09:37 / 23.07.2021
16723

Pegasus dasturi yordamida prezidentlar va bosh vazirlar ortidan kuzatuv olib borilgan – OAV

Pegasus josuslik dasturi yordamida 3ta davlat prezidenti, 10ta davlat bosh vaziri va bir davlat podshohi ortidan kuzatuv olib borilgan. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi.

Jurnalistlar ma'lumotlariga ko‘ra, dastur yordamida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron, Iroq prezidenti Barhom Solih va JAR prezidenti Siril Ramafosa ortidan kuzatuv olib borilgan.

Bundan tashqari, Pokiston bosh vaziri Imron Xon, Misr bosh vaziri Mustafo Madbuliy va Marokash bosh vaziri Sa'diddin Al Usmoniy ham kuzatuvda bo‘lgan.  

Shuningdek, sobiq bosh vazirlar - Ahmad Ubayd bin Dagr (Yaman), Sa'd Haririy (Livan), Ruxakan Rugunda (Uganda), Eduar Filipp (Fransiya), Bakitjon ​​Sagintayev (Qozog‘iston), Nuriddin Beduiy (Jazoir) va Belgiyaning sobiq bosh vaziri, hozirda Yevrokengash rahbari Sharl Mishel kuzatuvda bo‘lgan odamlar orasida bo‘lgan.

Jurnalistlar ro‘yxatiga Marokash podshohi Muhammad VI ham tushgan.

Shuningdek, Meksikaning sobiq prezidenti Felipe Kalderon, Burundi bosh vaziri Alen-Giyom Bunoni, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va bosh vaziri Asqar Mamin ortidan ham josuslik dasturi yordamida kuzatuv olib borilgan. Biroq ta'kidlanishicha, ushbu siyosatchilarning telefonlari raqamlari kuzatilayotgan telefonlar ro‘yxatiga amaldagi lavozimlariga kirishishlaridan oldin yoki keyin tushgan.

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, kuzatilgan telefonlar ro‘yxatida BMTning bir necha elchisi va boshqa diplomatlar ham bo‘lgan.

Pegasus dasturini ishlab chiqqan Isroilning NSO Group kompaniyasi yuqoridagi ayblovlarni rad etmoqda. Kompaniyada ta'kidlanishicha, Pegasus qo‘llanishi ortidan kuzatuv olib boriladi va undan suiiste'mol qiluvchi har qanday mijoz uchun tizimga kirish bekor qilinadi. Shu bilan birga kompaniyaning ta'kidlashicha, dasturdan foydalanish uchun NSO Group emas, balki mijozlar javobgar hisoblanadi.

18 iyulda bir necha oy davom etgan jurnalistik surishtiruv “Pegasus loyihasi” natijalari e'lon qilindi. Surishtiruvni 17ta nashr, jumladan, Guardian, Washington Post, Haaretz, Suddeutsche Zeitung va Amnesty International kabi nufuzli nashrlarning 80 nafar jurnalisti birgalikda olib borgan. Surishtiruv natijasida jurnalistlar ixtiyoriga o‘nlab davlatlarda kuzatilgan 50 mingta telefon raqamidan iborat ro‘yxat tushgan.

Loyiha ma'lumotlariga ko‘ra, avtoritar davlatlar va turli maxsus xizmatlar yillar davomida yuzlab huquq himoyachilari, jurnalistlar va siyosatchilar ortidan Pegasus dasturi yordamida kuzatuv olib borgan. Ro‘yxatdagi mingdan ko‘proq telefon raqamlari egalarini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan. Ular orasida Fransiya, AQSh, Hindiston, Marokash, Meksika, Vengriya va boshqa bir qator davlatlarning yuqori mansabdor shaxslari, advokatlar, huquq himoyachilari bo‘lgan.  

Top