11:04 / 20.04.2021
19466

LoseLose. Jar yoqasida qolgan futbol

Futbol balki o‘z tarixidagi eng xavfli nuqtada turibdi. Aslini olganda Superliga g‘oyasi u qadar yomon loyiha emas, ayniqsa, klublar moliyaviy aziyat chekayotgan bu davrda ayni muddao hamdir. Lekin bu nuqtaga evolyutsion emas, inqilobiy yo‘ldan borishi mana shu davrada necha manfaat bo‘lsa, hammasining mag‘lubiyati bilan yakunlanadi. Ishonavering.

Foto: Getty Images

Keling, tasavvur qilamiz, Superliga tashkilotchilari yo‘ldan qaytmadilar va hammasi bugun biz o‘ylashga ham qo‘rqayotgan nuqtaga yetib keldi. Ya'ni Superliga start olish arafasida, milliy ligalar bu klublarni diskvalifikatsiya qilgan, futbolchilarga nisbatan taqiqlar qo‘yilgan va hokazo.

Mag‘lub taraf nimalarni yo‘qotishi tushunarli. 12ta top-klubsiz UYeFA ham, uchta liga ham bor e'tiborini yo‘qotadi. Nafaqat joziba tarafidan, bu shundog‘am tushunarli, moliyaviy tomondan ham «o‘ldiruvchi» zarbaga uchraladi. La Ligada shundog‘am asosiy pul «Real», «Barselona» va «Atletiko» orqasidan keladi. «Kuchli oltilik»siz APLni tasavvur qilish mushkul. Shundog‘am og‘ir ahvolda bo‘lgan A Seriya klublari aynan «Yuventus» yoki Milan klublariga qarshi o‘yinlar orqali daromad qilayotgandilar. «Parma» yoki «Bolonya»ning chetda muxlisi yo‘q, tabiiyki, Ligalar mamlakat tashqarisida butun tomoshabinni yo‘qotishadi. Pandemiya davrida bunday yo‘qotishlar bilan tirik qolish mumkinmi? Yana o‘sha top-klublarsiz o‘tadigan Chempionlar Ligasi butun bir ligalarni qutqarib qola oladimi? Yo‘q, albatta. Bunisi tushunarli.

Go‘yoki, boy klublar o‘z qat'iyati tufayli azaliy orzuga erishadilar va osmondan pul yog‘iladigan turnirni boshlaydilar. Ammo bu turnir o‘sha orzudagi musobaqa bo‘lishiga ishonchingiz komilmi?

Bir qator faktorlar bu loyihaning muvaffaqiyatsiz chiqishiga yetarli bo‘ladi.

Birinchidan. Superliga g‘oyasi eng boshidan milliy ligalarga parallel ravishda tashkil qilinishi ko‘zda tutilgandi. Loyiha pishitilayotganda UYeFA mana shunday nozik tomondan ushlashini tashkilotchilar ham kutmagan bo‘lishsa kerak. 12talik vakuumda, u har qancha grand klublardan tashkil topmasin, uzoq vaqt yashab qolish mushkul. Milliy ligalarsiz bu turnir umuman mazmunini yo‘qotadi. Tashkilotchilar milliy ligalarga qo‘shimcha holda har bir top-klub uchun 20-23 o‘yin va'da qilgan bo‘lishsa, endi milliy ligadagi 38 o‘yindan mahrum qilinadi. Cheklangan oz jamoa bilan bu bo‘shliqni to‘ldirish umuman ilojsiz.

Ikkinchidan, aytilyaptiki, Superligada top-o‘yinlar ko‘p bo‘ladi, turnirning qiziqarliligi uchun buning o‘zi yetarli. Men bunday o‘ylamayman. Misol uchun, bu mavsumda APLda bo‘lib o‘tgan qaysi top-uchrashuv yodingizda qoldi? Top-6 o‘rtasidagi bahs deganda, avvalo 0:0 hisoblari xayolga kelmayaptimi? Top-klublarning raqobati o‘zaro o‘yinlarda emas, boshqalar ham qatnashadigan ligada, turli janrdagi to‘siqlarni yengishdagi solishtirmalarda namoyon bo‘lmaydimi? APLning ushbu mavsumi top o‘yinlardan-da ko‘proq, «Lester»ning «Etihad»dagi g‘alabasi, «Liverpul»ning aynan autsayderlar bilan o‘yinlardagi ajib mag‘lubiyatli seriyasi, «Yunayted»ning «Lids» va «Everton» bilan golli bahslari, «Tottenhem» yetakchilarining sermahsul o‘yinlari bilan yodda qolmayaptimi?

Futbol teng kuchli raqiblar bahsi bilan emas, o‘ziga yarasha ssenariylari bilan go‘zal. «Milan» va «Yuventus» qatorasiga besh marta o‘ynashi mumkin, aniq, uchinchisida zerikishni boshlaymiz. Bir-birini navbati bilan yutishidan ko‘ra, kuchsizroq raqiblarning syurprizlari jozibaliroq bo‘lmaydimi? Masalan, yil bo‘yi «El Klasiko»ni kutamiz, lekin esingizda bo‘lsa, kubok va Chempionlar Ligasi qur'asi tufayli bu jamoalar bir oyda to‘rt marta to‘qnash kelgandilar. Nazarimda, o‘sha yilda ikki bor bo‘ladigan kayfni bermagan.

Buning ustiga, Superliganing shu formatdagi variantida hamma yomon ko‘rayotgan eng yomon, sport prinsiplariga zid jihati, ba'zi klublarning natijadan qat'i nazar turnirda qolishlaridir. Shuningdek, chiqib-tushib turadigan yana besh o‘rin haqida gap borar ekan, UYeFA va Ligalar bilan kelishmay turib, bu ham amalga oshishi qiyin. Chunki Superligaga chiqib, yana tushib, Ligaga qaytadigan klublarga ruxsat berilmasligi mumkin. O‘z-o‘zidan Superliga tarkibi o‘zgarmaydigan bir nechta klublar bilan qolib ketishiga to‘g‘ri keladi.

Uchinchidan. Superliganing bu alfozda, shoshilinch tashkil qilingani ko‘pchilikning hafsalasini pir qilishi mumkin. Tuxel ham, Sulsher ham bu haqida endi eshitib turishganini aytishdi. Zidan norozi bo‘ldi. Hali futbolchilarning fikrini bilganimiz yo‘q. To‘g‘ri, ular maosh olishadi, ammo hamma narsani pul hal qilmaydi – futbolchi yoshligidan orzu qilgan Chempionlar Ligasi finalida o‘ynay olmasa, «Oltin to‘p» uchun kurashmasa, motivatsiya qayerdan keladi? Superliga «Bavariya» va «PSJ»siz dunyoning eng kuchli turniri sifatida tortiq qilinish imkoniyatiga ham ega emas.  

Shuningdek, qarorlar shoshilinch qabul qilingani moliyaviy tomonga ham ta'sir ko‘rsatadi. Tashkilotchilar juda katta summalar va tayyor homiylar haqida aytishayotgan bo‘lsalar-da, UYeFAning cheklovlaridan so‘ng vaziyat o‘zgaradi. Avgustgacha, bu qadar qisqa vaqt ichida, translatsiyalar bo‘yicha muzokaralarda yutqiziqli pozitsiyada bo‘ladilar. Uch oyda o‘nlab variantlar ichida tender qilishga vaqt yo‘q, narigi tomonlar ham bu ojizlikni bilib turgan holda muzokaraga kiradilar.

Buning ustiga, UYeFA yana ishtirokchi klublarni sudga berish bo‘yicha ham ish boshlashi mumkin. Shundog‘am yangi turnirning shuncha boshog‘rig‘i turganda, uzoq davom etadigan sud jarayonlari ham oyoqqa bolta uradi.

To‘rtinchidan. Eng yomoni, UYeFA FIFA bilan birgalikda Superligada to‘p suradigan futbolchilarning terma jamoalar safida o‘ynashlariga taqiq qo‘yilishidir. Bu hammasi emas, FIFAda transferlarni qayd etadigan richag ham bor. Tashkilot istasa, qolgan jamoalarga Superligadan transfer qilishda cheklovlar qo‘yishi ham mumkin. Qo‘rqmasdan aytish mumkinki, agar ish shu darajagacha borsa, futbol o‘ladi.

Ha, ba'zilar basketboldagi yoki darsdagi yopiq ligalarni misol keltirishi mumkin. Balki o‘xshash shartlarda futbol ham yashab qolishidan umid qilish mumkindir, lekin men bunga qo‘shilmayman.

Ayting-chi, televizorni yoqdingiz, sizga umuman notanish bo‘lgan ikki jamoa maydonda bahslashyapti. Bu o‘yin sizga qay darajada qiziq bo‘ladi? Misol uchun, shu shartlarda siz boksni, snukerni, tennisni yoki hatto suzish musobaqasini qiziqish bilan kuzatasiz, ammo futbolni emas.

Professional boksda eng muhim o‘yin oldidan bir necha boshqa janglarni ham bemalol tomosha qila olasiz. Bokschilar siz uchun butunlay notanish bo‘lsa-da, bemalol qiziqasiz, kimgadir muxlislik qilasiz. Ammo tasavvur qiling, jahon chempionati finali oldidan, e'tiboringizda bitta Angliya 4-ligasidan, bitta ikki Osiyo terma jamoalari o‘rtasida yoki shu maqomdagi 3-4 o‘yinni qo‘yib berishsa, qiziqib tomosha qilasizmi? Yo‘q, albatta.

Futbol doim o‘z bekgraund, intrigasi, turnir jadvali, qo‘shimcha ma'lumotlari bilan jozibadordir. Ma'lum bir jamoani, futbolchini, turnirni davomli kuzatmayotgan bo‘lsangiz, alohida olingan har qanday uchrashuv sizni jalb qilishi juda mushkul ish.

Agar butun dunyo futboli kompakt shaklda faoliyat ko‘rsatmasa, bir tizimda eng yaxshilar aniqlanib, dunyo va qit'a chempionlari aniqlanmasa, top-murabbiylar tomonidan futbol trendlari va tamaddun poydevorlari qo‘yib borilmasa, mana shu barchasini bir dasturxonga tuzashmasa, futbolning ham qizig‘i qolmaydi. Ishonavering, 90 daqiqada ba'zida birorta ham gol bo‘lmaydigan bu o‘yin alohida olinganda u qadar go‘zal emas.

Ikki parallel olamdagi futbolni tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Bu shartlarda har ikki tomonda ham yuqori saviyadagi, ayniqsa, katta daromad keltiradigan musobaqani shaxsan men ko‘z oldimga keltira olmayapman. Tabiiyki, 12 klub egalari ham, tashkilotchilar ham ziddiyatning bu darajaga o‘tib ketishini kutishmagan. Muzokaralar stoliga o‘tirish va ham UYeFA, ham Ligalar rozi bo‘ladigan o‘rta yo‘l topilishidan, mana shu 12 klub ko‘proq manfaatdordir. Eng boshidan, Superliga faqat va faqat UYeFA va FIFA bilan kelishilgan holda, hamkorlikdagina yashay olishini tushunishardi, bunga shubha yo‘q.

Bu albatta, UYeFA va Ligalarning g‘alabasini anglatmaydi. Eng yuqorida aytilganidek, vaziyatdan eng ko‘p va eng tez yutqazadiganlar ham avvalo UYeFA va Ligalar bo‘ladi. Top-klublar ma'lum vaqt yashab turishlari mumkin, lekin bu tomon yanada ayanchli holatda qoladilar. Birdaniga 12 top-klubning bir masalada bu qadar qat'iy va birlikda bo‘lgani katta kuch. Katta ehtimol bilan UYeFA muzokaralar paytida anavi bayonotlaridagidek keskin bo‘la olmaydi. Ba'zi masalalarda yon bosishi, ba'zi o‘rinlarda ko‘z yumishga majbur.

Eng muhimi, UYeFA ham, klublar ham, agar oxirigacha kurashilsa, har ikki tomon ham mag‘lub bo‘lishini tushunib yetgan bo‘lishlaridir. Ana o‘shanda, qaysarlikni bir chetga yig‘ishtirib, o‘rta yo‘l topish osonlashadi. Futbol qutqarib qolinadi. 

Qahramon Aslanov

Top