Kun.uz tahririyatiga qaynona-kelin – Ziyodaxon va Fotima Musaxo‘jayevalar yo‘llagan murojaatda bankning sobiq xodimlari omonatda saqlashga berilgan pullarni talon-toroj etgani haqida hikoya qilinadi.

Musaxo‘jayevalar bir necha yillar davomida o‘zlarining oilaviy jamg‘argan pullarini ishonchliroq joyga uzoq muddatga saqlab qo‘yish haqida o‘ylay boshlashgan. Yaqinlari Turonbankning Zangiota filialini ishonchli davlat banki deb tavsiya qilishgani uchun, jamg‘argan pullarini shu bankka qo‘yishga qaror qilishgan.

O‘sha vaqtdagi vaziyat haqida Ziyodaxon Musaxo‘jayeva quyidagicha hikoya qiladi:

«O‘g‘limning ishlari o‘sha vaqtda yaxshi bo‘lgani uchun, bu pullarni uzoq vaqtga, nevaralarim katta bo‘lgunga qadar omonatda saqlashni aytgan edim. Islom dinida foiz olish yaxshi emasligi sababli, pullarni foizsiz omonatga qo‘yishni ma'qul deb topdik.

Mening nomimdan 50 ming AQSh dollari va kelinim Fotima nomidan 50 ming AQSh dollarini omonatga qo‘yish uchun pullarni va pasportimizni 2009 yil 2 dekabr kuni o‘g‘lim Shavkatga berib yubordik. Shu kuni o‘g‘lim bankka borib, mening nomimga va kelinimning nomiga pullarni Turonbank Zangiota filialiga omonatga qo‘yib keldi. Mening nomimga 50 ming AQSh dollari omonatga qo‘yilgani haqida 022333-sonli omonat daftarchasi va kelinim nomiga 50 ming AQSh dollari qo‘yilgani haqida 022334-sonli omonat daftarchasini, pulni topshirgani haqida kvitansiyalarni olib keldi.

Oilamizda daromadimiz yetarli bo‘lgani sababli, davlat bankini ishonchli joy deb bilib, bu omonat pullarini uzoq vaqt so‘ramadik...»

2018 yil may oyida oila pulga ehtiyoj seza boshlagani sababli bankdagi omonat pullarini qaytarib olish uchun borishgan. Lekin Turonbank Zangiota filiali xodimlari ularga bankdagi omonat pullari joyida yo‘qligini xabar qilishgan.

Shundan keyin ular vaziyat bo‘yicha Turonbank ATBga murojaat qilishgan. Mazkur murojaat yuzasidan Turonbank ATB Boshqaruvi raisining 2018 yil 17 maydagi buyrug‘iga asosan, Zangiota filialida xizmat tekshiruvi o‘tkazish belgilanadi. Filialda o‘tkazilgan hamda Boshqaruv raisi tomonidan tasdiqlangan xizmat tekshiruvi xulosasida, bankning IABS elektron dasturidan ochib ko‘rilganda, 2010 yil 28 fevral kuni 2009 yil 2 dekabrdagi 010948-sonli kvitansiya bilan F.Musaxodjayeva nomiga hisob raqami ochilib, 50 000 AQSh dollari, Z.Musaxodjayeva nomiga ochilgan hisob raqamiga esa 20 000 AQSh dollari kirim qilingani, 2010 yil 1 mart kuni esa F.Musaxodjayeva nomiga yozilgan 015973-sonli chiqim kassa orderi bilan 50 000 AQSh dollari, Z.Musaxodjayeva nomiga yozilgan 015976-sonli chiqim kassa orderi bilan esa 20 000 AQSh dollari chiqim qilingani ma'lum bo‘lgani yoziladi.