18:29 / 11.04.2020
5970

Karantin davrida bankomatlar uzluksiz ishlaydi, ularni naqd pul bilan ta'minlash doimiy nazoratga olingan – Markaziy bank

Karantin davrida respublikaning barcha hududlarida o‘rnatilgan 5100 ta bankomatning uzluksiz ish faoliyati hamda doimiy naqd pul mablag‘lari bilan ta'minlanishi muntazam nazoratga olingan.

Akmal Nazarov / Foto: AOKA

Bu haqda Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori o‘rinbosari Akmal Nazarov 11 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.

“Ijtimoiy tarmoqda ayrim fuqarolar tomonidan bankomatlarga “Bankomat ishlamaydi” yoki “Karantin” degan yozuvlarni yopishtirib ketilayotgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan. Biroq Markaziy bankning rasmiy kommunikatsiya kanallariga bugungi kunga qadar fuqarolar tomonidan bankomatlarga “Bankomat ishlamaydi” yoki “Karantin” degan yozuvli qog‘ozlarni yopishtirish holatlari haqida xabarlar kelib tushmagan.

Kelgusida bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda bankomatlarga xizmat ko‘rsatuvchi banklar yoki Markaziy bankning yagona ishonch telefoni – 71-200-00-44 raqami orqali murojaat qilish mumkin.

Shu o‘rinda fuqarolarga ma'lum qilamiz: hozirgi kunda respublikaning barcha hududlarida (Humo va Uzcard) to‘lov tizimlarining jami 5 100 dona bankomatlari bank infratuzilmalari va aholi gavjum bo‘lgan joylarga o‘rnatilgan. Mazkur bankomatlarning uzluksiz ish faoliyati hamda doimiy naqd pul mablag‘lari bilan ta'minlanishi muntazam nazoratga olingan.

O‘z navbatida, fuqarolardan bankomatlar orqali naqd pul mablag‘larini olishlari uchun oraliq masofani saqlash, bankomatlarga zarar yetkazmagan holda foydalanish hamda keng aholi manfaatlarini o‘ylab, bankomatlarga turli asossiz yozuvli qog‘ozlarni yopishtirmasliklari so‘rab qolinadi” deya Akmal Nazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Markaziy bank vakili naqd pul o‘zida virusni saqlash xususiyatiga egaligi bois, undan imkon qadar kamroq foydalanishni, xaridlarni plastik kartalar yordamida amalga oshirishni, shunda ham plastik kartani tez-tez dezinfeksiya qilib turishni tavsiya etdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top