10:46 / 17.07.2020
9588

«Turonbank» fuqarolarga omonatlari qaytarilmayotgani haqidagi maqolaga munosabat bildirdi

Foto: Turonbank

Kun.uz saytida «Turonbank»ning Zangiota filiali tomonidan fuqarolar Ziyoda va Fotima Musaxo‘jayevalarning 100 ming AQSh dollari miqdordagi omonat pullari sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bo‘lishiga qaramay qaytarilmayotgani haqida maqola e'lon qilingandi.

Ushbu maqola bo‘yicha «Turonbank» Respublika boshqaruvi munosabat bildirdi.

«Maqolada fuqarolar nomidan keltirilgan «Yaqinlari «Turonbank»ning Zangiota filialini ishonchli davlat banki deb tavsiya qilishgani uchun, jamg‘argan pullarini shu bankka qo‘yishga qaror qilishgan» jumlasida xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Chunki 2009 yil «Turonbank» ATB xususiy bank sifatida faoliyat yuritgan. Maqolada bayon etgan ushbu fikr fuqarolarning davlat banklariga bo‘lgan ishonchini so‘ndirish, ularda asossiz qo‘rquv va shubhaning tug‘ilishiga olib kelishi mumkin.

Maqolaning sarlavhasida «Turonbank» fuqarolarning omonatdagi 100 ming dollarini bermayapti» deb yozilishi go‘yoki bu yerda gap bankning barcha omonatchilari haqida yuritilayotgandek ma'noni bermoqda. Vaholanki bu yerda faqat ikki nafar fuqaroning omonat pullari haqida gap ketmoqda.

Bu sarlavha «Turonbank»ka umid bildirgan mijozlarning fikrlarini chalg‘itishi, ular bankka joylagan omonatlarining ishonchli muhofaza qilinishiga shubha uyg‘otishi mumkin.

Hozirda «Turonbank» omonat mablag‘ini bankning 2009–2010 yillarda ishlagan sobiq xodimi firibgarlik yo‘li bilan egallagan deb hisoblaydi va bunga ishonadi. Shu bois, mazkur masala Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan qo‘shimcha tergov harakatlari yakunlangandan so‘ng ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi», deyiladi bankning Respublika Boshqaruvi taqdim etgan munosabatda.

Mavzuga oid
Top