23:19 / 06.02.2019
6343

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ko‘magida birinchi talabalar kovorking-markazi tashkil etildi

“Yoshlar kelajagimiz” davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining moliyaviy ko‘magida Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar kovorking markazi tashkil etildi. Bu respublika OTMlari orasida birinchi kovorking markazi hisoblanadi. 

Kovorking markazida talabalar qiziqarli arxitektura loyihalari ustida ishlashlari, mustaqil yoki guruh bilan ishlagan holda tajriba almashish va o‘z g‘oyalarini rivojlantirishlari, jamoat ishlari bilan shug‘ullanishlari mumkin. 

E'tiborlisi, kovorking markazining dizayn loyihasidan tortib, to xonaning ichki bezagigacha bo‘lgan ishlarni institut talabalari o‘z ustozlari bilan birgalikda amalga oshirishgan. 

Markaz har xil shaklga ega bo‘ladigan (transformer) mebel, taqdimot uskunalari, markerli taxta (doska)lar bilan jihozlangan hamda arxitektorlar uchun barcha zamonaviy dasturlar o‘rnatilgan ikkita alohida kompyuter xonasi mavjud.

Kelgusida bu kabi markazlar boshqa OTMlarda ham tashkil etiladi.

Top