10:13 / 13.04.2020
45597

Samarqandda 63 yoshli fuqaroga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi

IIV huzuridagi Tergov departamenti ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 63 yoshli kishi urib-do‘pposlangani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi

Foto: Videodan kadr

2020 yilning 29 mart kuni taxminan soat 02:30da 32 yoshli A.T. Samarqand shahrida joylashgan “Tabiat-saxovat” dehqon bozori oldida joylashgan do‘kon oldiga kelgan.

Tergov departamenti xabarida aytilishicha, u shu do‘konda norasmiy qorovul bo‘lib ishlagan fuqaro 63 yoshli X.M.ga qorni ochganligini va unga “xot-dog” tayyorlab berishini aytgan, ammo X.M. unga do‘kon karantin sababli do‘kon yopiqligini aytganidan so‘ng u bilan janjallashib qolib, X.M.ni qo‘l va oyoqlari bilan qasddan urib-do‘pposlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro A.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.T.ga JKning 104-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e'lon qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top