20:02 / 15.12.2021
19058

“O‘lik jonlar” uchun to‘lov. Moliya vaziri hiyla yo‘li bilan davlat pullarini o‘g‘irlagan maktablar haqida gapirdi

Bugun davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilish hamda undan noqonuniy ravishda foydalanish muammosi Senat majlisining muhim mavzularidan bo‘ldi.

15 dekabr kuni Senatning navbatdagi majlisi o‘tkazildi. Unda ko‘tarilgan dolzarb masalalardan biri – davlat budjeti mablag‘lari nazoratining samarali yo‘lga qo‘yilmagani to‘g‘risida bo‘ldi. 

Timur Ishmetov / Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatorlar tomonidan moliya vaziri Timur Ishmetovga berilgan savollarning aksariyati ham aynan – noqonuniy o‘zlashtirilayotgan budjet mablag‘lari bo‘yicha yangradi.

Xususan, har yili yirik miqdordagi pullar ajratiladigan ijtimoiy sohada uchrayotgan pullarni noqonuniy o‘zlashtirishlar muammosi senatorlar diqqat markazida bo‘ldi.  

Qayd etilishicha, xalq ta’limi tizimida o‘tgan 11 oy ichida 88 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 27,5 mlrd so‘mlik o‘g‘rilik va kamomad aniqlangan. Qurilish sohasida esa bundan-da ko‘proq — 92 mlrd so‘mlik davlat mablag‘lari noqonuniy ravishda o‘zlashtirib yuborilgan.

Yana aytilishicha, Maktabgacha ta’lim va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimida budjet intizomini buzish holatlari, jumladan, ortiqcha va noto‘g‘ri to‘lovlar 2020 yilning mos davriga qaraganda 1,5 martaga oshgan.

Bu holatning yuzaga kelishiga tizimlarda moliyaviy nazoratning kuchli yo‘lga qo‘yilmagani sabab qilib ko‘rsatildi. 

Majlis davomida moliya vaziri ijtimoiy sohada mablag‘lar samarasiz ishlatilishi ko‘proq uchrashini, ammo barcha sohalarda ham bu muammo yo‘q emasligini tasdiqladi.

“Bu muammo barcha tizimlarda bor”, deydi u.

“Davlatimiz rahbari tomonidan ham bu masala qo‘yilgan. Yig‘ilishlardan birida tanqidiy ko‘rib chiqilib topshiriqlar berilgan. 2022 yil oxirigacha moliyaviy nazorat tizimini takomillashtirishni rejalashtirganmiz. Bunda asosiy masala ijtimoiy soha vazirliklari bilan ishlash bo‘ladi”, deya fikr bildirdi vazir.

Ishmetovga ko‘ra, ijtimoiy soha vazirliklarida xarajatlarning asosiy qismi oylik bo‘lgani uchun, eng katta muammolar ham aynan oylik bilan bog‘liq.

“O‘lik jonlar” deymiz, yo‘q odamlarga ham oylik hisoblash holatlari ko‘p uchraydi. Ayrim maktablarda hatto shunaqa bo‘lganki, maktabdagi bir nechta sinflar sonini oshirib ko‘rsatib, smetada ortiqcha xarajat qilingan. Bunaqa ish qilish uchun bir nechta idora befarq qaragan yoki qo‘l urgan bo‘lib chiqadi.  Buning oldini olishdagi yagona yo‘l – ijtimoiy soha vazirliklarini raqamlashtirishdan iborat.

Biz bu bo‘yicha ishlayapmiz va ko‘plab rejalarimiz bor. Masalan, shtat birliklarini barcha xarajatlari bo‘yicha to‘liq elektron shaklga o‘tkazamiz. Ularni Moliya vazirligi tizimi bilan integratsiya qilamiz.

Faqatgina joylarga chiqib ayrim tekshiruvlardagina kamchiliklarni aniqlamasdan, kabinetda o‘tirib ham buning oldini olish darajasiga chiqishni reja qilganmiz. Qurilish sohasidagi moliyaviy o‘zlashtirishlarni ham faqatgina raqamlashtirish yo‘li bilangina shaffoflashtirish mumkin”, dedi Timur Ishmetov.

Majlis ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy pul o‘zlashtirishlar avvalo, shtat birliklarini rejalashtirish bilan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda yo‘q xodimga ish haqi to‘lash orqali yoki bog‘chaga kelmaydigan bolalarning ortiqcha oziq-ovqat xarajatlarini hisoblash natijasida yuz beradi.

Yig‘ilishda Xalq ta’limi vazirligi budjetining qariyb 90 foiz ulushi ish haqlariga to‘g‘ri kelishi va asosiy kamchiliklar ham shu oylik bilan bog‘liq bo‘layotgani ta’kidlandi. Jumladan, ortiqcha sarflanayotgan mablag‘larning qariyb 66 foizi ish haqlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, ayrim davlat xaridlarining noqonuniy amalga oshirilishi muammo ildiz otishiga olib kelgan.

Muhokamalarda qonun bilan 2022 yilda Ijtimoiy sohaga davlat budjetidan 105,5 trln so‘m mablag‘ ajratilayotgani, shundan 47 trln so‘m ta’limga, 23 trln so‘m sog‘liqni saqlashga ajratilishi ko‘zda tutilgani aytildi. 

Top