18:09 / 17.03.2021
5721

«Banklar taklif qilayotgan aksar shartnomalarda mijoz manfaati bir tomonlama buzilgan» - IHHQJF

Banklar tomonidan taklif etilayotgan kredit shartnomalarining aksari faqat bank manfaatini ko‘zlab, bir tomonlama tuzilgan. Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijrochi direktori Inomjon Tog‘ayev Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda shu haqda ma'lum qildi. 

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Kun.uz muxbiri Federatsiya monopol tashkilotlarga nisbatan qanday munosabatda ekanligiga qiziqdi. Xususan, UzAuto shartnomalarida bir tomonlama manfaat aks etgani, avtomobil qiymatining 85 foizini oldindan qabul qilayotgani iste'molchilar huquqlarini qanchalik poymol qilishiga qiziqdi. 

«To‘g‘risi, jahon avtomobil sotish amaliyotida 85 foiz pulini olib, keyin 15 foizini olish qoidasi amal qilmaydi. Pulini to‘laysiz, avtomobilingizni olib ketasiz. Ayrim kompaniyalar, hatto, avtomobilning ma'lum bir qismini to‘lab, qolganini keyin to‘lash sharti bilan mahsulotlarini sotmoqda. 

Oldindan 85 foiz pulini to‘lab, ma'lum bir muddat kutib, keyin qolgan summani to‘lab, avtomobil xarid qilish amaliyoti faqat O‘zbekistonda bo‘lsa kerak. Monopoliya o‘zi erkin bozor iqtisodiyotining kushandasi. Bu nuqtayi nazaridan biz o‘z munosabatlarimizni bildirganmiz, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining sudga berishidan (O‘zavtosanoat va O‘zAvto kompaniyalarini – tahr.) ko‘pchilikning xabari bor. 

Qachonki, erkin raqobat bozor tamoyili asosida rivojlanar ekan, shundagina bu haqda gapirsa bo‘ladi. Lekin, hozircha, monopol tashkilotlarning qilayotgan ishi “istasang shu, bo‘lmasa katta ko‘cha” qabilida bo‘lmoqda», - dedi Inomjon Tog‘ayev.

U, shuningdek, banklar va mijozlar o‘rtasidagi shartnomalarning aksariyatida shartnoma bir tomonlama banklar foydasiga tuzilayotganiga ham e'tibor qaratdi. 

«Biz banklarni o‘rganganmiz. Ularning kredit bo‘yicha murojaat qilayotgan mijozlarga taqdim etayotgan shartnomalarining aksarida bank manfaatlari birinchi o‘rinda, ya'ni iste'molchi manfaati bir taraflama buzilgan. Kredit oluvchi ham, olsam bo‘ldi, deydi. Tahlil qiladigan bo‘lsak, qonun bo‘yicha iste'molchilar manfaatlari ko‘p bandlarida buzilgan. Shu haqda Markaziy bank boshqarmasiga o‘z tavsiyalarimizni berganmiz. Bu borada katta ish qilinmoqda», - dedi IHHQJF ijrochi direktori.

Mavzuga oid
Top