23:14 / 14.07.2023
19967

«Yuventus» Superliga g‘oyasidan voz kechdi – loyiha ham «o‘limiga» yaqinlashmoqda 

Foto: Alessio Marini / Imago / TASS

Turinning «Yuventus» klubi Yevropa Superligasi loyihasidan chiqish jarayoni boshlanganini rasman e’lon qildi. Endi Chempionlar Ligasiga muqobil turnir sifatida ishlab chiqilgan loyiha ro‘yxatida atigi ikkita ishtirokchi qoldi va ro‘yobga chiqishi uchun minimal imkoniyatlarga ega. Forbes.Sport futbol jamoatchiligini ikkiga bo‘lgan turnir taqdiri haqida ma’lumot jamladi. 

«Yuventus»ga UYeFA bosim qildi 

13 iyul kuni «Yuventus» Yevropa Superligasidan chiqish jarayoni boshlanganini rasman e’lon qildi. Qaror loyihaning qolgan ishtirokchilari tomonidan tasdiqlanganidan keyin kuchga kiradi. Bunday jamoalar faqat ikkita: «Real» va «Barselona». Turinliklar UYeFA tomonidan bosim tufayli bu qadamni qo‘yishga majbur bo‘ldi. AS xabariga ko‘ra, Italiya klubiga agar ishtirokchilar orasida qolsa, uch yilga yevrokuboklardan chetlatish bilan tahdid qilingan. 

Hozirgi vaziyatda «Yuventus»da harakat erkinligi imkoniyati bo‘lmasa kerak. Mavsum davomida klub koronavirus pandemiyasi davridagi moliyaviy firibgarlik uchun jazolandi va chempionatda 10 ochkodan mahrum etildi. Natijada jamoa turnirni yettinchi o‘rinda yakunladi va nufuzi jihatidan uchinchi o‘rinda turadigan Konferensiya Ligasiga yo‘l oldi. Ammo «Keksa sinora» unda ham ishtirok etmasligi ehtimoli bor. 

Mahalliy matbuotning yozishicha, klub UYeFA bilan kelishuvga erishishi mumkin. Yevropa assotsiatsiyasi keyingi yevrokubok mavsumini o‘tkazib yuborish evaziga «Yuventus»ga qo‘shimcha sanksiyalar kiritmaydi. Balki Superligani tark etish ham tashkilot bilan yaxshi munosabatda bo‘lishning yana bir shartidir. 

Klubning avvalgi rahbariyatida turinliklar bunday qadam tashlashga jur’at eta olmagan bo‘lardi. Moliyaviy firibgarlik ishi sudga o‘tganidan so‘ng, «Yuventus» rahbariyati deyarli to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi. Direktorlar kengashi tarqatib yuborildi, prezident Andrea Anelli va vitse-prezident Pavel Nedved o‘z lavozimini tark etdi. 

Anelli UYeFA rahbari Aleksandr Cheferin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va Yevropa klublari assotsiatsiyasini boshqargan. Ammo Superliga tashkil etilgani e’lon qilinganidan keyin hammasi o‘zgardi: italiyalik assotsiatsiyadagi o‘z lavozimini tark etdi va Cheferin uning xatti-harakatlarini xiyonat deb bildi. «Men hech qachon shunchalik ko‘p yolg‘on gapiradigan odamni uchratmaganman», dedi Aleksandr sobiq do‘stining xatti-harakatlari haqida. 

«Yuventus»ning Superligadan chiqib ketishi amalga oshish imkoniyatlari allaqachon pasayib ketgan loyiha pozitsiyasiga putur yetkazadi. Endi turnirdagi ishtirokini tasdiqlagan 12 klubdan faqat ikkitasi qoldi. 

«Real Madrid», «Barselona», «Atletiko», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Arsenal», «Liverpul», «Tottenxem», «Chelsi», «Inter», «Milan» va «Yuventus» loyihada ishtirok etishini ikki yil avval tasdiqlagan edi. Loyihaning asosiy tashabbuskorlari «Real Madrid» prezidenti Florentino Peres va Andrea Anelli bo‘lgan. Ular Chempionlar Ligasi va UYeFA siyosatiga qarshi chiqmoqchi edi. Tashkilotchilarning fikricha, yevrokuboklarning hozirgi modeli yetarlicha daromad keltirmaydi va futbolga yangi auditoriyani jalb qila olmaydi. Tomoshabinlar esa top-klublar o‘rtasidagi o‘yinlarga muhtoj va shartli Bolgariya yoki Serbiya klublari bilan qarama-qarshiliklar odamlarni qiziqtirmaydi. 

Pandemiya davrida klublar qiyin kunlarni boshdan kechirdi: turnirlarning to‘xtatilishi va tribunalarda muxlislarning kamayishi barcha top-klublarning moliyaviy ahvoliga jiddiy zarba berdi. Shuning uchun ular Superligani tashkil etishga tezroq harakat qila boshladilar. Uning ishga tushirilishi 2021 yil 18 aprelda rasman e’lon qilindi. Turnir formati 20 ta ishtirokchidan iborat, ularning 15 tasi doimiy a’zo va yana 5 tasi almashib turuvchi edi. 

Doimiy ishtirokchilar: 12 ta ta’sischi klub va o‘sha paytda Superliga bilan muzokara olib borayotgan yana 3 ta jamoa. Bunday klublar har qanday natijada turnirdan chiqib ketmaydi. Ishtirokchilar 10 ta jamoadan iborat 2 guruhga bo‘linishi rejalashtirilgan edi. Ular bir-biri bilan uy-mehmon tizimida o‘ynaydi, keyin esa pley-off bosqichi boshlanadi. Klublarning yevrokuboklarda ishtirok etishiga imkon bermaydigan o‘yinlar hafta o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. 

Loyihaning bosh homiysi Amerikaning JPMorgan banki ekani aytildi va u turnir ishtirokchilariga 3,5 milliard yevro taqdim etishga tayyor edi. New York Times xabariga ko‘ra, Peres va Anelli ta’sischi klublarga boshqa homiylarni ham jalb qilishni va’da bergan. Bu esa har bir klubga Superliganing bir mavsumida kamida 350 million yevro ishlab olish imkonini berishi kerak edi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2022 yilda Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan «Real Madrid» 133 million yevro ishlagan. 

Ammo Superliga tashkil etilgani haqidagi xabarni deyarli hech kim quvonch bilan kutib olmadi. UYeFA turnir ishtirokchilariga Yevropa musobaqalaridan chetlatish bilan tahdid qildi. FIFA esa Superliga futbolchilariga milliy jamoalarda o‘ynashni taqiqlamoqchi bo‘ldi. Angliya, Ispaniya va Italiya ligalari jamoalarni chempionatdan chetlatishga va’da berdi. 

Superligaga qarshi muxlislar ham bor edi. Sevimli klublari uchun moliyaviy imtiyozlar va’da qilinganiga qaramay, muxlislar sport tamoyilining yo‘qligidan mamnun emas edi. Chunki, oldin Yevropa turnirlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish lozim edi, bu musobaqalar shunisi bilan qadrli bo‘lgan. Superliga ta’sischi klublari esa o‘zini bu muammodan xalos etishdi. 

UYeFA, milliy ligalar va muxlislarning ultimatumlari natija berdi. Klublar har xil turnirlardan chetda qolishdan cho‘chib, tezda Superliga loyihasini tark etishdi. Oqibatda, ishtirokchilar orasida faqat «Yuventus», «Real» va «Barselona» qoldi. Superliga loyihasi ishga tushganidan atigi uch kun o‘tgach, to‘xtatildi. 

Superliga yangi formatni joriy qildi, ammo hamma narsani sud murakkablashtirdi 

Dastlabki urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, Superliga tashkilotchilari taslim bo‘lishga tayyor emas edi. Ular UYeFA va FIFA tashkilotini raqobat qonunchiligini buzganlikda ayblab, Yevropa sudiga murojaat qilishdi. Ularning fikriga ko‘ra, bu ikki tashkilot futbolni monopoliya qilib olib, boshqalarga o‘z roziligisiz musobaqa tashkil etishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ammo sud UYeFA va FIFA haq ekanini tan oldi. 

Bu qaror UYeFA va FIFA ruxsat bermaguncha Superligani rasman yo‘lga qo‘yib bo‘lmasligini anglatar edi. Va ushbu xalqaro federatsiyalar hamon bu loyihaga qarshi chiqishda davom etmoqda. Shunga qaramay, bu vaqt davomida «Real» va «Barselona» taslim bo‘lmadi. Ular turnirning yangi strategiyasini ishlab chiqish uchun A22 marketing agentligini yollashdi. 

Yangilangan format bir nechta ligalarni o‘z ichiga oladigan bo‘ldi. Turnirda 60 dan 80 tagacha klub ishtirok etishi mumkin edi. Hech kim doimiy a’zolikka ega bo‘lmaydi va klublar milliy turnirlardagi ko‘rsatkichlariga qarab Superligaga yo‘l oladi. Mavsum davomida har bir klub turnirda kamida 14 ta o‘yin o‘tkazadi. 

Superliganing 10 ta asosiy tamoyili e’lon qilindi. Ular orasida milliy turnirlarga hurmat, Yevropa Ittifoqi qonunlariga rioya qilish, moliyaviy shaffoflik va futbolchilar salomatligiga e’tiborli bo‘lish kabilar bor. 

Ammo bu takliflar UYeFA, FIFA va milliy federatsiyalarni ko‘ndirmadi. Ular yana loyihaga qarshi chiqdi. Shundan so‘ng, hech bir klub loyihaga qo‘shilishini e’lon qilmadi. Hozirda bu turnir format konsepsiyasiga, ikkita ishtirokchiga va Yevropa sudi qo‘ygan taqiqqa ega. Demak, yaqin kelajakda Superligani ko‘rish imkoniyati nihoyatda past. 

Top