Humo va Uzcard bankomatlari integratsiyasi deyarli yakunlandi
Markaziy bankning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 24 ta tijorat banki Humo va Uzcard bankomatlari integratsiyasini yakunlagan. Natijada O‘zbekistonda mavjud 12 339 ta bankomatdan 92 foizi ham Humo, ham Uzcard kartalariga xizmat ko‘rsatishni boshlagan.
2023 yil 1 iyundan boshlab tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini bosqichma-bosqich o‘zaro bir-biriga ulash boshlangandi.
Integratsiya bir bankomat ham Humo, ham Uzcard kartalariga xizmat ko‘rsatishiga imkon beradi.
Markaziy bankning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bankomatlarga ega 27 ta bankdan 24 tasi o‘z tarmog‘idagi bankomatlarda integratsiyani 100 foiz yakunlagan.
3 iyul holatiga, 27 ta tijorat bankiga tegishli jami 12 339 bankomatdan 11 458 tasi integratsiya qilingan. Shunday qilib, umumiy integratsiyalashuv jarayoni 92 foizga yetgan.
Barcha Uzcard va Humo bankomatlarini integratsiya qilgan banklar qatorida bankomatlari eng ko‘p bo‘lgan Xalq banki (3111 ta), Kapitalbank (1197 ta) va Agrobank (1423 ta) ham bor. Faqat Sanoatqurilishbank integratsiya jarayonini 53 foizga, Ipak yo‘li banki esa 55 foizga yetkazgan; 6 ta bankomatga ega O‘zagroeksportbank ularni hali moslashtirmagan.
Eslatib o‘tamiz, Uzcard va Humo to‘lov tizimlari integratsiya qilinishi haqida 2020 yildan buyon aytib kelinadi. Bu jarayon 2021 yil oxirigacha yakunlanishi haqida rasman e’lon qilingan, lekin bu amalga oshmay qolgandi.
Markaziy bank O‘zbekistonda Uzcard va Humo to‘lov tizimlarining bankomatlarini integratsiya qilish ishlari 2023 yil may oyigacha yakunlanishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Biroq integratsiya jarayoni iyun oyida boshlandi.
Regulyator 2023 yil yakuniga qadar to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlarini yakunlashni reja qilgan.
Avvalroq 2022 yilda O‘zbekistondagi bank kartalari soni 34 millionga yetgani ma’lum qilingandi.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024