08:28 / 08.12.2020
8801

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi koordinatori: «Allamjonov va Mirziyoyeva tandemi AOKAni tark etgach, jurnalistlar himoyasi kamaygandek bo‘ldi»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva tandemi boshqaruvi ostida muayyan qadamlar qo‘ydi, faoliyat olib bordi, deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said.

Foto: KUN.UZ

“Keyin Allamjonov va uning jamoasi agentlikdan ketganidan so‘ng, menimcha, jurnalistlar himoyasi sal kamaygandek bo‘ldi. Bu juda salbiy hol. Nega? Chunki tizim alohida shaxslarga qaram bo‘lib qolgan.

Yaqinda “Tvitter”da xorijiy jurnalist O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga akkreditatsiya so‘rab topshirganini yozdi. U avgustda topshirgan, biroq tegishli muddat ichida unga akkreditatsiya ham, hech qanday javob ham berilmagan. Men uning yozganini Komil Allamjonovga yo‘lladim. Komil Allamjonov javob berib, Tashqi ishlar vazirligidagi rasmiylar bilan gaplashgani, ular ishni ko‘rib chiqishi haqida aytib o‘tdi. Angliyalik jurnalistning ishi bitdimi yoki yo‘qmi, xabarim bo‘lmadi. Lekin yana hammasi alohida shaxsga borib taqalyapti.

Aytaylik, Saida Mirziyoyeva ertaga ekologiya masalalari bilan shug‘ullansa, unda nima bo‘ladi. Faqat ekologiya, tabiatni muhofaza qilish sohasida vaziyat yaxshi bo‘ladi-yu, boshqa sohalarda vaziyat yomon bo‘lib qoladimi?

Qonunga asoslangan tizimni barpo etish kerak. U AOKA rahbari Allamjonov bo‘ladimi, Xo‘jayevmi, boshqa odammi – o‘sha tizim tursin va jurnalistlarga, OAVga munosabati o‘zgarmasin. O‘shanda tizim ham barqaror bo‘ladi, jurnalistlar ham o‘zini xavfsizlikda sezadi, chunki bir rasmiyning yoki boshqa rasmiyning kayfiyatiga, shaxsiy munosabatiga qaram bo‘lib qolmaydi”, — dedi Gulnoza Said “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, 23 noyabr kuni Kun.uz tahririyati 22 noyabr kuni e'lon qilingan «Xalqqa svet-gaz bering!» – ijtimoiy tarmoqlarda azaliy va og‘riqli mavzu» sarlavhali materiali tufayli AOKAdan ogohlantirish xati oldi. Unda tahririyat «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida xabardor qilingan.

Keyinchalik AOKA O‘zbekistondagi yana bir qator internet saytlariga ogohlantirish xatlari yuborgani ma'lum bo‘ldi. Gazeta.uz, Podrobno.uz va Daryo.uz nashrlari 26 noyabr kuni ushbu tashkilotdan koronavirus bemorlari uchun mo‘ljallangan kasalxonalardagi bemorlar statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqqoslangan yangilikni e'lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida ogohlantirilgani haqida xabar berdi.

Top