O‘zbekiston | 10:07 / 20.03.2021
3074
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida maktabgacha ta'lim sohasida loyiha amalga oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining “Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash orqali maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada kengaytirish hamda bolalarni maktabgacha ta'limga kengroq qamrab olishni ta'minlash maqsadida qabul qilinishi mo‘ljallangan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi (STJ) o‘rtasida “Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash” loyihasini moliyalashtirish uchun yillik 2 foiz stavkada 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yillik muddatga 10,9 mln AQSh dollari ekvivalentidagi (41 mln Saudiya Arabistoni riali) qarz bitimi imzolangan.

Loyihani amalga oshirish doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda Maktabgacha ta'lim vazirligi va xususiy sheriklar o‘rtasida imzolangan, davlat-xususiy sheriklik bitimlari doirasida tashkil etilishi rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish nazarda tutilgan.

Belgilanishicha:

Maktabgacha ta'lim vazirligi loyiha buyurtmachisi hisoblanadi;

"Agrobank" STJ qarz mablag‘lari hisobidan Maktabgacha ta'lim vazirligi va xususiy sheriklar o‘rtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik bitimlari doirasida nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish uchun xususiy sheriklarga imtiyozli kredit ajratilishiga mas'ul etib belgilanadi;

2021-2023 yillarda loyihani amalga oshirish davridagi imtiyozli foizlar va loyihani amalga oshirish yakunlangandan so‘ng (2024 yildan boshlab) qarzni qoplash va foizlarni to‘lash Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Maktabgacha ta'lim vazirligi huzurida STJ hisobidan moliyalashtiriladigan 3 shtat birligidan iborat loyihalarni amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.

Loyihani amalga oshirish guruhiga STJ talablariga muvofiq loyihani amalga oshirish doirasidagi ishlar va xizmatlarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta'minlash, STJ kreditidan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobini yuritish vazifalari yuklanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid