23-tur bahslaridan keyin Superligada chempionlik uchun kurash yanada qizidi. Toshkent klublaridan «Bunyodkor» Qarshidagi dramatik o‘yinda (1:1) peshqadam «Nasaf»dan ochko tortib olgan bo‘lsa, «Olimpik» Namanganda  «Navbahor»dan (1:1) ochko olib, «Paxtakor»ning 2-o‘ringa chiqishiga «hissa» qo‘shdi. Natijada oltin medalga da’vogarlar – Qarshi, Toshkent, Namangan jamoalarini turnir jadvalida bor yo‘g‘i 2 ochko ajratib turibdi. Jamoalarni kutib turgan hal qiluvchi so‘nggi 3 o‘yiniga nazar tashlab, chempionlik masalasi poytaxtda hal bo‘lishini tushunish qiyin emas.

1. «Nasaf» - 46 ochko

So‘nggi 3 turdagi o‘yinlari:

24-tur. «Nasaf» - «Dinamo» (3 noyabr)

25-tur. «Nasaf» - «Neftchi» (7 noyabr)

26-tur. «Olimpik» - «Nasaf» (11 noyabr)

Turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqilsa, «Nasaf»ning taqvimi nisbatan osondek ko‘rinadi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari Buxorodagi kubok finalidan 4 kun o‘tib, Qarshida musobaqa autsayderi «Dinamo»ni qabul qiladi. Vadim Abramov murabbiyligidagi klub elita bilan xayrlashishi rasman ma’lum bo‘lgach, peshqadamga qarshi qanday motivatsiya bilan o‘ynashi noma’lum. Katta ehtimol mezbonlar chempionlik sari navbatdagi qadamni tashlaydi.

7 noyabr kuni esa «Nasaf» «Neftchi»ni qabul qiladi. Levchenko shogirdlari ketma-ket g‘alabalardan keyin ligada qolish vazifasini bajargach, oxirgi 3 o‘yinda omadsizlikka uchradi – 2 mag‘lubiyat va 1 durang. Himoyada ancha tartibli o‘ynayotgan farg‘onaliklar «Nasaf»ga muammo yaratishga urinishadi, ammo 10 yildan buyon Qarshida g‘alaba tugul, durang ham qayd etmagan «Neftchi»ning Sarkisyan davridan buyon davom etayotgan qora an’anaga chek qo‘yishiga ishonish qiyin.

Foto: Nasaf FK

«Nasaf» uchun chempionlik o‘yiniga aylanishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuv Toshkentda o‘tadi. Vohaliklar 8 kun ichidagi 3-o‘yinida «chaqilmas yong‘oq» jamoaga aylanishga ulgurgan «Olimpik»ga qarshi saf tortadi. Temur Kapadze shogirdlari 1-davrada Qarshidan ochko bilan qaytgandi. Bu safar ham o‘ziga xos sensatsiya qayd etishga urinishi aniq. Har holda bu yil «olimpiyachilar»ni Superligada na «Navbahor», na «Paxtakor» mag‘lub eta oldi. Kapadze – Berdiyev to‘qnashuvida «Olimpik» bu safar ham «Nasaf»dan ochko tortib olsa, dastlabki trioga mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoaga aylanadi va bu orqali «Paxtakor» yoki «Navbahor»ga katta yordam berishi mumkin.