamiyatning to‘laqonli a'zosi bo‘lishi kerak.

Shu sababli, biz hujjatlarni onlayn topshirishda elektron raqamli imzo talabini kiritishni bekor qilmadik. Bu ularning, keyinchalik, interaktiv raqamli xizmatlardan foydalanishida ham muhim o‘rin tutadi.

Uni olish unchalik qiyin ish emas, jarayon TATU saytida batafsil ma'lum qilinadi.

- Istiqbollar haqida so‘zlab bering, ta'limning yana qaysi yo‘nalishlarida ro‘yxatdan o‘tishning raqamli shaklini joriy qilish kutilmoqda?

F.A.: Ushbu tizim haqidagi suhbatimizni yakunlar ekanman, men interaktiv tizimlarning istiqbolligi va qulayligiga oydinlik kirituvchi yana bir muhim jihatga e'tiborni qaratmoqchiman.

Diqqat qiling, hujjatlarni OO‘Yuga topshirish vaqtida poliklinikalar va mudofaa boshqarmalarida yuklanish o‘nlab marta ortadi. Ammo, shtatli ish jadvali yoki sakkiz soatlik ish kuni avvalgidek qoladi. Bu vaqt mobaynida iish yuklamasi bir xil taqsimlanmagan va idoralar buning uchun qo‘shimcha xodimlarni yollay olmaydi.

Shunday qilib, korrupsiya faktlari o‘sadi, bunda tanish-bilishchilik, telefon qo‘ng‘irog‘i asosida masala hal etiladi. Elektron ro‘yxatdan o‘tishda ushbu ma'lumotlarning talab qilinmasligi, aksincha, oliy o‘quv yurtiga kirganlardan tibbiy va harbiy ma'lumotnoma so‘ralishi korrupsiya holatini qisqartiradi.

Ta'lim yo‘nalishi, ishimizning boshqa istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha bolalar muassasalari, maktablar va OO‘Yu tinglovchilari haqidagi ma'lumotlarni umumlashtirish ustida ish olib borilayapti. Bu keyinchalik, ularga istagan ta'lim maskanlariga elektron tizimdagi kerakli bandlarni to‘ldirib, elektron ko‘rinishda hujjatlarni bemalol topshirishda qo‘l keladi.

- Bu tizim boshqa OO‘Yuda qachon ishlaydi?

F.A.: Biz bu yaqin orada amalga oshishini uqdiramiz. Xohlar edikki, OO‘Yu bu tizimni kelasi 2018 yilgi abituriyentlarni qabul qilish vaqtigacha ishga tushirishsa. Biz bu borada hamkorlikka tayyormiz va mas'ul idoralardagi hamkasblarimiz faolligiga umid qilamiz. Umuman, infratuzilma tashkil etilgan, tizim qo‘shimcha uskunalarni talab qilmaydi, har bir oliy ta'lim maskanida kompyuterlar bor. Bizdan talab etiladigan barcha ishlarni baajarishga harakat qilamiz hamda barcha oliy o‘quv yurtlarini ushbu yo‘nalishdagi ishlarni faollashtirishga chaqiramiz.

Biz ekspertlarga intervyu berganlari uchun minnatdorlik bildiramiz va eslatib o‘tamiz, oliy o‘quv yurtlariga onlayn ariza topshirish xizmatidan  15 iyundan boshlab my2.gov.uz. saytida foydalanish mumkin.

"Elektron xukumat" tizimini rivojlantirish markazining matbuot xizmati

Top