17:23 / 24.08.2022
11449

Server Jeparov – «Lokomotiv» bosh murabbiyi

Toshkenting «Lokomotiv» klubi murabbiylar shtabida o‘zgarishlar yuz berdi.

Foto: Lokomotiv

«Lokomotiv» PFK rahbariyati qaroriga ko‘ra, yaqin o‘tmishning taniqli futbolchisi, 2008 va 2010 yilda Osiyoning ikki karra «Eng yaxshi futbolchisi» deb topilgan Server Jeparov «Lokomotiv» jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 

«Server Jeparov bungacha klub sport direktori vazifasini bajarib kelayotgandi. Bundan buyon «Loko» natijalariga Server Reshatovich mas’ul hisoblanadi. Unga murabbiylar shtabida Mirko Yyelichich yaqindan yordam beradi», - deyiladi klub xabarida.

Jeparov «Loko»da ish boshlashdan avval O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida ham qisqa muddat bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan edi.

Avvalroq, «temiryo‘lchilar» rahbariyati jamoaning qoniqarsiz natijalar sababli Denis Korostichenkoni iste’foga chiqargandi.

Ma’lumot uchun, «Lokomotiv» Superliga 16-tur yakunlariga ko‘ra, 17 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinni egallab turibdi. «Loko» hisobida 5 g‘alaba, 2 durang va 9ta mag‘lubiyat bo‘lib, to‘plar nisbati 13-21 ko‘rinish olgan.

Top