15 ta tijorat banki Toshkentdagi 100 ta mahallada kutubxona tashkil etish harakatini boshladi. Kutubxonalar 1 maydan boshlab ketma-ket ishga tushiriladi.
Bu haqda ma’lum qilgan prezident maslahatchisining o‘rinbosari Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, banklar “Kutubxonachi qiz” Telegram-kanali muallifi Shahnoza Navro‘zova Buxoro viloyatining Olot tumanida kutubxona ochganidan ilhomlanib, bu tashabbusga qo‘l urgan.
Kun.uz avvalroq Shahnoza Navro‘zova bilan suhbat e’lon qilgan edi.

Ishmetovning ma’lum qilishicha, Toshkentda boshlanayotgan loyihaga “Mahalla kutubxonasi” deya nom berilgan.
“Ular mahalla uchun ommabop maskanga aylanadimi? Kelajakda ularning sonini ko‘paytirib, yagona tarmoqqa birlashtirish mumkinmi? Ularning uzluksiz ishlashi, kitoblar bilan to‘ldirib turilishi qanday tashkil qilinadi? Ushbu savollar javobi ustida bosh qotiramiz, hozircha boshlayveraylik”, – deya yozdi u X tarmog‘ida.
Loyiha doirasida Sanoatqurilishbank 15 ta, Milliy bank 14 ta, Xalq banki 10 ta, Hamkorbank 8 ta, Ipak yo‘li banki 8 ta, Davrbank 7 ta, Oriyent Finans Bank 6 ta, Trastbank 6ta, Turonbank 6 ta, Aziya Alyans Bank 5 ta, Asakabank 4 ta, Biznesni rivojlantirish banki 3 ta, Infinbank 3 ta, Mikrokreditbank 3 ta, Aloqabank 2 ta mahallada kutubxona ochmoqda. Prezident maslahatchisi o‘rinbosari buning uchun ularga minnatdorlik bildirgan.

“Jarayonni kuzatib, kutubxonalar ishga tushgach, ularning xizmatidan foydalanib, o‘z fikringizni bildiring (kutubxonalarning aksariyati mahalla binolarida joylashmoqda)”, – deya jamoatchilikka murojaat qildi Timur Ishmetov.
U banklar tomonidan kutubxona tashkil etilayotgan mahallalarning tumanlar kesimidagi ro‘yxatini ham keltirib o‘tdi:















