16:42 / 17.02.2021
9527

«Jartepa» chegara bojxona posti talabalar uchun ochildi

Samarqand viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Urgut tumanida joylashgan «Jartepa» chegara bojxona posti talabalar uchun ochildi. Bu haqda Kun.uz’ga Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, ko‘pchilik talaba-yoshlarning murojaatlari inobatga olinib, joriy yilning 17 fevral kunidan boshlab Samarqand viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Urgut tumanida joylashgan «Jartepa» chegara bojxona postidan talabalarning harakatlanishi uchun ruxsat berilgan.

Ta'kidlanishicha, pandemiya sababli shu kunga qadar talabalar Tojikistonga faqat «Sariosiyo», «Oybek» va «Plotina» chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishi mumkin edi. Masofaning uzoqligi o‘z navbatida ayrim talabalarga qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.

Ma'lumot uchun, «Jartepa» chegara bojxona posti orqali hozircha faqat Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishlari, shuningdek, xalqaro yuk tashuvchilarning yuk avtotransport vositalari hamda talabalar harakatlanishi belgilangan.

Top