O‘zbekiston | 12:30 / 01.02.2023
13642
5 daqiqa o‘qiladi

“Vazirlikka qilib bo‘lmaydigan topshiriqlarni bajarib bo‘lmaydigan muddatda berishni to‘xtatish kerak” - Bahodir G‘aniyev ta’lim islohoti haqida

Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyev Kun.uz'ga bergan intervyusida xalq ta’limi tizimiga Hilola Umarovaning vazir sifatida olib kelinishi va uning kelgusida e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan asosiy yo‘nalishlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Hilola Umarova yaxshi vazir bo‘lishi yo bo‘lmasligi o‘ziga bog‘liq emas. Eng asosiy masala davlat rahbari va uning atrofidagilarga bog‘liqlik joylari juda ko‘pligi. Masalan, yaqinda maktablarda endi 64 ta kasb va ikkinchi xorijiy tilni o‘qitish topshirig‘i hali oyoqqa turib olmagan vazirlikka berildi va buning uchun olti oyda muddat qo‘yildi.

Men Sherzod Shermatov vazirlikka kelgan paytda ta’lim tizimiga aqlli odam keldi deb xursand bo‘lgan edim. Afsuski, ko‘p o‘tmay uni boshqa sohaga o‘tkazishdi va o‘rniga nomutaxassis bo‘lgan boshqa bir odam keldi. Hilola Umarova kelganda ham xursand bo‘ldim, chunki u yosh va halol kadr. Tajribasi kam bo‘lsa-da, bor. Oldingi ish faoliyatida ekspertlar bilan muloqotda bo‘lgan, xodimlarni muhokama jarayonlariga jalb qila olgan va yaxshi jamoa shakllantirgan. Bilishimcha, hozir ham ekspertlarni vazirlik ishlariga jalb qila boshladi, ya’ni tashqaridagi ekspertlardan maslahat so‘rayapti. Bu juda yaxshi signal. Ochiq aytadigan bo‘lsam, bu vazirni sindirib qo‘ymaslik davlat rahbari, prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining qo‘lida. Oxirgi holatdagiga o‘xshab imkonsiz vazifalarni qilib bo‘lmaydigan muddat bilan yuklashsa va bu ish takrorlanaversa, tamom. Bunday holatda vazir strategiya bilan emas, o‘sha ilojsiz topshiriqlarni qaysidir darajada bajarish bilan ovora bo‘lib qoladi.

Bahodir G‘aniyev

Menejment qoidasiga ko‘ra, tashkilot rahbari kamida 70 foiz vaqtini o‘sha tashkilot kelajagi, ya’ni strategiyasiga bag‘ishlashi kerak. Strategiyani qanaqadir yugur-yugurlar o‘rtasida bajarib bo‘lmaydi. Ta’lim vazirini o‘z holiga qo‘yish kerak. Davlat rahbari va uning atrofidagilar ta’lim vaziriga topshiriq berishi kerak emas. Vazirdan qanday resurslar, sharoitlar kerakligini so‘rashi kerak rahbariyat va vazir o‘z talablarini qo‘yishi kerak”, – dedi G‘aniyev yangi ta’lim vazirligiga mustaqil ishlashga imkon berish muhimligi haqida gapirib.

Ekspertning ta’kidlashicha, Hilola Umarova ish boshlarkan, undan kutilgan ishlarni amalga oshira olishi uchun eng avvalo 10-15 yillik ta’lim strategiyasini ishlab chiqishi kerak.

“Amaldagi konsepsiyada aniq bosqichlar, muddatlar, resurslar yo‘q va mamlakatning bir necha yillardan keyin rivojlanadigan holatiga bog‘lanmagan. Deylik, 2035 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi bor. O‘sha konsepsiyada 2-3 yilda erishilishi kerak bo‘lgan marralar va sarflanadigan resurslar belgilab olinishi kerak. Keyin, 2035 yilda umumiy davlatning rivojlanish nuqtasiga bog‘lanishi lozim. Agar davlat strategiyasi 2035 yilda global bozorda o‘z o‘rniga ega, xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlangan, qishloq xo‘jaligi yalpi ichki mahsulotda ulushi katta bo‘lmagan, xomashyo eksporti kam, texnika-texnologiya rivojlangan holatni nazarda tutsa, o‘sha davrga kerakli bo‘ladigan kadrlarni tayyorlashni hozirdan boshlash kerak. Lekin gastarbayter tayyorlovchi tizimda o‘qisa, o‘sha 2035 yilga borib, bir yilda o‘zgarib qolmaydi.

Demoqchi bo‘lganim shuki, bu murakkab jarayon. Kerak bo‘lsa, bir necha oylab jamoatchilikni, mahalliy va chet ellik ekspertlarni, iqtisodchilarni ham jalb qilib, ta’lim strategiyasini qayta ko‘rib chiqish kerak. Agar konsepsiya to‘g‘ri ishlansa, jarayonda har xil topshiriqlar bo‘lmaydi va bo‘lishi kerak emas. Agar kerak bo‘lsa, o‘sha yo‘l-yo‘lakay topshiriladigan narsalar konsepsiyada bo‘lishi lozim. Strategiyada umumiy gaplar bo‘lishi mumkin emas. Belgilangan masalalar bajarilmaganda, so‘ralishi kerak, ya’ni tahlil qilinib, davlat rahbari har yili so‘rashi kerak”, – dedi Bahodir G‘aniyev.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid