11:03 / 11.10.2022
2878

Merkel BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasi mukofotini oldi

Germaniya sobiq kansleri 2015-2016 yillardagi muhojirlar inqirozi avjiga chiqqan paytda Suriyadan qochqinlarni qutqarishdagi xizmatlari uchun unga topshirilgan Nansen mukofotini nemis xalqiga bag‘ishladi.

Foto: Getty Images

Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi tomonidan qochqinlar manfaati yo‘lidagi faoliyat uchun har yili beriladigan Nansen mukofotiga sazovor bo‘ldi. 10 oktyabr, dushanba kuni kechqurun Jyenevada bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Merkel ushbu nufuzli mukofotni 2015 va 2016 yillardagi migratsiya inqirozi davrida Germaniyada suriyalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlagan odamlarga bag‘ishlashini ta’kidladi.

Kommunalar va jamoalardagi ko‘plab odamlar, shuningdek, ko‘plab ko‘ngillilar o‘sha paytdagi qiyinchiliklarni yengishga yordam berishdi, deb eslaydi sobiq kansler: «Mening fikrimcha, bu mukofot, birinchi navbatda, o‘sha paytda yordam bergan son-sanoqsiz odamlarga mo‘ljallangan. Vaziyatni nazoratga olganimiz uchun, uni yengib o‘tganimiz uchun ularga rahmat aytishimiz kerak».

Shu bilan birga, nemis siyosatchisi qochqinlar huquqlarini hurmat qilishga va bu odamlar ta’qib qilinishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga hech kimni qaytarib yubormaslikka chaqirdi.

Mukofotning 150 000 AQSh dollari (taxminan 154 000 yevro) miqdoridagi pul qismi to‘rtta mintaqaviy laureatga, xususan, iroqlik ayol shifokor va Kosta-Rikada 50 yildan beri qochqinlarga yordam berib kelayotgan ayolga teng ravishda berildi.

Merkelning 2015-2016 yillardagi migratsiya inqirozi avjiga chiqqan paytda aytgan «Biz buni hal qila olamiz» iborasi keng tarqaldi. U BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari italiyalik Filippo Grandi tomonidan nemis tilida bir necha marta takrorlangan. «Ushbu mukofot sobiq kansler uchun e’tirof belgisidir, chunki u hukumatni boshqargan va tegishli qarorlar qabul qilgan», dedi u hakamlar hay’ati tanloviga izoh berib.

Grandi so‘zlariga ko‘ra, «dunyo bo‘ylab o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar soni 100 million kishidan oshgan bir paytda, boshqa davlat va hukumatlar rahbarlari Merkeldan namuna olishi kerak».

Merkelning o‘z vatanidagi fuqarolar urushidan qochgan 1,2 million suriyalik uchun chegaralarni ochish qarori Germaniyada qarama-qarshi fikrlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Germaniya Federativ Respublikasining o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Horst Zeyexofer va sharqiy federal hududlar aholisi uni tanqid qilishgan.

Har yili beriladigan Nansen mukofoti 1954 yilda qochqinlar ishi bo‘yicha Millatlar ligasining birinchi oliy komissari, norvegiyalik Arktika tadqiqotchisi va gumanist Fritof Nansen sharafiga ta’sis etilgan.

Mavzuga oid
Top