Jahon | 07:32 / 20.04.2024
6051
3 daqiqa o‘qiladi

Shols: Rossiyaga yaqin davlatlar urushga shubha bilan qarayapti

Rossiya Federatsiyasiga yaqin davlatlar ham Ukrainadagi urush Rossiya uchun qandaydir ma’noga ega ekanligiga shubha qilmoqda, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols Xitoydan qaytgach. Biroq, u bu urush yillar davom etishini istisno qilmadi. 

Foto: Reuters

Moskva bilan yaqin aloqada bo‘lgan davlatlar ham Ukrainada urush o‘tkazish maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qarayapti, dedi Germaniya federal kansleri Olaf Shols. «Bu urush Rossiya uchun qandaydir ma’noga ega, deb hisoblaydigan hukumat rahbari deyarli yo‘q», dedi u 19 aprel kuni Chemnitsda bo‘lib o‘tgan tadbirda

Sholsning bu so‘zlari Germaniya kansleri 14-17 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Xitoydan qaytganidan keyin aytildi. Germaniya hukumati rahbari Xitoy Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha diplomatik jarayonda ishtirok etishga tayyorligini ochiq e’lon qilganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Pekin iyun oyi o‘rtalarida Shveytsariyada rejalashtirilgan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitini ijobiy baholagan. «Bu - e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan natija. Va bu uch yoki olti oy oldin kutilganidan ham ko‘proq». 

Xitoyga tashrifi chog‘ida Shols Xitoy rahbari Si Jinpingni Ukrainadagi urushni tugatish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi. «Xitoyning so‘zi Rossiyada muhim o‘ringa ega. Shuning uchun men Sidan Rossiyaga bosim o‘tkazishni so‘radim, toki Putin nihoyat o‘zining kampaniyasini to‘xtatib, qo‘shinlarini olib chiqib, bu urushni to‘xtatsin», deb yozdi Shols 16 aprel kuni X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Olaf Shols: Ukrainadagi urush yillarga cho‘zilishi bilan tahdid qilmoqda 

19 aprel kuni Xemnitsda bo‘lib o‘tgan o‘sha tadbirda Olaf Shols Ukrainadagi urush yana bir necha yil davom etishi mumkinligini va Vladimir Putin «undan qutulib qolmasligini» aytdi. Kansler Germaniya Kiyevga harbiy yordam berishda davom etishini tasdiqladi, biroq ayni paytda diplomatik sa’y-harakatlarning muhimligiga e’tibor qaratdi. 

Shu bilan birga, Shols yana Ukrainadagi urushni Putin bilan telefon orqali muhokama qilishi mumkinligini istisno etmadi. «Ammo, albatta, biz nima haqida gaplashishimiz aniq bo‘lishi kerak», dedi u. Germaniya kansleri yana bir bor Rossiya prezidentini imperialistik maqsadlarga intilayotganlikda va Ukrainaning mavjudligini shubha ostiga qo‘ymoqchi ekanligida aybladi.

Mavzuga oid