19:40 / 24.12.2022
11843

“Mazmunan foyda bo‘lishi uchun ishlar funksional tahlil qilinishi kerak” - Bahodir G‘aniyev hukumatdagi ma’muriy o‘zgarishlar haqida

Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, sobiq “Kamolot” YoIH raisi Bahodir G‘aniyev Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda bo‘layotgan ma’muriy islohotlar haqidagi o‘z fikrlarini bildirdi.

U jumladan, vazirliklar soni qisqarishi haqidagi savolga javob berarkan, shakl jihatidan qanchalik o‘zgarish qilinmasin, mazmun eski holicha qolsa kutilgan natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

“Shaklga qancha teginmang, mazmun o‘zgarmasa natija ham o‘zgarmaydi. Oxirgi olti yilda biz ko‘plab vazirliklarning qo‘shilishi yoki bo‘linishini ko‘rdik. Masalan, Tashqi savdo vazirligi Savdo vazirligi bo‘ldi va keyinchalik yana joyiga qaytarildi. Yoshlar tashkiloti ham shunday bo‘ldi, avvaliga “Kamolot” ittifoq bo‘ldi, undan keyin Yoshlar agentligi tuzilib, ittifoq ham saqlab qolindi. Mana endi ularning ham kelajagi noma’lum.

Shaklga berilmaylik. Biz vazirliklarni qisqartirsak, bu avvalo davlat budjetiga qanday ta’sir qilishini o‘rganishimiz kerak. Chunki vazirliklarni birlashtirgan bilan undagi shtatlarni qisqartirmasangiz, demak, o‘sha-o‘sha pul ketaveradi. Mazmunan uning hech bir foydasi bo‘lmaydi.

Mazmunan foyda bo‘lishi uchun uni funksional tahlil qilish kerak. Bu vazirlik o‘ziga xos funksiyalarni bajaryaptimi, yo‘qmi.

Masalan, sportni yana madaniyatga qaytarib qo‘ysangiz, bular bir-biriga umuman yot yo‘nalishlar bo‘ladi. Hamma masalada fikrlashish kerak. Maqsad qisqartirish bo‘lishi kerak emas.

Vazirlik nega kerak? Vazirlik siyosat ishlab chiqish va uni boshqarish uchun kerak. Agar siyosatni ishlab chiqish va boshqarish tizimida samaraga erishilsa, unda birlashtirish kerak. Erishilmasa, birlashtirish kerak emas.

Ikkinchidan, buni prezident topshiriq beribdi, deya bir oyda qilish kerak emas. Bosqichma-bosqich, nafas olib qilish kerak. Aniq birlashtirib yuborish kerak bo‘lgan idoralar bor, umuman yo‘qotib yuborish kerak bo‘lgan idoralar bor.

Lekin iqtisod va moliyani birlashtirish masalasi bu – strategik masala. Buning ozgina chala joyi bo‘lib qolsa, ertaga u islohotlar mehanizmiga tormoz beraveradi. Chunki qaraydigan bo‘lsak, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklarining funksiyasi bir xil emas. Iqtisod vazirligi siyosatni ishlab chiquvchi bo‘ladigan bo‘lsa, Moliya vazirligi o‘sha siyosatni amalga oshirish elementlarining bittasi. Ya’ni Moliya vazirligining buxgalterlik funksiyasi ham bor.

Masalan, ijtimoiy siyosatga keladigan bo‘lsak, u Moliya vazirligida qoladigan bo‘lsa, unda ijtimoiy siyosatga kamroq pul ajratish tarafdori bo‘ladi. Bunda balki alohida bo‘lgani ma’quldir, degan savol ham bor.

Men ular unday bo‘lsin, bunday bo‘lsin, demayman. Chunki bu kichik davrada o‘tirib hal qilib yuboradigan masala emas. Umid qilamanki, yuqori davrada o‘tirib ham shunday hal qilib yuborishmaydi, bunga puxta, bosqichma-bosqich yondashishadi.

Bizda shuningdek, bir-birining funksiyalarini takrorlaydigan organlar juda ko‘p. Ularni optimizatsiya qilish eng birinchi masala bo‘lishi kerak. Undan keyin bahsli funksiyalar bor, shunday funksiyalar bitta vazirlikda bo‘lsa, uni ajratish kerak. Lekin yana qaytaraman, bularning hammasi tahlil orqali kelinadigan ishlar”, – dedi Bahodir G‘aniyev.

Intervyuni to‘liq holda quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Top