16:45 / 07.01.2021
4225

O‘zbekistonda 2020–2030 yillarda neft qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha dastur e'lon qilindi

Foto: TASS

O‘zbekistonda 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda neft qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish maqsadida dastur e'lon qilindi. Unga jalb qilinishi kutilayotgan xorijiy investitsiya miqdori 1 milliard 882 million dollarga teng bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu haqda 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, 2020–2030 yillarda neft qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha dastur doirasida Qarshi, Muborak, Andijon, Qorovulbozor tumanlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va neft qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish ishlari olib boriladi.

Loyiha doirasida 2020–2030 yillar oralig‘ida jami 10 ming 687 tonna neft qazib chiqarish maqsad qilingan. Dasturning umumiy qiymati 2 milliard 688 million dollar, shundan 1 milliard 882 million dollari Shveytsariyaning «Gas Project Development Central Asia AG» va Kiprning «Belvor Noldings Limited» kompaniyalari tomonidan kiritiladigan chet el investitsiyalari hisobidan shakllantirilgan.

Loyiha istiqbolli maydonlar va konlarda quduqlar va obektlarni tezkor qurish orqali, keyinchalik uglevodorodlarni qazib chiqarish hajmlarini oshirish va saqlab turish, shuningdek, xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali ularni jihozlash uchun yo‘naltirilgan.

Avvalroq, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha» dastur amalga oshirilayotgani haqida ma'lumot berilgandi.

Ma'lumot uchun, Gas Project Development Central Asia AG kompaniyasi 2017 yilda «Mustaqillikning 25 yilligi» konida ish boshlagandi. Ushbu xorijiy kompaniya «Centrex Europe Energy & Gas AG» va «Gazprom Germania GmbH» o‘rtasida tuzilgan qo‘shma korxona bo‘lib, unga Baxtiyor Fozilov rahbarlik qiladi.

Top