07:30 / 18.06.2019
8581

Xitoyda yuz bergan zilzilalar oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, 122 kishi jarohat  oldi

17 iyun mahalliy vaqt bilan soat 23.00da Xitoyning janubi-g‘arbidagi Sichuan provinsiyasida ikkita yer silkinishi qayd etildi. Buning oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, 122 kishi jabrlandi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Dastlab 6,0 magnitudali yer silkinishi Ibin shahar okrugining Channin uyezdida soat 22.55 da qayd qilingan, 40 daqiqadan keyin shu okrugning Gun uyezdida 5,1 magnitudali ikkinchi yer silkinishi yuz bergan.

Hokimiyat ma'lumotlariga ko‘ra, Channin uyezdida 8 kishi halok bo‘lgan va 48 kishi jarohat olgan, Gunda 3 kishi halok bo‘lib, 71 kishi jarohatlangan, Gao uyezdida yana 3 kishi jarblangan.

Sichuan Xitoyning seysmik xavfli hududlaridan biri hisoblanib, bu yerda yer silkinishlar muntazam yuz berib turadi. 2008 yil mayida bu yerda 8 magnitudali zilzila yuz bergan. O‘shanda 87 ming 150 kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan, 374 ming kishi jarohat olgan, millionlab odamlar boshpanasiz qolgan. Zilziladan ko‘rilgan zarar trillion yuandan (150 mlrd dollar) oshib ketgan.

Top