Superliga loyihasini ishga tushirish qarori 19 aprelga o‘tar kechasi e'lon qilingandi. «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Real», «Barselona», «Atletiko», «Milan», «Inter» va «Yuventus» klublari o‘z rasmiy saytlarida ushbu loyihada ishtirok etishini ma'lum qilgandi. Liga prezidenti Florentino Peres bo‘lgandi.

Ammo klublarning bu qarorlari noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqardi. Dushanba kuni Angliyadagi klublarning stadionlari atrofida muxlislar to‘planib, loyihani ishga tushirishni to‘xtatishni talab qilishdi. Ular elita jamoalaridan iborat yopiq turnir - futbol g‘oyalarini o‘ldirishidan xavotirlarini bildirishdi.

UYeFA esa bu klublarga va klublar futbolchilariga sanksiyalar joriy etilishi, klublar yevrokuboklardan ham, milliy chempionatlardan ham chiqarib yuborilishi, futbolchilar terma jamoalariga chaqirilmasligi bilan tahdid qildi.

Dushanba kuni kechqurun Peres turnir dasturi bilan tanishtirib, bayonot berdi, unda asosan yangi turnir klublarga koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘rilgan zararlarni qoplashga va o‘zini moliyaviy tomondan tiklab olishga yordam berishiga urg‘u berilgandi. Ammo Peres bu chiqishi bilan fanatlarni ishontira olmadi.

Natijada Angliyaning 6 klubi loyihada ishtirok etishdan bosh tortdi. 20 aprel kuni kechqurun Superliga asoschilari shoshilinch yig‘ilish o‘tkazishgan. 21 aprelga o‘tar kechasi loyiha to‘xtatilishi haqida e'lon qilindi.

Yevropa Superligasi matbuot xizmati turnir to‘xtatilganini rasman e'lon qilib, loyiha qaytadan ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

«Yevropa Superligasining ishonchi komilki, Yevropa futbolining hozirgi maqomi o‘zgarishlarga muhtoj. Mavjud tizim ishlamagani tufayli biz yangicha Yevropa musobaqasini taklif etdik. Bizning taklifimiz sportni rivojlantirish, shu bilan birga futbol piramidasining barqarorligini ta'minlash va pandemiya tufayli yuzaga kelgan og‘ir damlarda futbol jamoatchiligiga yordam berishga qaratilgan. Bu, shuningdek, futboldagi barcha manfaatdor tomonlarini katta mablag‘ bilan ta'minlaydi.