Surishtiruvda aniqlanishicha, Isroilning NSO Group kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Pegasus dasturi orqali maxsus xizmatlar telefonlarni egasiga sezdirmay kuzatgan. Bu korxona 2010 yil Tel-Avivda tashkil etilgan va 2016 yildan boshlab dunyodagi maxsus xizmatlarga dasturlar taqdim etib kelishi ma'lum.
Parijdagi Forbidden Stories notijoriy tashkiloti Amnesty International bilan birgalikda 50 mingga yaqin telefon raqamlari ular ulangan telefon apparatini buzib kirish uchun Isroil kompaniyasiga buyurtma ko‘rinishida yuborilganini aniqlagan. Bu telefonlarning qanchasi buzib kirilgani aniq emas, lekin jurnalistlar raqamlarning mingga yaqini kimga tegishli ekanini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Ro‘yxatda 65 nafar top-menejyer, 85 nafar huquq faoli, 189 jurnalist, 600dan ortiq siyosatchi va mansabdorlar, vazirlar, arab davlatlaridagi qirollik oilasi vakillari, advokatlar, ishlab chiqaruvchilar bo‘lgan.
Cho‘ntakdagi ayg‘oqchi
Toronto universitetiga qarashli Citizen Lab tashkiloti ilmiy xodimi Bill Marshak o‘z «ayfon»i buzib kirilganini birinchi bo‘lib sezib qolgan. Chunki u faqat o‘zida mavjud ma'lumot sizib chiqqanini bilib qolgan. VVS bilan suhbatda Marshak bu haqda aytib berdi.
«NSO Group o‘zi ishlab chiqqan Pegasus dasturini o‘nlab mamlakatlarga taqdim etadi. Bilsangiz, avval «ayfon» foydalanuvchilari telefonlarini buzib kirishlari uchun ularga yuborilgan virus havolaga kirishlari kerak bo‘lgan. Bu dastur bilan esa buning hojati ham yo‘q. Hech narsa qilmasangiz va telefoningiz shunchaki stolda yotganida ham buzib kirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday bezbetlikka chek qo‘yish, Isroil hukumati va mudofaa vazirligi bu kompaniyani yig‘ishtirib olishi kerak. Umid qilamanki, oshkoralik bunga erishishga yordam beradi», deydi Bill Markash.
Qizig‘i, Isroil kompaniyasi bunday dasturi mavjud ekanini yashirmayapti ham. Uning iddaosiga ko‘ra, dastur faqat inson huquqlarini hurmat qiladigan davlatlarning maxsus xizmatlariga taqdim etiladi va dastur terrorizmga qarshi kurash uchun ishlab chiqarilgan.
«NSO Group o‘z texnikalarini faqat ishonchli hukumatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari va razvedka tashkilotlariga sotadi. Biz faqat sodir bo‘lishi kutilayotgan teraktlarning oldini olish va inson hayotini saqlab qolish maqsad qilingan holatlarda texnikalarimizni sotamiz», deyilgan Isroil kompaniyasi bayonotida.
Isroil mudofaa vazirligi ham holatga munosabat bildirgan. «Agar litsenziya tartibi buzilsa, yoki sotib olgan davlat tomonidan qandaydir noto‘g‘ri amal kuzatilsa, biz kerakli chorani ko‘ramiz», deyilgan vazirlik bayonotida. Unda vazirlik NSO Group mijozlari egalik qilayotgan ma'lumotlarni qo‘lga kiritish imkoni yo‘qligi aytilgan. Mamlakat mudofaa vaziri Beni Gans Isroil kiberxavfsizlik bo‘yicha texnika eksportiga faqat terrorizmga qarshi kurash doirasida ruxsat berishini, Pegasus bilan bog‘liq holat o‘rganilayotganini aytgan.










