13:06 / 17.04.2020
17488

Buxoroda yana 11 bemor tuzaldi. O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 140 nafarga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoroda yana 11 nafar bemor tuzalib, ushbu viloyatda kasallikdan sog‘ayganlarning jami soni 39 nafarga yetgani haqida xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 17 aprel kuni ham Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 11 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan bo‘lib, «Sitorai Mohi Xosa» sanatoriysida karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 8 nafari ayollardir. Ulardan 5 nafari poytaxtimizdan, 2 nafari Toshkent viloyatidan bo‘lsa, Buxoro, Samarqand, Namangan va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 56 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 30 yoshda.

«Ushbu muvaffaqiyatli qadamlarga sabab koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani desak, xato bo‘lmaydi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 28 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 39 nafarga yetdi.

Eng muhimi, sog‘liqni saqlash sohasida keyingi yillarda olib borilgan islohotlar, tibbiyot muassasalarida barcha zarur sharoitlarning yaratilgani, malakali kadrlar bilan ta'minlanganligi koronavirus pandemiyasiga qarshi tezkor va samarali kurashishning ham asosiy omili bo‘lmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ayni paytga qadar O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan tuzalganlarning jami soni 140 nafarga yetdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top