17:21 / 11.03.2022
19206

O‘zbekistonning 20 mln dollar qarzi so‘mga o‘tkazildi

O‘zbekistonda ilk sinov svop operatsiyasi amalga oshirildi. 20 million dollarlik davlat qarzi so‘mga o‘girildi.

O‘zbekiston Moliya vazirligi Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki bilan joriy yilning 7 mart kuni ilk sinov svop operatsiyasini amalga oshirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Moliya vazirligi

Svop bitimlari moliyaviy risklarni boshqarish uchun ishlatiladigan moliyaviy instrument hisoblanadi. Valutaviy svop bitimi svop turlaridan biri bo‘lib, turli valutadagi qarzlarni valuta riskidan himoya qilish uchun foydalaniladi.

Ma’lum qilinishicha, Moliya vazirligi tomonidan mazkur bitim Xalqaro svop va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA) bosh kelishuvi bo‘yicha xalqaro yuridik kompaniya Dentonsdan ijobiy huquqiy xulosasi olingan.

Foto: Moliya vazirligi

“Svop bitimi bo‘yicha eng yaxshi narx taklif qilgan YeTTB bilan ISDA bosh kelishuvi imzolandi va Osiyo taraqqiyot bankidan xorijiy valutada jalb qilingan qarz mablag‘larining 20 million AQSh dollari qismi bo‘yicha svop operatsiyasi amalga oshirildi. Qisqa qilib aytganda, ushbu ilk sinov svop operatsiyasi orqali 20 million AQSh dollaridagi davlat qarzi milliy valutadagi qarzga o‘girildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Foto: Moliya vazirligi

Svop operatsiyasini amalga oshirish nimani anglatadi?

— Ilk sinov svop operatsiyasi O‘zbekiston moliya bozorida, xususan, davlat va xususiy sektor tomonidan jalb qilinayotgan tashqi qarz mablag‘larining xorijiy valuta risklarini samarali boshqarishda xalqaro kontragentlar bilan derivativlardan foydalanishga yo‘l ochib beradi;

— Xorijdan milliy valutada investitsiya jalb qilish imkoniyati murakkabligi va cheklanganligini hisobga olganda, chet el valutasidagi investitsiyalarni derivativ instrumentlar orqali so‘mga o‘girish muqobil vosita vazifasini bajaradi;

— Derivativlar bozorining rivojlanishi O‘zbekiston kapital bozorida moliyaviy risklarni samarali boshqarishga, xorijda esa so‘mdagi aktiv va majburiyatlarning to‘g‘ri baholanishiga hamda milliy valuta bozorining shakllanishiga xizmat qiladi;

Avvalroq, 2021 yil davomida O‘zbekistonning davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga oshib, 26,3 mlrd dollarga (YaIMga nisbatan 38 foiz) ma’lum qilingandi.

Top