18:50 / 21.11.2020
15070

«Navoiyazot»ning salkam 6 ming xodimi ishga velosipedda qatnamoqda

Ayni paytda «Navoiyazot» korxonasida 12 ming nafarga yaqin ishchi faoliyat yuritadi. Ularning qariyb yarmi ishga velosipedda qatnaydi.

Bu haqda Navoiy viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi To‘lqin Aliqulov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ma'lum qildi.

«Hozirda Navoiy viloyatidagi davlat va xususiy tashkilotlarda 78 mingga yaqin kishi ishlaydigan bo‘lsa, shuning 10 ming nafarga yaqini sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Bu kam, albatta.

Navoiy viloyatining respublikada takrorlanmaydigan o‘ziga xos xususiyati bor. Misol uchun, «Navoiyazot» korxonasining 12 ming nafarga yaqin ishchisi bo‘lib, shuning 6 mingga yaqini velosipedda ishga qatnaydi. Zavodga kirish joyida veloturargoh mavjud.

Navoiy shahri kichik bo‘lgani uchun taksi xizmatidan ko‘ra velosipeddan foydalanish qulayroq. Birinchidan, sog‘liq uchun foydali. Ikkinchidan, o‘zining cho‘ntagi uchun yaxshi»,-dedi To‘lqin Aliqulov.

Hokim maslahatchisi aholini sportga jalb qilish, bo‘sh turgan sport inshootlarida to‘garaklar ochish to‘g‘risida ham gapirdi. Uning aytishicha, ayni paytda viloyatda 1809ta sport inshooti mavjud. Mazkur binolarning 15-20 foizidan tadbirlar o‘tkazish uchungina foydalaniladi. Qolaversa, viloyat maktablarida malakali trenerlar ham yetishmaydi.

«Viloyatda sport bo‘yicha umumiy tahlilni o‘rganganimizda, sport mutaxassislari va chempionlarni yetishtirib berish uchun umumta'lim maktablarida sport zallari va to‘garaklar joriy etish muhimligi ayon bo‘ldi. O‘rganishlar davomida shuni bildikki, yoshlarni sportga jalb qilish uchun maktab sport zallarida trenerlarni ko‘paytirishimiz kerak. Lekin bizda bunday trenerlar yetishmaydi.

Sankt-Peterburg shahrida bo‘lganimda aholining aksariyat qismida semizlik kam uchrashiga guvoh bo‘lganman. O‘shanda turizm agentligi rahbaridan buning sababi haqida so‘raganimda, u fitnes klublar, trenajyor zallariga yil bo‘yi chegirmalar berilishini aytdi.

U yerda aholining fitnes klub va zallarga borishi uchun davlat alohida dastur qabul qilar va buni moliyalashtirar ekan. Shu sabab aholiga 30-40 foizgacha chegirmalar beriladi. Sport zallariga yillik qatnash uchun to‘lov qilinadigan bo‘lsa, arzimagan pul sarflanadi. Xuddi shuni o‘zimizda ham qo‘llashni taklif qilgan bo‘lardik.

Ko‘plab sport inshootlarimiz mavsumiy bo‘lib qolgan. Ularda respublika, viloyat va tuman darajasidagi tadbirlar o‘tkaziladi. Boshqa paytlarda shunday inshootlarning 15-20 foizga yaqini bo‘sh turadi. Biz sport boshqarmasi bilan maslahatlashib, bo‘sh turgan inshootlarda to‘garaklar joriy qilishni rejalashtirdik. Ota-onalar va tadbirkorlarning mablag‘lari hisobiga yoshlarning sport bilan shug‘ullanishini tashkil qilmoqchimiz. Zallar atrofidagi aholini, yoshlarni katta summa qo‘ymagan holda sport to‘garaklariga jalb qilsak yaxshi samara beradi. Chunki sport inshootlarini balansda saqlash bo‘yicha ham xarajatlar bor. Bu ham qaysidir ma'noda respublika budjetiga yuk. To‘garaklar tashkil qilib mana shu masalani ham yechsa bo‘ladi. Hozirda bu boradagi ishlarni boshladik. Tumanlardagi vakillarimizga aytdik, 2021-2022 yillarda shunday to‘garaklarni yo‘lga qo‘yamiz.

Albatta, davlat tomonidan sportga katta e'tibor beriladi, sport inshootlari ta'mirlanadi va katta mablag‘ ajratiladi. Lekin bu yetarli emas. Bu jarayonga xususiy tadbirkorlarni ham ko‘proq jalb qilishimiz kerak. Hozir aholiga birinchi o‘rinda sharoit yaratib bersak, sport klublari, zamonaviy sport maktablari qurib bersak, aholini targ‘ib qilib, ularni sportga jalb qilish mumkin.

Biz sport bilan muntazam shug‘ullanmaganimiz uchun ayrim turdagi kasalliklar kelib chiqadi. O‘sha kasallik ham oxirgi bosqichga yetganidan keyingina shifokorga murojaat qilamiz. Shifokor «kechikib kelibsiz, kech bo‘libdi» desa, unga ham jahl qilamiz. Aslida sport bilan shug‘ullanish insonni ko‘p kasalliklardan asraydi», dedi hokim maslahatchisi.

Ma'lum qilinishicha, Navoiy viloyatining aholisi 1 mln nafardan ortiqroq. Shundan 13 foizi muntazam sport bilan shug‘ullanadi. 2021 yilda mazkur ko‘rsatkichni 20 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Top