11:10 / 04.12.2019
1
24431

2020 yilda O‘zbekistonda qancha yangi ish o‘rni tashkil etilishi ochiqlandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

2020 yilda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholini bandligini ta'minlash parametrlari e'lon qilindi. Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, yoshlar va ayollar o‘rtasidagi ishsizlik yuqoriligicha qolmoqda (mos ravishda 14,9 foiz va 12,5 foiz), ishga joylashishga muhtoj aholi soni 1,3 million kishini tashkil etgan. Ish bilan band aholi tarkibida norasmiy band kishilar ulushi (mehnat migratsiyasiz) yuqoriligicha qolib, 39,0 foizni tashkil etmoqda. Ish beruvchilar mehnat bozoriga chiqayotgan yoshlarning kasbiy malaka darajasi yetarli emasligidan e'tiroz bildirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan respublikaning ish beruvchi tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2020 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash prognoz ko‘rsatkichlari ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar:

a) 2020 yilda 382 ming doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari;

b) 2020 yilda mehnat organlari tomonidan 461 ming aholi bandligini ta'minlash va ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlarning prognoz ko‘rsatkichlari;

v) 605 ming o‘zini o‘zi mehnat daromadi olishga yo‘naltirgan va yashirin ish o‘rinlarida ishlayotgan shaxslarni rasmiylashtirish parametrlari tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlari Davlat soliq qo‘mitasining axborot tizimi va Yagona milliy mehnat tizimida aks etgan, hisobot davrida tashkil etilgan ish o‘rniga ishchi yollangan va o‘rnatilgan tartibda ish haqi hisoblangan va sug‘urta badali to‘langan taqdirda bajarilgan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining quyidagi takliflari ma'qullanishi mumkin:

a) vazirlik tarkibidagi “Mehnat.uz” Axborot-kompyuter markazi mas'uliyati cheklangan jamiyati “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish ofisi” markazi etib qayta tashkil etiladi, uning asosiy vazifalari sifatida:

ishsizlikni kamaytirish, mehnat organlariga murojaat qilgan ishsizlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish, norasmiy band bo‘lganlarni rasmiy mehnat munosabatlariga jalb etish, ishsizlarni, ayniqsa yoshlar va ayollarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni tashabbus qilish;

mehnat sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish, joriy etish va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, loyihalarni amalga oshirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari va boshqa idoralar va tashkilotlar vakillaridan iborat ekspert guruhlari tuzish;

loyihalarning pasportlarini ishlab chiqish va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hay'atiga kelishish uchun kiritish, loyihalarning rejalashtirilgan natijalariga erishish yuzasidan monitoring yuritish;

mehnat va aholini ish bilan ta'minlash masalalari bo‘yicha axborot-ma'lumotnoma tizimlari va interaktiv xizmatlarni rivojlantirish, Bandlik va mehnat munosabatlari sohasida yagona axborot texnologiyalari siyosatini olib borish belgilanadi;

b) Davlat mehnat inspeksiyasi huzurida Birlashgan Arab Amirliklarining Mehnat resurslari vazirligi hamkorligida “Mehnat sohasidagi murojaat va nizolarni ko‘rib chiqish va hal qilish markazi” (“Mehnat – M” markazi) tashkil etiladi. “Mehnat – M” markazining asosiy vazifalari sifatida:

Birlashgan Arab Amirliklarining Mehnat resurslari vazirligi huzuridagi “TWA-FOOK” markazlari tajribasi asosida mehnat munosabatlari sohasidagi ishchilar va ish beruvchilarning murojaat va shikoyatlarni “bir darcha” tamoyili asosida tezkor ko‘rib chiqish va davlat mehnat inspeksiyasi vakolatlari doirasida hal qilish tizimini yaratish;

mehnat munosabatlari sohasidagi har bir murojaat va shikoyatni ko‘pi bilan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqish, shundan 2 kun - mehnat nizolarining ish beruvchi va ishlovchi o‘rtasida o‘zaro hal qilinishini rag‘batlantirish (mediatsiya qilish), nizolar hal qilinmagan taqdirda keyingi 2 kunda davlat mehnat inspektori vakolati doirasida huquqiy maslahat berish, masala yechilmagan taqdirda 5-chi kuni mehnat qonunchiligi doirasida tegishli chora ko‘rish yoki materiallarni sud organlariga kiritish;

lozim bo‘lgan hollarda mehnat munosabatlari sohasidagi murojaat va shikoyatlarni hal qilish jarayoniga kasaba uyushmalari va ish beruvchilarning uyushma tashkilotlari vakillarini jalb etish.

v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish ofisi” va “Mehnat M” markazlarining faoliyatini ta'minlash uchun tashkiliy masalalarni hal qilish, shu jumladan ular faoliyati to‘g‘risidagi nizom, shuningdek, joylashuvi va tashkiliy tuzilmalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish ofisi” va “Mehnat M” markazlarining ta'mirlash va saqlash xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahri Yashnobod, Yunusobod va Sirg‘ali tumanlarida vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta'minlash byurolarini namunaviy loyihalar asosida 2020 yil 1 martgacha qurilishini yakunlab, ishga tushiradi;

2020 yil davomida mehnat organlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini monitoring qilish maqsadida vazirlik markaziy apparati huzurida bandlikka ko‘maklashish markazlari faoliyatini videokuzatuv kameralari va “abkm.mehnat.uz” tizimi orqali doimiy nazorat qilish imkonini beruvchi Situatsion tezkor markazni tashkil etadi;

bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan har bir ko‘rsatilayotgan xizmatning ma'muriy jarayonlar reglamentini qayta ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi, bunda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, vaqti, xodimlarning mehnat va ijro intizomi, aholining xizmatlardan qoniqish hosil qilish darajasini o‘rganishni ta'minlashni nazarda tutiladi;

har bir bandlikka ko‘maklashish markazida ishga joylashtirishga yo‘llanma berilayotgan ishsiz fuqarolarga ish beruvchilarga taqdim etish uchun shaxsiy rezyumeni shakllantirish maqsadida rasmga olish hamda fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini on-layn rejimida baholash uchun moslamalar (raqamli fotokamera va planshet)lar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi;

mehnat organlariga murojaat etayotgan, ayniqsa ishsiz yoshlar va ayollar, qaytib kelayotgan mehnat migrantlarini mehnat bozoriga moslashtirish (reintegratsiya) qilish, jumladan kasbga moslashtirish, ish beruvchi bilan suhbatga tayyorlash maqsadida autsorsing shartlarida psixolog mutaxassislarini jalb etadi;

2020 yil davomida ishsizlar soni yuqori bo‘lgan mahallalarda 10 ta “Mehnat guzari” komplekslarini namunaviy loyihalar asosida qurish, ularda ishsiz aholi, birinchi navbatda yoshlar, ayollar, mehnat migrantlari va ularning oila a'zolariga xizmat ko‘rsatish va mikro ishlab chiqarish uchun imtiyozli ravishda joy ajratish, kelgusida esa ularga ajratilgan joylarni bozor narxlarida xarid qilish imkonini beradi;

2020 yil davomida bandlikka ko‘maklashish markazlari va ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish markazlarida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida katta sinf o‘quvchilari uchun ular egallashni xohlagan kasblarning asosiy xususiyatlari va kasb standartlarini ta'riflovchi multimedia vositalari bilan jihozlangan situatsion xonalarni tashkil etgan holda kasbga yo‘naltirish dasturini joriy etadi;

2020 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda, Respublika mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish kurslarida Bosh prokuratura akademiyasining faoliyati tajribasini keng joriy etish, shu jumladan mehnat organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy ta'lim, o‘qitish va treninglarning interfaol uslublarini keng joriy etish orqali rivojlantirish hamda ishga kirishga nomzodlarning samarali tanlovini o‘tkazishni ta'minlaydi.

2020 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash prognoz parametrlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, xo‘jalik boshqaruvi organlari yirik loyihalarni amalga oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga – kichik korxona va mikrofirmalarni tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga – budjet mablag‘laridan tegishliligi bo‘yicha ijtimoiy soha obektlarini ishga tushirish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga – yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni, shu jumladan hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga ish o‘rinlari tashkil etish shuningdek, norasmiy sektordagi yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi – mas'ul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2020 yilda aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasining o‘z vaqtida va samarali bajarilishini muvofiqlashtirish yuzasidan javobgarlik yuklanadi.

2020 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash prognoz parametrlari yuzasidan ko‘rsatilgan mas'ul vazirliklar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har oy yakuniga ko‘ra keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar tegishli ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga umumlashtirish hamda natijasi haqida Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun taqdim etib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Xalqaro Mehnat Tashkiloti, Jahon banki hamkorligida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:

a) 2020 yil noyabr oyiga qadar 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida Aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha uzoq muddatli Milliy strategiyasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi. Milliy strategiyada:

mehnat bozori holatini chuqur o‘rganish, mehnat resurslari, bandlik va aholini ishga joylashtirishni har tomonlama tahlil qilish, sifatli va xolisona baholash orqali mehnat bozorida band aholi ulushini oshirishning ilg‘or mexanizmlarini joriy qilish;

bandlikni rivojlantirishga yordam beradigan va har bir hududning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda ishsizlik darajasini kamaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish;

bandlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish va samarali siyosat olib borish orqali aholini doimiy ish o‘rinlari bilan ta'minlash asosida ularning real daromadlarini oshirish;

bandlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilayotgan siyosatni va monitoring qilish, ishga joylashtirish jarayonlarini samarali boshqarishning asosiy ko‘rsatkichlarni samarali baholash nazarda tutiladi.

b) Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti Mehnat iqtisodiyoti Ilmiy maktabi bilan birgalikda 2020 yil dekabr oyiga qadar mamlakatdagi inson kapitali darajasi va milliy ish kuchini raqobatbardoshligini oshirish Konsepsiyasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Konsepsiyada:

mamlakat korxonalarida ilg‘or xorijiy tajriba asosida mehnat unumdorligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;

mamlakat ish kuchining inson kapitali darajasi oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, uni aniqlash va baholash indekslari metodikasini tarmoqlar va hududlar kesimida yaratish;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha korxonalarida mehnatni me'yorlash mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish reja-jadvallarini tasdiqlash nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yilda eksperiment tariqasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, ayniqsa nogironligi bor shaxslarni ish bilan bandligini ta'minlash maqsadida:

nogironligi bor shaxslar uchun ish o‘rinlarini yaratayotgan kichik korxonalar va tadbirkorlik sub'yektlariga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir yaratilayotgan ish o‘rni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha, lekin jami har bir korxona uchun 500 bazaviy hisoblash miqdoridan oshmagan holda mikrokreditlar ajratishni joriy etish;

ishga layoqatli nogironligi bor shaxslarni elektron reyestrini shakllantirish va reyestrga kiritilgan shaxslarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashish;

tadbirkorlik sub'yektlari va korxonalarga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bor shaxslarga moslashtirish uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir moslashtirayotgan ish joyi uchun 40 bazaviy hisoblash miqdorigacha yordam puli ajratish;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa kam ta'minlangan va mehnat migrantlari oilalarining a'zolari, nogironligi bor shaxslarni bepul o‘qitish kurslarini tashkil etish;

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun zaxiralangan ish o‘rinlarini yaratishga doir qarorlarni bajarmaslik, bo‘sh lavozimlar mavjud bo‘lgan holda ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etish, mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish beruvchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rishni ta'minlaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top