12:05 / 22.05.2019
12784

Samarqand tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi: bir yilda 52ta yangi bog‘cha ochildi

Bugun maktabgacha ta'limda o‘zgarishlar ko‘p bo‘lmoqda. Shu jumladan, Samarqand viloyatining Samarqand tumanida ham. Tumanda oxirgi bir yilda 52 ta yangi MTM ochildi. Ularning 6 tasi davlat, 6 tasi xususiy, 40 tasi oilaviy maktabgacha ta'lim muassasalaridir. Atigi bir yil oldin tumanda 33 ta MTM faoliyat yuritgan bo‘lib, bu muassasalarda 3862 nafar bolalar ta'lim-tarbiya olgan. Bugun, bir yil o‘tib maktabgacha ta'lim muassasalariga 7053 nafar bolalar qamrab olindi. Shu tarzda hududda bog‘chalarga bolalar qamrovi bir yil ichida 16 foizdan 32,7 foizga ko‘tarildi.

Yil yakuniga qadar tumandagi 11-,12-,15-,17-,31-maktabgacha ta'lim muassasalarining qayta qurilishi, investitsiya dasturi doirasida 2 ta, mahalliy budjet hisobidan 1 ta MTM tashkil etilishi, muassasalardagi mavjud ta'mirtalab 12 ta guruh xonalarining ta'mirlanishi, 30 ta oilaviy, 5 ta davlat va xususiy sherikchilik, 15 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasini tashkil etish orqali yana4890 nafar bolalar mazkur muassasalarga jalb qilinib, qamrov foizi 52.1 ga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Gap faqat qamrovni oshirish emas, shu bilan birga bolalarning aqliy, jismoniy salohiyatini oshirib borishga qaratiladi. Buning uchun esa alohida dasturlarimiz bor. Misol uchun, bolaning aqliy salohiyatini oshirib borishda tarbiyachilarning malakasi yuqori bo‘lishi lozim. Shu maqsadda tarbiyachilar ishtirokida ham turli o‘quv seminarlar o‘tkazib boriladi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida pedagog-psixologlar tomonidan o‘tkazilgan «Ta'lim jarayonini individuallashtirish», «Bola taraqqiyotida ilk ta'limning o‘rni», «Maktabgacha ta'lim muassasalarida davlat talablarining bajarilishi va uni nazorat qilish» mavzularida seminar-treninglar shular jumlasidan.

Hukumat qarorlari va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarga asosan doimiy ravishda tumandagi barcha MTMlarda ota-onalar hamda kuzatuv kengashi ishtirokida ochiq mashg‘ulot va turli boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Bunday mashg‘ulotlar orqali eng avvalo tarbiyachilar bilim darajasi, izlanuvchanligi, faolligi nazorat qilinadi.

Maktabgacha ta'lim vazirining 2018 yil 6 dekabrda «Maktabgacha ta'lim muassasalarining Kuzatuv kengashlari faoliyatini tashkil qilish haqida»gi buyrug‘i bilan ota-onalar va jamoatchilikdan iborat Kuzatuv kengashlari tashkil etilib, ular tizimni nazorat qilib bormoqda.

Bundan tashqari tumandagi tayanch maktabgacha ta'lim muassasalarida «Ilk va maktabgacha ta'lim yoshidagi bolalarni rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari va «Ilk qadam» Davlat dasturi asosida maktabgacha ta'lim muassasasida ta'lim-tarbiya jarayonini tashkil etish» mavzusida o‘quv-amaliy seminar-treninglar tashkil etildi.

Muassasalar tarbiyachi va tarbiyalanuvchilari tuman va viloyat miqyosidagi barcha tadbirlarda faol ishtirok etib, qator faxriy yorliqlar olib kelmoqda.  Maktabgacha ta'lim vazirining «Yilning eng yaxshi tarbiyachisi» kasbiy-ko‘rik tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomini tasdiqlash haqidagi buyrug‘i ijrosi yuzasidan tumanda «Yilning eng yaxshi tarbiyachisi» kasbiy-ko‘rik tanlovining tuman bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Tarbiyalanuvchilarimizdan Ja'far Norqulov shaxmat bo‘yicha respublika musobaqasida ishtirok etib «Eng yosh ishtirokchi» nomiga sazovor bo‘ldi.

Joriy yilning shu kuniga qadar yana bir qator maktabgacha ta'lim muassasalari ochildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan «Dilnura-Angelina» nomli nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi ochildi. Muassasada 100 nafar bolalarni tarbiyalash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 25 nafarini ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari tashkil etadi. Bu muassasa tadbirkor San'at G‘afforov tomonidan 2018 yilning iyul oyida bankdan 2,1 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari olinib, qarovsiz yotgan yer maydonida qurilish ishlari boshlangan edi.

Chiroyli bino, malakali mutaxassislar jamoasi, zamonaviy texnika vositalari va jihozlar bilan ta'minlangan o‘quv xonalari, alohida oshxona, sayr qilish uchun bog‘, o‘yin attraksionlari, suzish havzasi, jonli burchak barchasi bolajonlar xizmatida.

Shuningdek, tumanning Yangijoy mahallasida tuman hokimi Shuhrat Jamolov tashabbusi va homiy tashkilotlar yordamida barcha qulayliklarga ega 75 o‘rinli 39-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etildi.

Qolaversa, viloyat hokimi farmoyishiga asosan Samarqand tumanidagi barcha maktabgacha ta'lim muassasalariga mebel va idish-tovoqlar olish uchun 360 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, bolalarning har tomonlama yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishlari, O‘zbekiston Respublikasida belgilangan Maktabgacha yoshdagi bolalar ta'lim-tarbiyasiga qo‘yiladigan Davlat talablari ijrosini bajarish uchun muassasada barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Dilfuza AZIZOVA, Samarqand tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri

Reklama huquqi asosida

Top