17:01 / 13.05.2020
32980

Vazirlik: «Omondarada 2-bosqich ishlari uchun katta mablag‘ talab qilinadi». Avval sarf qilingan mablag‘-chi?

Suv xo‘jaligi vazirligi «Omondara» past bosimli suv omboridagi uch yillik yoriq: quruq yozishmalardan charchagan 20 ming kishi xavf ostida» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

Omondara suv ombori

Munosabatda Omondara suv omborida hosil bo‘lgan girdob aholiga xavf solmasligi ma'lum qilingan. Bu xabar vazirlikning telegram kanalida e'lon qilindi.

Ammo bizning o‘rganishlarimizda masala faqat to‘g‘onning aholiga xavf solish-solmasligi haqida bo‘lmagan. Xususan, vaziyatni kuzatar ekanmiz, kishida bir qancha og‘riqli savollar paydo bo‘ladi.

Birinchidan, suv omborlarni qurishdan o‘zi maqsad nima? Aytaylik, zaxira yaratib, aholining ehtiyoji kuchaygan, suv tanqisligi ortgan vaqtda me'yor bilan suvni taqsimlab berish. Isrofning oldini olish. Omondaraga o‘xshash sel suvi bilan hosil bo‘ladigan hududlarda aholining xavfsizligini ta'minlash va shu kabi masalalar.

Afsuski, “Omondara” bilan bog‘liq birgina jihatning o‘ziyoq hududda katta isrof va loqaydlikka yo‘l qo‘yilayotganini ifoda eta oladi. Jumladan, mana, to‘g‘on qurilaganidan buyon bir martada to‘planishi zarur bo‘lgan 375 ming kub suv zaxirasini ushlab turishning imkoni bo‘lmayapti. Bu yog‘in-sochinli kunlarda bir martada 100-150 ming kub suv oqizib yuborilyapti, degani. Nazoratchilarning aytishicha, bunday holat may oyining boshidayoq ikki-uch marta kuzatilgan. Mart, aprel oylaridagi yog‘inli kunlar esa o‘z-o‘zidan ma'lum. Buni yanayam yaxshiroq hisobini tabiiyki, soha mutaxassislariga juda yaxshi ma'lum. Vaholanki, ushbu suv to‘g‘onining qurilishidan dastlab ko‘zlangan maqsad ham suv tanqis bo‘lgan hududda qo‘shimcha 100 gektar yer maydonlarini o‘zlashtirish, aholi bandligini ta'minlash edi. Xo‘sh, bu maqsadga qanchalik erishildi? Kerakli suvni ushlab turishning imkoni bo‘lmayotgan bir vaqtda, u maqsad haqida o‘ylashning o‘zi ham ortiqcha, nazarimizda.

Ikkinchidan, suv omborni qurgan tashkilot – “Samarqandsuvqurilishinvest” davlat unitar korxonasi to‘g‘onda hosil bo‘lgan girdobni bartaraf etish uchun bir necha marta uringan, ammo natija yo‘q. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: sifatsiz suv ombori uchun nega hech kim javob bermayapti? Nega vazirlikning munosabatida loyihachi, quruvchi, buyurtmachi, umuman suv omborni topshirish, qabul qilib olishga mas'ul bo‘lganlar haqida hech narsa deyilmagan? Havoga sovurilgan mablag‘larning hisobini kim so‘raydi?

Uchinchidan, vazirlik ushbu inshoot qurilishini ikki bosqichli, deb izoh bermoqda. Ikkinchi bosqichga katta mablag‘ talab qilinishi va joriy yilning to‘rtinchi choragidan bu ishga kirishilishi haqida so‘z borgan. Qiziq, bu haqda nega shu paytga qadar biror joyda qayd etilmagan? Vazirlik, loyihaning ikkinchi qismi, ya'ni 2022 yilda tugallanishi haqidagi “xushxabar” bilan eski kamchilik va muammolar ustiga tuproq tortmayaptimi? Eskisining hisobini bermasdan turib, yana davlatda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini qanday izohlash mumkin?

To‘rtinchidan, munosabatda xavotirga o‘rin yo‘qligi haqida ma'lum qilingan. Umid qilamiz, ular haq bo‘lsin. Chunki, “Sardoba” masalasida zarar Qozog‘istonga yetib bormasligi haqida ham biz, bizning mutaxassislarimiz gapirgandi...

Top