Dunyoning eng boy va kuchli 12 klubi Superliga tuzishayotgani haqida rasman e'lon qilishdi. Bu loyiha bir necha yildan beri mavjud bo‘lsa-da, bir qator sabablar, xususan, UYeFAning ba'zi qarorlari, top-klublarning daromadlarni kichik klublar bilan bo‘lishishni istamayotganliklari uni kun tartibiga chiqardi. Pandemiya davridagi moliyaviy zarbalar esa loyihaning tezlashishiga asosiy sabab bo‘ldi.

Turnir haqida rasman e'lon qilinishini oldindan sezgan UYeFA «qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar» qabilida ertaroq o‘z pozitsiyasini e'lon qildi – ushbu loyihaga qatnashuvchi klublar milliy chempionatlardan ham chiqarib yuborilishi va futbolchilar hatto milliy terma jamoalar safida ham maydonga tushish huquqidan mahrum qilinishi haqida ogohlantirdi.

Bu urinish ta'sir qilmadi, Florentino Peres boshchiligidagi turnir tashkilotchilari Superliga mana shu yil avgustidayoq start olishi haqida bayonot berdi. Ortidan klublar ham rasman buni tasdiqlay boshladi.

UYeFA esa navbatdagi zarbasini berdi: Joriy YeChL va YeL musobaqalari to‘xtatiladi. Masala yuzasidan tezkor majlis chaqirilib, «isyonkor klublar»ni hozir bo‘lib o‘tayotgan yevrokuboklardan diskvalifikatsiya qilish chorasi ko‘rilishi ham mumkin. Hatto Superliganing har bir klubini 50-60 milliard yevrolik sud da'vosi kutmoqda.

Juda ko‘p manfaatlar, masalan, futbolchilarning o‘z terma jamoalari sharafini himoya qilish istagi, muxlislarning irodasi, hatto yevrokuboklar translatsiyasini sotib olib, pulini to‘lab qo‘ygan telekanallar, homiylar va yana bir qator tomonlar bir chetga surilib, ikki tomon bir-biriga prinsipial borayotgani biroz kulgili. Xuddi, kim kimga ko‘proq muhtoj ekani borasida tortishuv boshlanayotgandek.

Xo‘sh, Superliga o‘zi nima?

FIFA, UYeFA kabi tashkilotlar bilan top-klublar o‘rtasidagi ziddiyatlar anchadan beri mavjud. Futbolda katta pullar aylanishi ma'lum, tilga olingan tashkilotlar esa doim kattaroq qismga ega chiqishga urinadi. Ayniqsa, terma jamoalar bilan bog‘liq musobaqalar doim klublarning manfaatlariga to‘siq qo‘yib kelgan. Futbolchilarga katta summalardagi maoshlar to‘laydigan klublar terma jamoa yig‘inlari tufayli ko‘p yo‘qotishlarga uchraydi, jarohatlar sodir bo‘ladi. Qolaversa, UYeFA Yevropa chempionati ishtirokchilari sonini va formatini o‘zgartirishi, Millatlar Ligasi kabi kelajagi shubhali bo‘lgan turnirlarga asos solishi doim klublarni jig‘ibiyron qilib kelgan.

Buning ustiga, top-klublar doim yevrokuboklardan daromadlar ishtirokchilar o‘rtasida adolatli taqsimlanmayotganidan norozi bo‘lib keladi. Masalan, Chempionlar Ligasining asosini va jozibadorligini ta'minlaydigan klublar yakunda shu qadar oz summa oladilarki, bu biror transfer narxining yarmini ham qoplamasligi mumkin ba'zida. Chempionlar Ligasi formati, ayniqsa, guruh bosqichida jamoalar soni ko‘paygani munosabati bilan qiziqarsiz bo‘lib qolayotgani ham sir emas.