20:14 / 21.05.2021
2758

Samarqandda ko‘p qavatli uyning derazasiga osilib qolgan 4 yoshli bolani odamlar qutqarishdi

Samarqand shahrida joylashgan ko‘p qavatli uyning ikkinchi qavatida derazasiga osilib qolgan bolani shu atrofdan o‘tayotgan odamlar va pastki qavatda joylashgan savdo do‘konlari xodimlari qutqarib olishgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, soat 17:15 lar atrofida Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi K.N. 4 yoshli farzandini uyda singlisi bilan yolg‘iz qoldirib, yumushlari bilan ko‘chaga chiqib ketgan. Shundan so‘ng, bolakay ko‘chaga deraza orqali chiqishga harakat qilgan va osilib qolgan. Holatni shu yerdagi do‘kon egalari hamda ko‘chadan o‘tayotgan fuqarolar ko‘rib qolib, bolakayni qutqarib, onasiga sog‘-salomat topshirishgan.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati IIB xodimlari K.N. ning yashash uyiga tashrif buyurib, u bilan kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, farzandlariga e'tiborli bo‘lish lozimligi borasida profilaktik suhbat o‘tkazib, onani ogohlantirishgan.

Top