O‘zbekiston | 17:38 / 02.04.2023
15380
12 daqiqa o‘qiladi

“Jonlantirish bo‘limidagi millat” - O‘zbekistonda kitobxonlik nega ortga ketmoqda?

Kecha, 1 aprel – hazil va bolalar orasida o‘zaro “yolg‘on” kuni edi. Bugun esa 2 aprel. Bu kun shoir Usmon Azim ta’biri bilan aytganda, “rostlik”, “haqiqat” kuni. O‘qirmanlar uchun ma’lumot, shoirning “2 aprel” nomli nazmiy kitobi ham bor. O‘sha joyda bugungi kun rostlik, haqiqat kuni sifatida ta’riflanadi.

Kun haqida gap ketarkan, 2 aprel butun dunyoda Xalqaro bolalar kitobi kuni sifatida ham nishonlanadi.

Kun.uz muxbiri ana shu – jamiyatda garchi eshitilishidan zerikarli bo‘lsa-da, lekin mazmunan juda muhim va bugun deyarli barcha muammolarimizning tub ildizi bo‘lgan – bolalar kitobi, kitobxonligi, O‘zbekistonda bu yo‘nalishning ahvoli haqida soha vakillari bilan intervyu o‘tkazdi.

Intervyu mehmonlari – noshir Sanjar Nazar, sobiq "Kamolot" YoIH Markaziy kengashi raisi, bu lavozimda “Kamolot kutubxonasi” rukni ostida 100 nomdagi minglab kitoblar chop etilishiga bosh qosh bo‘lgan Bahodir G‘aniyev va bolalar yozuvchisi Sa’dullo Qur’onov bo‘ldi.

— O‘zbekistonda bugun bolalar kitobxonligi qanday ahvolda? O‘zbek bolalari dunyo bolalari bilan solishtirganda ko‘p o‘qiyaptimi, kammi yo juda kammi?

Sanjar Nazar:

— Kitob o‘qish darajamizni rivojlangan, o‘qiydigan davlatlar bolalari bilan taqqoslasak, deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi, chunki juda kam. 2022 yilda bolalar uchun yaratilgan asarlarni sanayman desangiz, bitta qo‘l barmoqlari ham ortib qoladi. Tarjimada ham shu holat. Aynan badiiy adabiyot tomonidan ahvolimiz juda yomon. 2022 yilda O‘zbekistonda birinchi marta 3 yoshdan boshlab o‘qish mumkin bo‘lgan (3+) kitob chop etdik 3000 adadda, shundan bor-yo‘g‘i 600 tachasi sotildi. Shundan ham bilish mumkin ahvolimizni.

Bahodir G‘aniyev:

— Bolalar adabiyotini umumiy adabiyotdan ajratib muhokama qilishning foydasi yo‘q, gap umumiy adabiyot haqida ketishi kerak. Rostdan ham bizda kitobxonlik darajasi juda past. Badiiy adabiyotga ehtiyojni shu kitoblarning savdosi bilan o‘lchasa bo‘ladi. Masalan, O‘zbekistonda 37 mln aholi yashaydi. Xo‘sh, shuncha odam bor ekan, O‘zbekistonda yiliga qancha badiiy adabiyot sotiladi, degan savol bor. Javob: 1 millionta ham sotilmaydi. Rivojlangan davlatlar ichida AQShda kitobxonlik darajasi unchalik yuqori bo‘lmasa ham yiliga 300 mln aholi 400 millionta badiiy kitob sotib oladi (faqat badiiy adabiyot soni).

“Kamolot”da ishlab yurganimda “Kamolot” kutubxonasi” loyihasini qilganmiz va 100 ta eng sara o‘zbek va jahon badiiy adabiyotlarini shakllantirganmiz. Shunda bir katta mansabdor (ismini oshkor qilmay) «Odamlar o‘qimasa, nima qilasan kitobni ko‘paytirib?» degan gapni aytgan. Yana rus tilida adabiyot yetarli-ku, bizda hamma rus tilini biladi, degan gapni ham aytgan. Bizdagi davlat tizimining asosiy boshqaruvchilari rus maktablarda o‘qigan va adabiyot muammosi yo‘q o‘zlarida. Shuning uchun ular tushunmaydi bu muammoni.

Sa’dullo Qur’onov:

— «Jajji akademik» jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishlaganimda «xorijdagi tengdoshim» rukni bo‘lar edi. Shu ruknda «Ta’til vaqtida mingta kitob o‘qigan bola» sarlavhali maqola chiqarganmiz. Bu xuddi yolg‘ondek tuyuladi, lekin 8-9 yashar qiz mingta kitob o‘qigan edi ta’tilda. Yaqinda bir tanishim ham Germaniyaga borganda, o‘sha yerda yashaydigan jiyani bir haftada 27 kitob o‘qiganini aytib berdi. Kitob deganda, qalin kitobni tushunmaslik kerak, yosh bolalar uchun kitoblar kam hajmli bo‘ladi. Taqqoslasak, bizda bolalar kitobxonligi ancha past.

— Aslida kitobxonlik darajasi qanday ekani bilan har qanday jamiyatning tomir urishi, u yerdagi siyosiy bo‘lsin, iqtisodiy bo‘lsin ahvolini bilish mumkin. Bu bir barometr. Shuning uchun ham bu savolga javob berish davomida sizlardan asl kasbingizga qo‘shimcha qilib, tabiblik, shifokor bo‘lib berish talab etiladi. Malakali shifokor.

Kasallik simptomlari: Biz kitobxon millat emasmiz, bolalar, yoshlar, insonlar ko‘p o‘qimaydi.

Xo‘sh, bu qanday dard, tashxisi nima, uning kelib chiqish sabablari qanday? Tirik qolish, yashab ketishimizga umid bormi?

Bahodir G‘aniyev:

— Harakat qilinsa, natija bo‘ladi. Har qanday vaziyatdan chiqib ketish mumkin. Kitobxonlik — xalq saviyasining barometri. Xalq qancha saviyali bo‘lsa, shuncha ko‘p kitob o‘qiladi va o‘sha davlat shunchalik rivojlangan bo‘ladi.

Sabablarga qaraydigan bo‘lsak, mustaqillik davrida bu masalaga umuman e’tibor berilmagan. Sovet ittifoqi davrida ko‘proq kitob o‘qishgan. Hozirgi nodir klassik asarlarning ham aksariyati o‘sha davrda tarjima qilingan. Lekin cheklangan miqdorda, ideologiyaga to‘g‘ri keladigan ular ham, hamma rus tiliga tarjima qilingan jahon adabiyotlari ham o‘zbekchaga tarjima qilinmagan.

Yana bir sababi bizda ziyoli qatlam shakllanishiga yo‘l qo‘yilmagani sobiq ittifoq davrida, mustaqillik davrida esa omil bo‘lmagan. Ta’lim sifati past joyda katta ziyoli qatlam shakllantirish qiyin. 90-yillarning asosiy ta’sir qilgan omillaridan biri intellektlarning qadrlanmasligi bo‘ldi. Va o‘sha avlodda shu tushuncha singib qoldi. Hozir bu tushuncha o‘zgaryapti. Buni to‘g‘rilash uchun ko‘p yillar davomida davlat ma’lum bir qadamlarni bosishi kerak.

Birinchi navbatda kitoblar yetarli miqdorda va turda bo‘lishi kerak. Har qanday jamiyatda kitobxonlik oiladan, ta’lim muassasalaridan boshlanadi. Biz oiladan boshlolmaymiz ayni vaqtda, chunki kap-katta odamni birdan kitobxon qilib qo‘yolmaymiz. Ta’lim muassasalaridan boshlashimiz mumkin. Bizda ta’lim dargohlarining kutubxonalari juda kambag‘al. Badiiy adabiyotlar deyarli yo‘q, faqat qo‘llanmalar, darsliklar bor. Kutubxonachilarning esa oylik maoshi ham, saviyasi ham past, ular bolalarni targ‘ib qilolmaydi. 90 foiz o‘qituvchilar esa badiiy adabiyot o‘qimaydi. Bu holatda butun boshli qandaydir milliy dastur qilish mumkin. O‘zi o‘qimasa ham, bolalarni qiziqtirish yo‘llarini o‘rgatish kerak o‘qituvchilarga. Ota-onalarni o‘qitolmaymiz, lekin o‘quvchilarni shunga o‘rgatish imkoniyati bor. Kutubxonachilarni qayta tayyorlash, maktab kutubxonalarining badiiy adabiyot qismini qayta tiklash mumkin. Hech bo‘lmasa tuman kutubxonalari bo‘lishi kerak.

Dunyo bo‘yicha yiliga 1 mlnta yangi kitob chop etiladi umumiy. Shulardan saralab, eng yaxshilari tarjima qilinmaydi davlat tomonidan. Xususiy nashriyotlar 10-20 tasini qilayotgan bo‘lishi mumkin. Katta xalq uchun juda kam bu.

Sanjar Nazar:

— Bir necha yildan beri takrorlab kelinadigan bir javob bor: jamiyat mavqe jihatdan qo‘yiladigan mezonlarni kitob o‘qish bilan belgilasa, kitobxonlik ham shunchalik o‘sib boradi. Ya’ni jamiyatga kitob o‘qigan odam omadli odam degan aksioma singishi kerak.

Hozir aynan bolalar adabiyotida yaxshi, sifatli kitob yozishning o‘zi imkonsiz. Chunki bolalar adabiyoti bolalar uchun iste’moldagi so‘zlar ro‘yxatidan shakllanishi kerak. Turli yoshdagi bolalar uchun tushunarli so‘zlar bankini tuzib chiqishimiz kerak yozuvchilarga tavsiya sifatida. Kitobning 75-80 foizi o‘sha tushunarli so‘zlardan tashkil topishi kerak. Bu narsa ingliz, nemis tillari uchun ishlab chiqilgan. Ilk qo‘yishimiz kerak bo‘lgan qadamlardan biri shu. Ahvolimiz og‘irligi ham shunda. Bu ma’noda biz kasalxonaning jonlantirish bo‘limidamiz.

Eng ko‘p yoqilg‘i sotadigan davlatning yillik daromadi 113 mlrd ekan, Hindiston esa 130 mlrddan oshiqroq mablag‘ga IT mahsuloti sotar ekan. O‘tgan yili va undan oldingi yillarda Hindiston kitob o‘qish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinlarda turadi. Xitoy xuddi shunday. U yerda kitobxonlik shu qadar jiddiy e’tibor ostidaki, davlat tomonidan bevosita nazoratga olingan. Chunki Xitoy mamlakat sifatida, dunyodagi kuch sifatida kelajagi shunga bog‘liq ekanini anglagan. Birinchi ma’muriyat davrida bolalar kitoblari har qanday soliqlardan ozod bo‘lgan. Bizda ham ikkinchi ma’muriyat boshida shu narsa qilindi, lekin yana bekor bo‘ldi. Shu paytda sal ko‘tarildi kitob sohasi.

Gyote institutida olmoniyalik noshirlar bilan suhbatlashdik. Germaniyada mingdan ortiq nashriyot bor, 100 dan ortig‘i faol nashriyotlar, shulardan 70 tasiga yil boshida stipendiya beradi. Har bir nashriyot shu stipendiyaga erishish uchun faol harakat qiladi. Lekin ular ham noshirlar boy bo‘lib ketmaydi, deb aytishdi. Demoqchimanki, imtiyozlar, rag‘batlar judayam kerak bizga. Deylik, bolalar uchun juda yaxshi asar yoza oladiganlar o‘zbek ziyolilari ichida 100 ta bor. Davlat har yili 100 ming adadda eng yaxshi bolalar uchun kitobni chiqarish bo‘yicha tanlov e’lon qilsa, soha o‘z-o‘zidan rivojlanadi. Noshir ham, yozuvchi ham foyda qiladi, qiziqadi keyin shunga. Hozir Sa’dullo Qur’onovning 3 ming adadda chiqqan kitobidan 300 tasi sotilgan, u nashriyotdan yaxshi gonorar ololmaydi bu holatda. Saviya jihatdan juda yaxshi asarlar bor, ularning ham taqdiri shunday.

Sa’dullo Qur’onov:

— Bolalar adabiyotining bu ahvolda ekaniga muhim sabablardan biri ta’limga borib taqaladi. Oxirgi 20-25 yilda ta’limga eng katta zarar keltirgan test tizimi deb o‘ylayman. Nima uchunki, bu tizim faqat xotirani baholaydigan tizim. Bu omil badiiy asarga estetik manba sifatida qarashni yo‘qotdi. Ya’ni biz o‘quvchilardan yozuvchi tarjimai holini, asardagi qahramonlar, joy nomini so‘rayapmiz. Bolaning asarni tushunganlik darajasi baholanmayapti. Hatto buni baholaydigan mezonlarimiz ham yo‘q. Bilimni hayotga tatbiq etishga qaratilganda edi, hozirgi o‘quvchi yodlashdan ko‘ra uqishga harakat qilardi. Va o‘z-o‘zidan jamiyatda yaxshi kitobga ehtiyoj bo‘lar edi. Bola asarga estetik obekt sifatida qaramayapti.

Sanjar aka aytgandek, bolalar adabiyotida yosh kategoriyasi va tili juda muhim narsa. Agar asar tili tushunarli bo‘lsa, bola shuni o‘qiydi. Biz hozir o‘zimiz bilmagan holda 8 yoshli bolaga 15 yoshli bolaning kitobini berib qo‘yayotgandirmiz. Chunki kitobning bola yoshiga mosligini baholaydigan mezonlarimiz yo‘q. Birinchi qilinadigan ish: adabiyotshunoslar, tilshunoslar, psixologlar jamoalarini yig‘ib asar tili masalasini ko‘rib chiqish va shakllantirish kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid