Tuya — suvsizlikka eng chidamli, asosan cho‘llarda uchraydigan, og‘ir-bosiq va eng muhimi uncha-munchaga ovozi chiqavermaydigan jonivor.

Bugun biz harakat (harakatsizlik)lari bilan shu jonivorni eslatib yuboruvchi vazirlik haqida so‘z yuritamiz.

Quruq iqlimi tufayli hozirgi O‘zbekiston hududi har qanday sivilizatsiyaning yashab qolishi va taraqqiy etishi uchun asosiy omil bu suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘lib kelgan.  Mintaqadagi dastlabki yirik shaharlar: Samarqand va Buxoro Zarafshon daryosi bo‘yida, Termiz, Urganch va Xiva Amudaryo bo‘yida barpo etilgani ham bejiz emas. Ushbu hududlardagi davlatlar suv tufayli mintaqada ustun mavqega ega edi, tarixan ham suv mintaqada barqarorlikni ta'minlashda eng muhim vosita bo‘lib kelgan.

Oxirgi yillarda suv manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida turli jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda va Orol dengizining bugungi holati bunga ayanchli bir misoldir.

Qishloq xo‘jaligida suvning isrofi tufayli butun bir dengizdan mahrum bo‘lgan mamlakatmiz. Orol dengizining qurishi oqibatida O‘zbekistonning katta qismi cho‘llashishga mahkum bo‘ldi va bu jarayon hanuz davom etayotgani haqida takror-takror bong urilyapti.

Biroq amalda obihayotni tejash, undan oqilona foydalanish bobida holatimiz o‘ta yomon.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlarining hisobotlarida qayd qilinishicha, O‘zbekistonda suv resurslaridan foydalanish darajasi tahlikali nuqtaga yetgan. Mamlakat o‘z suv zaxiralarining 169 foizidan foydalanmoqda. Bu dahshatli ko‘rsatkich.

Xo‘sh, O‘zbekistonda suv manbalaridan to‘g‘ri foydalanish va ularning sarfi bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti hisoblangan Suv xo‘jaligi vazirligi nima bilan band?

Suv taqchilligi va suv zaxiralari shiddat bilan kamayib borayotgan bir paytda Suv xo‘jaligi vazirligi - tahdidlar haqida biror marta og‘iz ochmadi.

Vazirlikning rasmiy saytida berib borilayotgan yangiliklarning so‘nggi bir oyligiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, asosan kadrlar malakasi oshirilayotgani, ko‘chat ekish ishlari bajarilayotgani, “ekskavatorchilikning mehnati og‘ir noni esa juda totli” ekani, qayerdadir o‘rdak boqish yo‘lga qo‘yilgani, qayerdadir suvchilarga qulay sharoit yaratilayotgani haqidagi xabarlarni uchratish mumkin.