13:37 / 20.10.2022
11254

Shols: Kulga aylangan yer taktikasi Rossiyaga urushda g‘alaba qozonishga yordam bermaydi

Germaniya kansleri Bundestagga bahorgacha 5000 nafargacha askardan iborat Ukraina brigadasini tayyorlash rejalari haqida gapirdi. 

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiyaning jangovar uchuvchisiz uchoqlar yordamida Ukraina nishonlariga davom etayotgan hujumlarini keskin qoraladi. Bu urush jinoyati bo‘lib, ular o‘z maqsadiga erishmaydi, dedi u 20 oktyabr, payshanba kuni Bundestagda hukumat bayonoti bilan chiqish qilib. «Bunday kulga aylangan yer taktikasi Rossiyaning urushda g‘alaba qozonishiga yordam bermaydi. U faqat Ukraina va uning sheriklarining qat’iyatini kuchaytiradi», — dedi u. 

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyani bombardimon qilish va raketa terrori, xuddi rus erkaklarini urushga safarbar qilish kabi, umidsizlik harakatidir».

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani terror qilmoqda, ochiq va mutlaqo mas’uliyatsiz ravishda butun dunyoga yadro qurolidan foydalanish bilan tahdid solmoqda, dedi Germaniya hukumati rahbari. U qo‘rquv tarqatib, G‘arbning birligini parchalamoqchi, lekin uni zaif deb hisoblab, adashadi, dedi Shols. Yevropa va xalqaro ittifoqlar har qachongidan ham kuchliroq va Putin harbiy maqsadlariga erisha olmaydi, deya ta’kidladi u hamda Ukraina o‘zini muvaffaqiyatli himoya qilishda davom etishiga ishonch bildirdi. «Biz buni qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz», - deb ishontirdi Germaniya kansleri. 

Shu bilan birga, Shols Germaniyaning 2023 yil bahorigacha 5000 nafargacha askardan iborat to‘liq Ukraina brigadasini tayyorlash rejasini e’lon qildi. «Shu tariqa, biz hamkorlarimiz bilan birgalikda kuchli Ukraina armiyasini yaratish ustida doimiy ishlashga tayyorligimizni tasdiqlaymiz», — dedi u. 

Shu bilan birga, Germaniya kansleri 17 oktyabr kuni Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining 15 mingga yaqin ukrainalik askarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma missiya haqidagi qaroriga ishora qildi. Germaniya Ukraina Qurolli kuchlari uchun ikkita asosiy tayyorgarlik joyidan biriga aylanadi, dedi u. 

Bundan tashqari, Shols Kremlning energiya tashuvchilar ta’minotini cheklash orqali Germaniya va Yevropaga bosim o‘tkazishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini e’lon qildi. «Putin gaz jo‘mragini o‘chirish orqali bizni shantaj qilishga umid qilgan edi, lekin u noto‘g‘ri o‘yladi», — dedi u. Sholsning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalar va oylar davomida Germaniya yaqinlashib kelayotgan qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur choralarni ko‘rdi. Shu bilan birga, u 1 noyabrga qadar belgilangan muddatdan oldin gaz omborlarini 95 foizga to‘ldirishni «katta yutuq» deb atadi. 
 
10 oktyabrdan beri RF Qurolli kuchlari Eron tomonidan yetkazib berilgan jangovar dronlardan foydalangan holda Ukrainani o‘qqa tutishni sezilarli darajada oshirdi. Tehron o‘zining uchuvchisiz uchoqlarini Rossiyaga yetkazib berganini rad etdi, Kreml esa bu ma’lumotga izoh bermayapti. 18 oktyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir hafta ichida Ukraina elektr stansiyalarining 30 foizi vayron bo‘lganini aytdi. 

Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida Gazprom bir tomonlama ravishda bir qator Yevropa davlatlariga gaz eksportini to‘xtatdi. O‘z navbatida, Germaniya va Yevropa ittifoqi Rossiya gazidan imkon qadar tezroq qutulish choralarini ko‘rmoqda. 19 oktyabr kuni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen sakkiz oy ichida Rossiyadan kelayotgan gazning uchdan ikki qismi almashtirilganini ma’lum qildi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top